Ispaniyada ukrainalik diplomatlarga bombali xat yuborgan shaxs ushlandi

Jahon 01:03 / 26.01.2023 12042

Ispaniya politsiyasi 25 yanvar kuni 74 yoshli nafaqaxo‘rni hibsga oldi. U noyabr oyi oxiri va dekabr oyi boshida portlovchi moslama solingan 6 ta xatni bir necha manzillarga, jumladan Ukraina elchixonasi va bosh vazir Pedro Sanches nomiga jo‘natganlikda gumon qilinmoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olingan shaxs Ispaniya fuqarosi bo‘lib, 2013 yilda nafaqaga chiqqunga qadar Vitoriya shahri ma’muriyatida amaldor bo‘lib ishlagan. U texnika va kompyuterda ishlash ko‘nikmalariga ega, deb yozdi El Pais.

Politsiyaning ta’kidlashicha, hozircha hamma narsa uning yolg‘iz o‘zi harakat qilganini va biror bir guruh bilan aloqador emasligini ko‘rsatmoqda. Ammo jarayonda boshqa shaxslarning ishtiroki yoki ta’siri istisno qilinmayapti.

Politsiya uning Burgos shahridagi uyini tintuv qilgan, u yerda gumonlanuvchi yolg‘iz yashagan va «portlovchi moslamalarni tayyorlagan».

Maktublar Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesga, Mudofaa vaziri Margarita Roblesga, Ukraina elchisi Sergey Pogorelsev va AQSh elchisi Julissa Reynosoga, Ispaniya harbiy yordam doirasida Ukrainaga yuborgan S-90 granatauloqtiruvchi qurolini ishlab chiqaruvchi Instalaza qurolsozlik kompaniyasi direktoriga va Madriddagi Torrexon de Ardoz aviabazasida joylashgan sun’iy yo‘ldosh markazi mas’ul shaxsiga jo‘natilgan edi.

Xatlarning birortasida tahdidli yozuvlar bo‘lmagan, ammo yuborilgan manzillardan kelib chiqib, Ispaniya tomonidan urushda Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlanishi bilan bog‘langan edi.

6 ta maktubdani faqat bittasi portlagan - 30 noyabr kuni Ukrainaning Ispaniyadagi elchixonasi xodimi maktubni ko‘zdan kechirish chog‘ida portlash yuz berib, jarohat olgan edi. Boshqa maktublar o‘z vaqtida aniqlanib zararsizlantirildi.

El Pais xabariga ko‘ra, politsiyaga gumondorni aniqlashda konvert yordam bergan. Xodimlar konvert sotiladigan do‘konlarni videokuzatuv kameralari orqali tekshirib, gumondorni aniqlashga muvaffaq bo‘lishgan.

Endi gumondorga terrorizm moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilinishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: