AQSh generali qo‘l ostidagilarni 2025 yilda Xitoy bilan urush bo‘lishiga tayyorlanishga chaqirgan

Jahon 10:35 / 30.01.2023 13242

AQSh harbiy-havo kuchlarining havo qo‘shinlarini ko‘chirish bo‘yicha qo‘mondonligi boshlig‘i Mayk Minihan Tayvan tufayli Xitoy bilan urush 2025 yilda boshlanishi mumkinligi haqida aytdi. NBC News nashri xabar qilishicha, bu haqda uning o‘ziga bo‘ysunuvchi zobitlarga yo‘llagan eslatmasida aytilgan.

AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Mayk Minihan bilan. 2012 yil. Foto manbasi: Getty

«Umid qilamanki, men xato qilgan bo‘lib chiqaman. Intuitsiyamga ko‘ra, 2025 yilda urushishga to‘g‘ri keladi», — deyilgan generalning xabarida. Mayk Minihan 2024 yilda AQShda ham, Tayvanda ham prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishi va XXR raisi Si Jinping Tayvanni egallashga harakat qilish uchun bundan foydalanishi mumkinligini qayd etgan.

Qo‘mondon zobitlarga 28 fevralga qadar Xitoyga qarshi jangga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq barcha muhim tadbirlar bo‘yicha hisobot berishga topshiriq bergan. Shuningdek zobitlarga mart oyida «o‘z shaxsiy ishlarini ko‘rib chiqish» va yuridik masalalarni hal qilish buyurilgan.

Havo qo‘shinlarini ko‘chirish bo‘yicha qo‘mondonlik vakili bunday eslatma yuborilganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, generalning buyruqlari «tiyib turish choralari ish bermagan holda bo‘lajak to‘qnashuv»ga tayyorlanish uchun 2022 yilda o‘tkazilgan sa’y-harakatlarga asoslangan.

O‘z navbatida, AQSh mudofaa vazirligi vakili Mayk Minihanning so‘zlari «vazirlikning Xitoyga nisbatan nuqtayi nazarini aks ettirmasligi», Pentagon esa Hind-Tinch okeani mintaqasida «tinchlik, erkinlik va ochiqlik» saqlanib qolishi tarafdori ekanini ma’lum qilgan.

Xitoy Tayvanni o‘zining ajralmas qismi deb biladi, ammo amalda Pekin orolni mamlakatda fuqarolik urushi yakunlanib, XXR tashkil etilgan 1949 yildan buyon nazorat qilmaydi.

2022 yil avgustida Xitoy rasmiylari Pekin Tayvan bilan «tinch  yo‘l orqali birlashish uchun keng maydon yaratishga tayyorligi», orolni kuch bilan egallash ssenariysi esa «faqat boshqa tanlov qolmagan holatda eng oxirgi chora» bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: