Chexiyadagi saylovlar: Kremlning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan general g‘olib chiqdi

Jahon 12:03 / 29.01.2023 27109
Ijtimoiy so‘rovlar ham ikkinchi tur arafasida Petr Pavel (o‘ngda) Andrey Babish (so‘lda) ustidan g‘alaba qozonishini ko‘rsatayotgandi

Qariyb barcha saylov uchastkalarida ovozlar hisoblab chiqilgandan keyin Pavel 58 foiz ovoz olgan, uning raqibi Babish - 42 foiz atrofida. Saylovda davomat 70 foiz atrofida bo‘lgan.

62 yoshli Pavel Pragada o‘z tarafdorlari qarshisida nutq so‘zladi.

«Men bugun ko‘pchilik o‘z nomzodi g‘olib bo‘lmaganidan xafaligini tushunib turibman. Ammo men yana shuni ko‘ryapmanki, mamlakatimizda ovoz berganlar orasida mag‘lublar va g‘oliblar yo‘q. Men ko‘ryapmanki, bu saylovlarda haqiqat, qadr-qimmat, hurmat va kamtarlik kabi qadriyatlar g‘olib chiqdi. Ishonchim komilki, bu qadriyatlar oramizdagi ko‘pchilikka xos va bu qadriyatlarni kundalik hayot tarzimizning bir qismiga aylantirish va siyosatga qaytishga arziydi», degan u.

Pavel uning tarafdorlari mamlakatning barcha fuqarolarni bu qadriyatlarga qaytishga ishontirishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

Petr Pavel saylovda mustaqil nomzod sifatida ishtirok etdi va amaldagi hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Pavel kampaniya davomida qat’iy g‘arbparast yo‘nalishga amal qildi. Xususan, u urushga barham berish va Ukrainani ko‘proq qo‘llab-quvvatlash tarafdori ekanini bildirdi.

ANO markazchilar siyosiy harakati yetakchisi va parlamentdagi muxolifat rahbari bo‘lgan Babish ham mojaroga barham berish tarafdori, ammo hukumatni Ukraina manfaatlarini Chexiyadan ustun qo‘ygani uchun tanqid qiladi. 

U 9 mart kuni qasamyod qabul qiladi va prezidentlik lavozimida Milosh Zemanning o‘rnini egallaydi, Zeman Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga qadar Moskva bilan aloqalarni kuchaytirishga harakat qilgandi. 2013 yildan buyon prezident bo‘lgan Zemen bu saylovlarda o‘ziga voris sifatida Andre Babishni qo‘llagandi.

Chexiyada prezident lavozimi Yevropadagi boshqa parlamentar respublikalarda bo‘lgani kabi - asosan tantanavor figura hisoblanib, siyosatga faqat bilvosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bilan birga, aynan u bosh vazir va markaziy bank a’zolarini tayinlaydi va Konstitutsiyaviy sudga sudyalarni taklif qiladi. Uning bayonotlari mamlakatning xorijdagi imijiga ta’sir ko‘rsatadi, Zeman bilan shunday bo‘lgandi, Rossiya Ukrainada boshlagan urushdan oldingi davrda u bir necha bor Kremlni maqtagan bayonotlari bilan jamoatchilikni hayron qilgandi.

Mamlakat siyosati, jumladan tashqi siyosatni avvalgi kabi o‘ng markazchi Petr Fiala hukumati belgilashda davom etadi, bu hukumat davrida Chexiya ko‘p miqdorda ukrain qochqinlarini qabul qildi va Ukrainaga faollik bilan harbiy yordam ko‘rsatdi.

Ikki hafta muqaddam o‘tkazilgan birinchi turda Pavel Babishni juda kichik farq bilan ortda qoldira olgandi: ularning ikkisi ham qariyb 2 milliondan ovoz to‘plagan va oradagi farq 23 ming ovozni tashkil etgandi. Ammo birinchi turdan keyin poygadan chiqqan uch nomzod Pavelni qo‘lladi, jumladan uchinchi o‘rinni egallagan Danushe Nerudova ham.

Yevrogeneral

Petr Pavel prezidentlik saylovlarining dastlabki natijalari e’lon qilingandan keyingi matbuot anjumanida, 28 yanvar
Lukas Kabon / Anadol​u Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Chexiya armiyasi bosh shtabining sobiq boshlig‘i, NATO Harbiy qo‘mitasining sobiq raisi, iste’fodagi general Petr Pavel - liberal va mutlaqo yevropaparast siyosatchi bo‘lib, hamisha Chexiyaning NATO va Yevroittifoqqa a’zoligi zarur, muqarrar va foydali deb hisoblagan.

Pavel rus tilini biladi, faoliyatini Varshava kelishuvi davridayoq boshlagan, 2015-2018 yillarda NATO harbiy qo‘mitasi rahbari bo‘lganida Rossiya bilan muzokaralarda ishtirok etgan va unda Rossiya masalasida aniq skeptik qarash shakllangan.

«Rossiyada yaqin kelajakda hech qanday demokratik inqilob ro‘y bermaydi. Nafaqat rejimning mustahkamligi, balki ko‘plab rossiyaliklar mentaliteti tufayli ham. Rossiyada haqiqiy muxolif harakat yuzaga kelishi uchun kenglik yo‘q. Hatto Aleksey Navalniy ham chinakam muxolif yetakchi emas. U liberal demokrat emas, shunchaki rus millatchilarining boshqa turiga mansub. Lekin, albatta, hozirgi rahbariyatdan ko‘ra u bilan muzokaralar o‘tkazgan durustroq bo‘lardi», degandi u o‘tgan yil oktyabrida Politico nashri bilan intervyuda.

General Pavel safarbarlikdan qochgan rossiyaliklarga ham skeptik yondashadi va ularga xavotir bilan qaraydi. «Safarbarlikni rad etish - rejimga qarshi isyon ham, Ukrainaga yordam berish ham emas. Bu ruslar baribir Ukrainani jazolash kerak deb hisoblashadi, shunchaki bunga keng jamoatchilikni jalb etish kerak emas deb bilishadi. Mamlakatdan qochayotgan bu yosh yigitlar faqat o‘z jonidan xavotirda, bu ular urushga qarshi ekanini anglatmaydi. Ishonchim komilki, ularning aksari hali ham Putinning millatchilik siyosatini qo‘llashadi», degan u Politico uchun intervyusida.

Shu tufayli, yangi saylangan prezidentning so‘zlariga ko‘ra, agar mamlakatga safarbarlikdan qochayotgan minglab rossiyaliklar kiritilsa, bu mamlakatning o‘zi uchun xavf soladi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini boshlangach, Chexiya Yevroittifoq va Shengen hududidagi boshqa mamlakatlar qatori rossiyaliklarga qisqa muddatli «turistik» vizalar berishni to‘xtatgan.

Ko‘proq yangiliklar: