Yetti oylik istilodan keyingi Severodonetsk va yarim yildan buyon qamal holatidagi Baxmut. Urush suratlari

Jahon 17:09 / 25.01.2023 20987

Ukrainada urushning 335-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar: 

  • Germaniya Ukrainaga Leopard 2 tanklarining kamida bitta rotasini (14 dona) yuborishga rozi bo‘lgan. Bundan oldin Polsha GFRga Leopard tanklarini Ukrainaga jo‘natishga ruxsat berishini so‘rab rasman murojaat qilgandi.
  • The Wall Street Journal va boshqa qator nashrlarning yozishicha, tanklar jo‘natilishi haqida shu haftada AQSh ham e’lon qilishi kutilmoqda. Politico ma’lumotiga ko‘ra, gap taxminan 30 ta tank haqida ketishi mumkin.
  • Ukraina huquq-tartibot organlari 52-og‘ir bombardimonchi aviatsiya polki komandiri, polkovnik Oleg Timoshinga Dniprodagi turar joylarga raketa zarbasi yo‘llanishiga aloqadorlik bo‘yicha ayblov e’lon qildi.
  • Rossiyaninng Belgorod oblasti gubernatori Gladkovning ma’lum qilishicha, urush boshidan buyon oblast hududi o‘qqa tutilishi oqibatida tinch aholi vakillarining 25 nafari halok bo‘lib, yana 96 nafari yaralangan.
  • 18 yanvar kuni Kiyev oblastidagi Brovari shahrida vertolyot qulashiga, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uchuvchining xatosi sabab bo‘lgan, u juda pastlab uchgan va Belarus tomondan raketa zarbasi kelishi xavfi tufayli marshrutni o‘zgartirgan. Aviahalokat oqibatida 14 kishi, jumladan Ukraina ichki ishlar vaziri Denis Monastirskiy va bir bola halok bo‘lgandi.

Severodonetsk yetti oylik okkupatsiyadan keyin

Severodonetsk Luhanskdan taxminan 90 kilometr masofada joylashgan. 2014 yilda, Luhansk ayirmachilar tomonidan egallanganidan keyin Severodonetsk Luhansk oblastining Ukraina nazoratidagi qismining vaqtinchalik ma’muriy markaziga aylangandi.

Severodonetsk va uning atrofidagi hududlar o‘qqa tutilishi martning ilk kunlarida boshlangan va 25 iyunga qadar tinmagan, o‘shanda shahar to‘lig‘icha Rossiya nazoratiga o‘tgandi. Bugungi kunga kelib shahardagi turar joy binolarining 90 foizi zarbalardan shikastlangan, issiqlik ta’minoti yo‘q, tok deyarli yonmaydi va kanalizatsiya ishlamaydi. Shunga qaramay, keng ko‘lamli bosqinga qadar 100 mingdan ortiq kishi yashagan Severodonetskda, Luhansk oblasti Severodonetsk shahri harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari Oleksandr Stryukning ma’lumotiga ko‘ra, hozir ham sakkiz ming kishi yashamoqda. Quyida yetti oydan buyon Rossiya okkupatsiyasida yashayotgan shaharning bugungi manzaralari.

AFP / Scanpix / LETA
AFP / Scanpix / LETA
AFP / Scanpix / LETA
AFP / Scanpix / LETA

Donetskning okkupatsiya ostidagi qismi o‘qqa tutilishi

«DXR»ning Kreml tomonidan tayinlangan ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, 24 yanvar kuni Ukraina qurolli kuchlari Donetsk oblastining Rossiya nazorati ostidagi hududlarini 18 bor o‘qqa tutgan. Zarbalar Donetsk, Horlivka, Yasinuvata va regiondagi boshqa shahar va qishloqlarga kelgan. Qurbonlar haqida xabar berilmagan.

Donetsk oblastidan 25 kilometr shimolda joylashgan va okkupatsiya ostida bo‘lgan Yasinuvata shahri tunda o‘qqa tutilishi vaqtida shikastlangan turar joy binosi oldidagi gaz quvurini tuzatayotgan payvandchi
Nikolay Trishin / TASS
Yasinuvatadagi turar joylardan birining zarbalar vaqtida sinib ketgan derazasi
Nikolay Trishin / TASS
RF nazoratidagi Ilovaysk shahrida temiryo‘l stansiyasi o‘qqa tutilishi oqibatlari — shahar Donetskdan taxminan 40 kilometr shimoli-sharqda joylashgan
Ivan Noyabrev / TASS

Baxmutdagi vaziyat

Rossiya qo‘shini Donetsk oblastining Baxmut shahriga yurish qilishda davom etmoqda. Bu yo‘nalishda harakatlanayotgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi kuchlari katta yo‘qotishlarga qaramay, hamon Ukraina qurolli kuchlari uchun xavf solmoqda. Bu haqda Ukraina harbiy razvedkasi hisobotida aytilgan, uni 24 yanvar kuni CNN nashri e’lon qilgan. Nashrning yozishicha, G‘arbdagi ittifoqchilar Ukrainani asosiy kuchlarni Baxmut mudofaasidan mamlakatning janubiy oblastlarida hujum boshlash uchun o‘tkazishga chaqirmoqda.

Ammo, CNN manbalari so‘zlariga ko‘ra, Volodimir Zelenskiy Baxmutni ushlab turish Ukraina qurolli kuchlarida butun Donbassni qaytarish uchun ko‘proq imkoniyat qoldiradi deb hisoblamoqda. Shuningdek, Ukraina prezidenti hisoblashicha, Baxmutni egallash rossiyaliklarga strategik muhim shaharlar — Slovyansk va Kramatorsk tomon yo‘l ochadi.

Rossiyaliklar pozitsiyalari tomon 2S7 «Pion» o‘ziyurar zambaragidan o‘t ochishga hozirlanayotgan ukrain harbiylari
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrainlarning 2S7 «Pion» rusumli o‘ziyurar zambaragidan o‘t ochilishi
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Gumanitar yordam uchun navbatda turgan baxmutliklar. Vaziyat haddan tashqari og‘irligiga qaramay, shaharda minglab kishilar qolmoqda
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Baxmutda yashovchi 75 yoshli Anatoliy gumanitar yordam uchun navbatda
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Dafn marosimlari xizmati xodimi Baxmutdagi yangi qabrga xoch o‘rnatmoqda
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Ko‘proq yangiliklar: