Filippinda piyoz rekord darajada qimmatladi 

Jahon 22:08 / 28.01.2023 16577

Filippin qishloq xo‘jaligi departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda qizil piyozning narxi bir kilogramm uchun 650 pesoga (taxminan 133 ming so‘m) yetgan. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, bu uni dunyodagi eng qimmat piyozga aylantiradi. Shu bilan birga, hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Filippinda rekord darajadagi piyoz hosili olingan. 

650 peso bo‘lgan piyoz tovuq go‘shtidan uch barobar, mol go‘shtidan esa chorak baravar qimmat turadi. 

2022 yilda Filippinda 238 ming tonna piyoz yig‘ib olindi, ichki bozor talabi esa oyiga 20 ming tonnaga yaqin. Yanvar oyida Filippin prezidenti kenja Ferdinand Markos Qishloq xo‘jaligi departamentiga piyozni import qilishga ruxsat berishni buyurdi. 

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan ko‘plab mamlakatlarda kuzatilgani kabi Filippinda ham oziq-ovqat, yoqilg‘i va o‘g‘itning narxi osmonga chiqib ketdi. Narxlar shu daraja oshdi-ki, hatto Philippine Air aviakompaniyasining bir necha styuardessasi Yaqin Sharq mamlakatlaridan oziq-ovqat olib kelayotganida ushlandi. 

Hukumat narxlarning ko‘tarilib ketishida «xasis savdogarlarni» ayblamoqda. Ular pishiqchilik davrida mahsulotlarni arzon narxda sotib olib, sun’iy tanqislikni yuzaga keltirib, narxlarning ko‘tarilishga sababchi sifatida ko‘rilyapti. Prezident Markos vaziyatni «favqulodda holat» deb nomlagan. 

Avvalroq O‘zbekistonda ham piyoz narxi oshib borayotgani, shundan so‘ng uning eksporti vaqtincha cheklangani haqida xabar berildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi talabni qondirish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha 37,5 ming tonna piyozni 1 aprelga qadar ichki bozorlarga kiritish chora-tadbirlari belgilanganini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: