Suriyada Eron bilan bog‘liq yuk mashinalari karvoniga hujum uyushtirildi

Jahon 10:23 / 30.01.2023 7445

29 yanvar, yakshanba kuni Suriyada havo hujumi natijasida Iroqdan kelayotgan oltita yuk mashinasi yo‘q qilindi, deya xabar berdi mintaqadagi harbiy harakatlarni kuzatuvchi, Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari observatoriyasi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Suriya va Iroq chegarasidagi Abu-Kamol shahri yaqinida 25 yuk mashinasidan iborat karvonga uchuvchisiz uchoqlar hujum qilgan. Otishma natijasida kolonna yo‘q qilindi, qurbonlar bor. Hukumat vakiliga ko‘ra, Suriyaning hukumatparast Sham FM radiostansiyasi ham karvon o‘qqa tutilgani, faqat bitta yuk mashinasi shikastlangani haqida xabar berdi. 

Al Arabiya telekanali manbalari suriyalik kuzatuvchilar bilan birgalikda karvondagi mashinalar Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) nazoratidagi va Suriya sharqida joylashgan guruhlar uchun qurol-yarog‘ olib ketayotganini bildirmoqda. Bu mintaqadagi harbiy karvonlarga qilingan birinchi bunday hujum emas – xuddi shunday hodisa 2022 yilning noyabrida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda dronlar, suriyalik kuzatuvchilarga ko‘ra, Eron bilan bog‘liq bo‘linmalar uchun yonilg‘i va qurol-yarog‘ tashayotgan karvonga qarata o‘q uzilgan, o‘qqa tutilgani uchun javobgarlikni hech kim o‘z zimmasiga olmagan. 

Suriyada karvon o‘qqa tutilishidan bir kun oldin Eronning ikki viloyatida portlashlar sodir bo‘ldi - Eronning markaziy qismidagi Isfahon shahrida Mudofaa vazirligi obektiga hujum uyushtirildi, Sharqiy Ozarboyjon viloyatidagi Ozarshahr shahrida motor moyi ishlab chiqaruvchi zavodda portlash sodir bo‘ldi.

Eron rasmiylari Isfahondagi harbiy obektga qilingan hujumni tan oldi - bayonotga ko‘ra, u «muvaffaqiyatsiz» bo‘lgan. Ayni paytda ular Sharqiy Ozarboyjondagi voqea haqida batafsil izoh va hujumda kim gumon qilinayotgani haqida ma’lumot bermagan. Shu bilan birga, The Wall Street Journal Erondagi mudofaa majmuasiga hujum Isroil tomonidan Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan Islom Respublikasining yadroviy va harbiy ambitsiyalarini jilovlash bo‘yicha qo‘shma kampaniya doirasida amalga oshirilganiga e’tibor qaratdi. 

Yanvar oyi oxirida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Uilyam Berns Isroilga e’lon qilinmagan safar bilan keldi. Bundan tashqari, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 30 yanvar kuni Isroilga kelishi kerak – rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u Eron va boshqa mintaqaviy masalalar bo‘yicha AQSh-Isroil muzokaralarini davom ettiradi. 

Erondagi obektlarga hujumlar va kolonnaning o‘qqa tutilishi Isroilda mojaro avj olganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi - 27 va 28 yanvar kunlari Quddusda o‘qotar qurollardan foydalangan holda hujumlar amalga oshirildi, HAMAS harakati buni 26 yanvar kuni Isroil huquq-tartibot idoralari xodimlarining Jyenindagi maxsus operatsiyasiga «tabiiy javob» deb atadi. 

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hujumlardan so‘ng mamlakat terrorizmga qarshi kurash uchun «zudlik bilan bir qator choralar» ko‘rishini aytdi. The Times of Israel nashriga ko‘ra, u, jumladan, terrorchilik hujumlarini qo‘llab-quvvatlovchi terrorchilarning oila a’zolariga nisbatan qattiqroq choralar ko‘rilishi, fuqarolarga qurol litsenziyalarini berishni yengillashtirish kabilarni nazarda tutadi. Shu bilan birga, Netanyaxuning bayonotida Erondagi nishonlarga ehtimoliy hujumlar haqida hech qanday gap yo‘q, ammo Isroil buni inkor etmagan. Shu bilan birga, Entoni Blinken AQShning hujumga aloqasi yo‘qligini aytdi. 

Ko‘proq yangiliklar: