YeK noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish bo‘yicha yangi rejani e’lon qildi

Jahon 13:33 / 25.01.2023 7096

Yevropa komissiyasi 24 yanvar, seshanba kuni e’lon qilingan deportatsiya bo‘yicha yangi strategiya bilan Yevropa Ittifoqida o‘sib borayotgan noqonuniy muhojirlarga qarshi kurashmoqchi. «Xalqaro himoyaga muhtoj bo‘lmaganlar o‘z vatanlariga qaytishlari kerak», dedi Yevropa Ittifoqining ichki ishlar bo‘yicha komissari Ilva Yoxansson Bryusselda. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda Yevropa Ittifoqiga 300 mingdan ortiq noqonuniy migrantlar kelgan. Ularning aksariyati boshpana olish huquqiga ega emas. 

Yevropa Ittifoqi bir necha yillardan beri repatriatsiya darajasini oshirishga muvaffaqiyatsiz urinib kelyapti. Biroq, chiqarib yuborilgan va repatriatsiya qilingan muhojirlar ulushi kamayib bormoqda: agar 2019 yilda Yevropa Ittifoqini tark etishi kerak bo‘lganlar umumiy sonidan 29 foizi chiqib ketgan bo‘lsa, 2021 yilda – atigi 21 foiz. 

Deportatsiyaning yangi strategiyasi «xavfsiz va noqonuniy migratsiyani kamaytirishga yordam beradigan to‘xtatuvchi vosita bo‘lib xizmat qilishi kerak», deyiladi Yevropa komissiyasi bayonotida. Strategiya Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar o‘rtasida yaqin hamkorlikni, ma’lumotlar almashinuvini va qarorlar qabul qilish jarayonlarini tezlashtirishni nazarda tutadi. 

Bundan tashqari, Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqi hamkorlik o‘rnatgan va buning uchun «hech qanday siyosiy to‘siqlar» bo‘lmagan mamlakatlarga migrantlarning qaytishi sonini oshirishni kutmoqda. 

2022 yilda Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida boshpana so‘rab murojaat qilganlar soni bo‘yicha Germaniya yetakchilik qildi. Shu bilan birga, murojaatlar soni 2021 yilga nisbatan 57 foizga oshgan. Murojaat qilganlarning aksariyati Suriya, Afg‘oniston, Turkiya, Iroq va Gruziya fuqarolaridir. 

Germaniyadan keyin Fransiya, Ispaniya, Avstriya va Italiya boryapti. O‘tgan yili Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida eng kam boshpana so‘ralgan mamlakatlar orasida Latviya, Slovakiya va Vengriya bor.

 

Ko‘proq yangiliklar: