Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi korrupsiya bo‘yicha tergovni olqishladi

Jahon 13:35 / 25.01.2023 4072

Yevropa komissiyasi Ukrainada o‘tgan hafta hokimiyatda sodir bo‘lgan va boshqa narsalar qatori jurnalistik tekshiruvlar sabab bo‘lgan korrupsiya mojarolari tergovini olqishlaydi. Mojarolarning ayrim ishtirokchilari allaqachon gumondor sifatida ko‘rilmoqda.

«Biz davom etayotgan jinoiy tergovlarga izoh bermaymiz, biroq Ukraina rasmiylari bu masalalarga jiddiy yondashayotganini olqishlaymiz», dedi Yevrokomissiya matbuot kotibi Ana Pisonero 24 yanvar kuni Bryusseldagi brifingda. Uning ta’kidlashicha, Kiyevdan korrupsiyaga qarshi kurash institutlarini mustahkamlash uchun keyingi harakatlar va choralar talab qilinadi. Yevrokomissiya Ukrainaning korrupsiyaga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatini 2023 yilning kuzida Yevropa Ittifoqini kengaytirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar paketi doirasida baholaydi, dedi Pisonero.

Ukraina, xususan, faol va samarali tergovlar, shuningdek, sudlov va sud hukmlarining ishonchli natijalari orqali korrupsiyaga qarshi kurashni yuqori darajada kuchaytirishi kutilmoqda. «Korrupsiyaga qarshi kurash chora-tadbirlari, albatta, YeIga kirish jarayonining asosiy jihati, shuningdek, Yevropa Ittifoqining makromoliyaviy yordamini davom ettirish uchun siyosiy shartlarning bir qismidir», — dedi Yevropa Komissiyasi vakili.

Yevropa Ittifoqi o‘z hamkorlari bilan ko‘p yillar davomida Ukrainani aynan qonun ustuvorligini mustahkamlash va korrupsiyaga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlab keldi, deya ta’kidlaydi Bryussel. Yevropa Ittifoqi mablag‘lar tegishli joyga yetib borishini ta’minlash uchun turli vositalar va mexanizmlarga ega, deydi Pisonero. «Biz Ukraina rasmiylari bilan yaqindan muloqotdamiz va ular hisobot berishlari kerak, toki mablag‘ qo‘shganlar ushbu mablag‘lar o‘z maqsadlari bo‘yicha ishlatilishiga kafolat olishi lozim», - deya javob berdi u DW’ning savoliga.

Yevropa komissiyasiga ko‘ra, Ukraina so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan. «Yevropa Ittifoqining qo‘llab-quvvatlashi tufayli korrupsiyaga qarshi tuzilmalar yaratildi. Albatta, hozir biz javobgarlik va bu tuzilmalarga ajratilgan resurslarni kuchaytirish haqida gapiryapmiz», deb ta’kidladi Bryussel. 

Yevropa komissiyasi bir tomondan monitoringni davom ettirishga, ikkinchi tomondan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga va’da bermoqda. «Keling, kontekstni unutmaylik: Ukraina shafqatsiz bosqinchilik urushi holatida turibdi, u bu yerda hech birimiz tasavvur qila olmaydigan muammolarni hal qilishi kerak. Biz bu mamlakatning YeIga kirish yo‘lidagi taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashga qat’iy sodiqmiz», - deya Yevropa komissiyasi vakili brifingda xulosa qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: