Ukrainada amaldorlar yoppasiga ishdan bo‘shatildi: bu korrupsiyaga qarshi salb yurishimi yoki Zelenskiyning siyosiy ishorasi?

Jahon 15:23 / 25.01.2023 24143

So‘nggi kunlarda Ukraina boshqaruv tuzilmalarida qator shov-shuvli iste’folar ro‘y berdi: prezident ofisida, bosh prokuraturada, vazirliklarda va regionlar rahbarlari orasida. Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Kirilo Timoshenko, mudofaa vaziri o‘rinbosari Vyacheslav Shapovalov, bosh prokuror o‘rinbosari Oleksiy Simonenko, ijtimoiy siyosat vaziri o‘rinbosari Vitaliy Muzichenko, Obshchinalar, hududlar va infratuzilmalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosarlari Ivan Lukerya va Vyacheslav Negoda, shuningdek bir necha oblastlar rahbarlari - Dnipropetrovsk oblasti rahbari Valentin Reznichenko, Zaporijjya oblasti rahbari Oleksandr Starux, Kiyev oblasti rahbari Oleksiy Kuleba, Sumi oblasti rahbari Dmitro Jivitskiy va Xerson oblasti rahbari Yaroslav Yanushevich o‘z lavozimlarini tark etishdi.

Iste’folarning rasmiy sabablari ma’lum qilinmagan.

Ukraina nashrlari ushbu amaldorlar korrupsiya mojarolari ortidan ishdan ketgani haqida yozishgan. Xususan, Ukraina qurolli kuchlari ta’minotiga mas’ul bo‘lgan Vyacheslav Shapovalov iste’fosiga «Zerkalo nedeli» nashri surishtiruvi sabab bo‘ldi. Unda ukrain harbiylari uchun oziq-ovqat mahsulotlari yuqori narxlarda xarid qilingani aytilgandi.

Oleksiy Simonenkoning iste’fosini mulozim ta’til uchun xorijga chiqqani bilan bog‘lashmoqda. «Ukrainskaya pravda» xabariga ko‘ra, 2022 yil oxirida bosh prokuror o‘rinbosari 10 kun muddatga mamlakatdan tashqariga chiqqan, jumladan Ispaniyaning Marbelya oroliga tashrif buyurgan. U va rafiqasi ta’tilga lvivlik tadbirkor va deputat Grigoriy Kozlovskiyga tegishli «Mersedes»da yo‘l olgan, ularga biznesmenning qo‘riqchisi hamrohlik qilgan.

Ivan Lukerya va Vyacheslav Negoda infratuzilmalar vazirining boshqa bir o‘rinbosari Vasiliy Lozinskiy generatorlar xaridida yirik miqdorda pora olishda ayblanishi va qo‘lga olinishi ortidan iste’foga chiqishdi.

Timoshenkoni esa so‘nggi vaqtlarda Ukrainaga gumanitar missiyalar uchun berilgan yo‘ltanlamasda qilgan safarlari uchun tanqid qilishgandi. U avtomobildan xizmat maqsadlarida foydalanganini aytgan. Yakunda Timoshenko mashinadan foydalanishni to‘xtatib, uni front yaqinidagi hududlarga jo‘natishni so‘ragandi.

Bundan tashqari, 2022 yil oxirida OAV Timoshenko mamlakatdagi harbiy holat vaqtida biznesmen Vemir Davityanga tegishli bo‘lgan 100 ming dollarlik Porsche Taycan avtomobilida yurgani haqida yozgandi.

Iste’foga chiqarilgan besh region rahbarlaridan to‘rt nafari Timoshenkoning iste’fosi bilan bog‘langan. Bundan tashqari, Dnipropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Valentin Reznichenko — jurnalistlar surishtiruvidan keyin ochilgan jinoiy ish figurantidir, unga ko‘ra, amaldorning yaqin do‘stiga tegishli kompaniyaga hududdagi yo‘llarni ta’mirlash va ekspluatatsiya qilish uchun yarim milliard grivna ajratilgan.

Kiyev oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleksiy Kuleba esa prezident ofisida Timoshenkoning o‘rniga tayinlandi.

Ukraina hukumati korrupsiya mojarolariga ishdan olish va «qamoq» bilan reaksiya qilinishiga va’da berdi

Urushning 333-kuni yakunlari bo‘yicha videomurojaatida prezident Volodimir Zelenskiy Ukraina hukumati vazirliklar va regionlar darajasadagi korrupsiya mojarolariga javoban tegishlicha «adolatli» qarorlar chiqarishini ma’lum qildi.

Keyingi kuni esa u turli darajadagi mansabdor shaxslar ishdan olinishi haqida anons qildi. 

«Albatta, hozirda asosiy e’tibor mudofaa masalalari, tashqi siyosat va urushga qaratilgan. Ammo bu men jamiyatda nima deyishayotganini – markaziy darajada ham, regionlar darajasida ham - ko‘rmayotganim va eshitmayotganimni anglatmaydi. Bu hafta tegishli qarorlar vaqti bo‘ladi. Bu qarorlar allaqachon tayyorlab qo‘yilgan. Ularni anons qilishni istamasdim, lekin hammasi adolatli bo‘ladi», – dedi Zelenskiy.

Bundan tashqari, Zelenskiy amaldorlarga urush vaqtida  «davlat ishidan tashqari maqsadlar» bilan xorijga chiqishni taqiqladi. «Hozir dam olishni istasangiz – davlat xizmatidan tashqarida dam olish mumkin. Endi mansabdor shaxslar xorijga dam olish yoki boshqa nodavlat maqsadlarda chiqa olmaydi. Besh kun ichida Vazirlar Mahkamasi mansabdor shaxslarning chegaradan o‘tishiga oid shunday tartibini ishlab chiqishi kerak, shunda chegaradan o‘tishga faqat haqiqiy xizmat safari asos bo‘la oladi», – deya qo‘shimcha qildi u.

Oliy radada «Sluga naroda» fraksiyasi rahbari bo‘lgan David Araxamiya korrupsiya mojarolariga munosabat bildirib, amaldorlarga «qamoq» bilan tahdid qilgan. «Oldindagi bahorda biz faollik bilan qamashimiz mumkin. Bunda odamgarchilik bo‘lmaydi — harbiy davr qonunlari ishlaydi. „Vaqti emas“ qonuni endi ishlamaydi. Ayrimlar aqlini yo‘qotib qo‘yib, qo‘rqmasdan va vijdoni qiynalmasdan talonchilik qilmoqda», – degan u.

Ukraina adliya vaziri Denis Malyuska feysbukdagi sahifasida tergov izolyatorlarida pulli kameralar borligini eslatgan va postga to‘lov havolasini ilova qilgan.

BBC muxbiri Svyatoslav Xomenko:

Mudofaa vazirligi ta’minoti bo‘yicha ayblov ham Ukraina jamoatchiligida, xususan, armiyada ham katta rezonans keltirib chiqardi, qolaversa, nafaqat Ukraina armiyasi, balki butun mamlakat budjetini ta’minlashda katta hissa qo‘shayotgan Kiyevning G‘arbdagi hamkorlarida savollar tug‘ilganini taxmin qilish mumkin. Shu tufayli, prezident Zelenskiy qarshi hujumga o‘tishi tabiiy edi.

Hech bo‘lmaganda, so‘zlarda.

Umuman olganda, Volodimir Zelenskiyni avvaldan korrupsiya muammosiga yetarlicha e’tibor bermaslikda ayblashgan. Uning oylar mobaynidagi chiqishlaridan shunday xulosaga kelish mumkinki, hozirda asosiysi - frontda g‘olib bo‘lish, mamlakatning korrupsiya kabi ichki muammolari bilan shug‘ullanishning mavridi emas.

O‘tgan yil may oyida talabalar bilan uchrashuvda prezident bu mavzuda shunday izoh bergandi: «Ayrim narsalar bor - ular ortiqcha. Xuddiki oyog‘i uzilib ketgan bolaga qandaydir mayda narsalar haqida gapirishdek».

Noyabr oyida, Bloomberg tomonidan tashkillashtirilgan iqtisodiy forumda esa u mubolag‘a qilishgacha bordi: «[Ukrainada] hozir korrupsiya yo‘q, chunki biz yakdilmiz. Korrupsionerlarning ko‘pchiligi o‘z pullarini olib jo‘nab qolishgan va biz ular o‘z borgan joylarida qolishi uchun barcha ishni qilamiz».

Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi faollar, surishtiruvchi jurnalistlar va G‘arb elchixonalari vakillari bu so‘zlardan «bosh changallab qolishgandi». Endi vaziyat o‘zgardi va korrupsiya muammosi baribir Zelenskiyning boshiga keldi. Va «boshlar ucha boshladi».

Seshanba kunining o‘zida to‘rt nafar vazir o‘rinbosari, besh nafar gubernator, bosh prokuror o‘rinbosari va prezident ofisi rahbarining mintaqaviy siyosat va infratuzilma loyihalari uchun javobgar bo‘lgan o‘rinbosari - o‘z vaqtida Zelenskiyning yaqin safdoshi bo‘lgan Kirilo Timoshenko ishdan ketdi.

Bir tomondan, bu katta taassurot uyg‘otadi. Boshqa tomondan, hushyorlik bilan qaraydigan bo‘lsak, amalda ikkinchi va uchinchi bo‘g‘indagi siyosiy figuralar iste’foga chiqdi. Bundan tashqari, bu iste’folarning barchasi ham Zelenskiy e’lon qilgan korrupsiya va vakolatlarni suiiste’mol qilishga qarshi salb yurishi bilan bog‘liq ekani ma’lum emas.

Xususan, politolog Vladimir Fesenko aytishicha, bu kadr o‘zgarishlarining bir qismi oldindan tayyorlangandi va hozirda shunchaki ularning barchasi bir paket doirasida amalga oshirildi.

Qolaversa, Ukrainada azaldan xato qilib qo‘ygan amaldorlarni katta shov-shuv bilan ishdan bo‘shatish va bu bilan unga qarshi jinoiy ta’qibni imi-jimida to‘xtatish an’anaga aylangan.

Bu safar ham shunday bo‘lmadimi?

Ishdan bo‘shatishlar tufayli yuzaga kelgan savollarga yaqin vaqtlar ichida javob olinishi tayin. Bu javoblarni prezidentning yangi chiqishlari, iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi yangi farmonlar va huquq-tartibot organlari faoliyati bo‘yicha hisobotlar orasidan qidirish kerak bo‘ladi.

Shuningdek g‘arblik hamkorlar tomonidan Kiyevga ko‘rsatiladigan yordam miqdorlarida ham bu aks etishi mumkin: axir beriladigan yordamni o‘g‘irlamoqchi bo‘lganlar qatori saf tortgan mamlakatga pul ajratishni istaydiganlar soni ko‘p bo‘lmasligi aniq.

Ko‘proq yangiliklar: