2023 yil hisobidan regulyator o‘tkazgan ilk anjumanda anomal sovuqning narxlarga ta’siri, geosiyosiy vaziyat tufayli erishilmagan inflatsiya maqsadi, oltindan daromadlar, Uzsard va Humo bankomatlarining integratsiyasi va Markaziy bankning kriptoaktivlarga munosabati kabi qiziq masalalar haqida so‘z bordi. Kun.uz anjumanda aytilgan muhim gaplarni bir maqolaga jamladi.
Tugayotgan haftada Markaziy bank boshqaruvi yillik asosiy stavkani 15 foiz darajasida o‘zgarishiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Regulyator nega bu qarorga kelgani, inflyatsion xatarlar va kutilmalar hamda rejalar haqida matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Asosiy ma’lumotlar:
- 2023 yil yakunida iqtisodiyotning 4,5–5 foizga o‘sishi va yillik inflatsiya 8,5–9,5 foiz doirasida shakllanishi prognoz qilinmoqda;
- I chorakda YaIM o‘sishining ma’lum darajada sekinlashish ehtimoli yuqori;
- Uzcard va Humo bankomatlari may oyigacha integratsiya qilinishi mumkin. Keyin Humo bankomatlaridan Uzcard kartalari orqali, Uzcard bankomatlaridan Humo kartalari orqali naqd pul yechish mumkin bo‘ladi;
- 2022 yil yakuni bo‘yicha YaIM o‘sishi Markaziy bankning oktyabr oyidagi prognozlariga mos bo‘lib, 5,7 foizni tashkil etdi;
- 2022 yilda pul o‘tkazmalari 2 barobarga o‘sdi. Buning ikki sababi keltirilmoqda: Rossiyadagi dollar va rubl o‘rtasidagi keskin farq tufayli eksportyorlar pul o‘tkazmalaridan foydalangan. Yana bir sabab – Qozog‘iston va Qirg‘izistonda naqd dollarga qo‘yilgan cheklov ortidan qo‘shni davlat fuqarolari O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari orqali dollar olgan;
- Markaziy bank 2024 yilda 5 foizlik inflatsiyaga erishmoqchi.
Matbuot anjumani davomida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov jurnalistlarning savollariga javob berdi.
- Markaziy bank 2022 yilda 8-9 foizlik inflatsiyaga erisha olmadi, 2023 yilda erisha oladimi?
- 2022 yilda 8-9 foizlik inflatsiyani kutgan edik va butun xatti-harakatimiz shunga qaratilgandi. Lekin geosiyosiy o‘zgarishlar nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda inflatsiya yuqori darajada shakllanishiga olib keldi. Yevropada, rivojlangan davlatlarda 2 xonali inflatsiya kuzatildi. Rivojlangan davlatlarda 10 foizdan yuqori darajada shakllandi. Bunaqa sharoitda biz ochildik, o‘zimizda narxni past ushlab turamiz, inflatsiyani pasaytiramiz, degan xatti-harakat qilishimiz noto‘g‘ri. Faqat monetar instrumentlarimiz bilan inflatsiya o‘sishiga ma’lum jihatdan ta’sir ko‘rsatishimiz mumkin.
Raqamlarga qarasak, yil yakuni bo‘yicha [inflatsiya] Qozog‘iztonda 19,6 foizga yaqin shakllandi. Boshqa qo‘shni davlatlar – Qirg‘iziston, Tojikistonda ham ma’lum jihatdan yuqori bo‘ldi. Ushbu sharoitda xohlaymizmi, yo‘qmi inflatsiya bir davlatdan ikkinchi davlatga oqib o‘tadi. Shu sababli biz bu yil 8-9 foizlik inflatsiya darajasiga erisha olmadik.
2023 yildagi 8,5-9,5 foizga erishish uchun ham qattiq pul-kredit siyosatini olib borish kerak bo‘ladi, chunki geosiyosiy xatarlar hali ham saqlanib qolmoqda. Jahon iqtisodiyoti global o‘sishning pasayish prognozi ham bizga ta’sir qiladi. Narxlarni ushlab turish mumkinmi degan masala juda nozik – bu iqtisodiy o‘sishni to‘xtatib qo‘yadi. Maqsadimiz – iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolgan holda maksimal darajada monetar va nomonetar omillar ta’sirini kamaytirib borish va inflatsiyani pasaytirishga erishish.
2024 yilda 5 foizlik inflatsiyaga erishmoqchimiz.
– Anomal sovuq kelgusida narxlar oshishiga ta’sir qiladimi?
– Anomal sovuq uzoq ta’sir qiladigan omil emas. Bizdagi o‘rganishlar yanvar oyidagi narxlarning o‘sishi keyingi oylardan barqarorlashishini ko‘rsatyapti. Markaziy bank o‘zining instrumentlari orqali narxlarga ta’sir qila oladimi, degan masalaga kelsak, bizda anomal sovuq tufayli bevosita narxlarning o‘zgarishiga ta’sir qiladigan dastaklarimiz yo‘q.
– Markaziy bank oltin quymalaridan foyda oladimi?
– Markaziy bankda turgan oltin quymalardan biz daromad olmaymiz. Ayrim operatsiyalarimiz bor: oltinni chetga olib, depozitga qo‘yib daromad olishimiz mumkin. U operatsiyalarni ma’lum davrda amalga oshiramiz. Agar biz oltin narxi ko‘tarilishini kutayotgan bo‘lsak, sotish uchun mo‘ljallangan oltinimizni chetga olib sotishimiz mumkin. Asosiy oltin bo‘yicha daromadlarimizni narx o‘zgarishi hisobidan olamiz. Masalan, biz oltinni har oyda o‘rtacha shakllangan narx bo‘yicha sotib olamiz. Sotib olgan narximizdan yuqori narxda sotishimiz bizga qo‘shimcha daromad beradi. 2022 yilni yakunlaganimiz yo‘q. Oltinni sotish va sotib olishdan 2021 yilda Markaziy bank 300 million dollar ekvivalentida daromad oldi.
- Markaziy bankning kriptoaktivlarga munosabati qanday?
- Markaziy bank kriptoaktivlar masalasiga butun dunyo kabi juda konservativ yondashadi. Biz kriptovalutani qimmat aktiv deb hisoblamaymiz va unga munosabatimiz salbiy.
- Mir kartalarini qabul qilish qachon tiklanadi?
- Mir kartalari tiklanishi yoki tiklanmasligi tijorat banklarining ma’lum xatarlari bilan bog‘liq. Xabaringiz bor, biz buni o‘rganyapmiz. Qozog‘iston Amerika sanksiyalariga tushmaslik uchun to‘xtatib turibdi. Bu masalani tijorat banklari tashlab qo‘ygani yo‘q. Qozog‘istonda ruxsat berildi degan ma’noda xabar eshitdik. Banklar imkon qadar sharoit yaratib berishga harakat qilishyapti. Rossiyadan keladigan turistlar va vaqtincha yashaydigan fuqarolarga sharoit yaratib berishga harakat qilyapmiz.
Ma’lumot uchun, 23 sentabrdan boshlab Uzcard yagona respublika protsessing markazi texnik sabablarga ko‘ra Rossiyaning Mir to‘lov tizimi kartalarini O‘zbekistonda, shu jumladan, kobeyjing kartalarini xorijda qabul qilishni to‘xtatdi.
AQSh Moliya vazirligi Mir to‘lov tizimi bilan ishlagani uchun sanksiyalar qo‘llashga tayyorligini e’lon qilganidan so‘ng, Turkiya, Vetnam, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston kabi ko‘plab mamlakatlarda Rossiya kartalaridan foydalanish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan edi.
– Markaziy bank 2024 yilda 5 foizlik inflatsiyaga erishmoqchi. Ammo tahlilchilar bu imkonsizligini aytmoqda.
– Butun faoliyatimiz 2024 yilning ikkinchi yarmiga borib 5 foizlik inflatsiyaga erishishga qaratilgan. 2021 yilda 8-9 foizlik inflatsiya darajasiga erisha olmaganimizni ham aytdim. Fors-major holatlari, geosiyosiy vaziyatlar bo‘lishi mumkin, ammo bizning asosiy strategiyamiz va o‘rta muddatdagi maqsadimiz – 2024 yilda 5 foizlik inflatsiyaga erishish. Oldindan “ha, aniq shu bo‘ladi” deyish qiyin, chunki bugungi tahlil ertaga to‘g‘ri kelmayapti.