Myunxen xavfsizlik konferensiyasi raisi: Kiyev qiruvchi samolyotlar olishi kerak

Jahon 08:34 / 30.01.2023 8359

Myunxen xavfsizlik konferensiyasi raisi va sobiq kansler Angela Merkelning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha uzoq yillik maslahatchisi Kristof Xoysgen Rossiya agressiyasidan himoyalanish uchun Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berish tarafdori ekanini bildirdi. Xoysgen xuddi shunday fikrni 29 yanvar, yakshanba kuni Germaniyaning ARD jamoat-huquqiy telekanalining Europamagazin dasturi efirida aytdi.

«Menimcha, qiruvchi samolyotlar yetkazib berish Ukrainani hujumlardan yaxshiroq himoya qilish uchun adekvat qadam bo‘ladi», - dedi Xoysgen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap Amerikaning to‘rtinchi avlod F-16 qiruvchi samolyotlari yoki GDRning eski zaxiralaridan Sovet Ittifoqi tomonidan ishlab chiqarilgan jangovar samolyotlar haqida ketishi mumkin.

Xalqaro qonunlarga ko‘ra, xorijiy kuchlarga Ukrainaga qurol-yarog‘, jumladan, jangovar tanklar, shuningdek, jangovar samolyotlar yetkazib berishga ruxsat berilgan, deya qo‘shimcha qildi Kristof Xoysgen.

Myunxen xavfsizlik konferensiyasi rahbari 18 yanvar kuni Reuters agentligiga bergan intervyusida Yevropa tashqi aloqalar kengashining Ukrainaga Leopard 2 tanklarini birgalikda yetkazib berish va ukrainalik harbiylarni ularni boshqarishga o‘rgatish bo‘yicha Yevropa konsorsiumini yaratish taklifini to‘g‘ri deb baholadi.

2022 yil dekabrida DW nashriga bergan intervyusida konferensiya rahbari Germaniya annexia qilingan Qrimni qaytarish bo‘yicha Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi kerakligiga ishonch bildirdi. «Biz ukrainaliklarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, agar Ukraina Qrimni qaytarib ololsa, uni qo‘llab-quvvatlash kerak», — dedi u.

Berlin Bundesver zaxiralaridan Ukrainaga 14 ta Leopard 2 A6 tankini jo‘natmoqchi. Germaniyada jami 328 ta Leopard tanklari mavjud.

Ko‘proq yangiliklar: