Ukraina «eng yaxshi» tanklarni oladi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Jahon 21:02 / 25.01.2023 50902

Germaniya hukumati matbuot kotibi Shteffen Xebeshtrayt Ukrainaga Leopard 2 tanklari jo‘natilishi va boshqa davlatlarga ham bu tanklarni yuborishga ruxsat berilishini ma’lum qildi. Bu boradagi mish-mishlar so‘nggi kunlarda kuchayib ketgandi va nihoyat 25 yanvar kuni bu qaror rasman e’lon qilindi.

Shu paytga qadar Germaniya o‘zining asosiy jangovar tanklarini Ukrainaga yuborishdan o‘zini tiyib kelayotgan va boshqa davlatlarga ham ularni yetkazib berishga ruxsat bermayotgandi. Bu esa Kiyevda ham, Ukrainaning G‘arbdagi boshqa ittifoqchilari orasida ham keskin norozilik uyg‘otgandi.

Xebeshtraytning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya tez orada Ukraina uchun ikkita tank batalonini tuzadi va birinchi bosqichda o‘z zaxiralaridan 14 ta Leopard tankini Kiyevga yuboradi.

Yaqin fursatda Ukraina qo‘shinlarini Germaniyada o‘qitish boshlanadi. Bundesver, shuningdek, Kiyevni logistika, texnik jihozlar va o‘q-dorilar bilan ham ta’minlaydi, deyiladi bayonotda.

«Ushbu qaror Ukrainani qo‘limizdan kelgancha qo‘llab-quvvatlash haqidagi yo‘nalishimizga mos keladi. Biz xalqaro darajada yaqin hamkorlikda harakat qilmoqdamiz», degan Olaf Shols Bundestagda so‘zlagan nutqida.

Deputatlardan birining Germaniyaning pozitsiyasi nima uchun o‘zgargani va nima uchun tanklarni yuborish endilikda provokatsiya sifatida qabul qilinmasligi haqidagi savoliga kansler shunday javob berdi: «Yolg‘iz harakat qilish qo‘pol xato bo‘lgan bo‘lardi, biz hamkorlarimiz va ittifoqchilarimiz bilan birga harakat qilishimiz lozim. ‘Provokatsiyaʼ so‘zini men hech qachon ishlatmaganman. Provokatsiya — bu Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan tajovuzkor urushdir».

«Germaniyaning asosiy jangovar tanklari, mudofaani qo‘llab-quvvatlash va o‘quv missiyalarini yanada kengaytirish, hamkorlarga bunday qurollarni yetkazib berish uchun yashil chiroqdir. Men bu muhim va o‘z vaqtida qabul qilingan qaror haqida hozirgina Olaf Shols bilan suhbatda xabar topdim», deya yozadi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

U shuningdek «kansler va barcha do‘stlarga samimiy minnatdorchilik bildirgan».

Berlinning roziligi nemis tanklarini nafaqat Germaniyadan, balki bunday tanklarga ega bo‘lgan boshqa mamlakatlardan ham yetkazib berish imkoniyatini ochadi. Bundan tashqari, Kiyevdagilarning fikricha, bu anchadan beri Ukrainaga zamonaviy hujum qurollarini berishga ikkilanib kelayotgan davlatlar uchun o‘ziga xos psixologik to‘siqni olib tashlaydi. Bunga qadar Ukrainaga og‘ir tanklar yetkazib berilishini e’lon qilgan yagona davlat Buyuk Britaniya edi.

Ukraina uchun Leopard’lar

Spiegel nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Bundesverda turli modeldagi 212 ta Leopard tanklari mavjud. 2022 yil yoz fasli boshidagi holatga ko‘ra, yana yuzga yaqin tanklar ta’mirlash jarayonida bo‘lgan.

Leopard yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar bir necha oydan buyon davom etayotgandi. Foto: Getty Images

Hisob-kitoblarga ko‘ra, butun dunyoda ikki mingdan ortiq turli modifikatsiyadagi Leopard tanklari mavjud. Ukraina prezidenti esa ularning 300 taga yaqini Rossiyaning mag‘lubiyatini ta’minlashga yordam berishini aytdi.

Ukraina armiyasiga nemis tanklarini yetkazib berish masalasi bir oydan ortiq vaqtdan beri muhokama qilinmoqda. Ba’zi davlatlar, jumladan Polsha va Finlandiya allaqachon o‘z Leopard’larining bir qismini Ukrainaga berishni taklif qilgan, ammo buning uchun ularga Berlin roziligi kerak edi.

«23 yanvar kuni Polsha Germaniyadan Ukrainaga Leopard 2 tanklarini yuborish uchun rasman ruxsat so‘radi. Boshqa davlatlar esa hozircha bunday so‘rov bilan murojaat qilmadi», dedi Xebeshtrayt.

Biroq, bu noodatiy holat emas, chunki odatda, nemis qurollarini qayta eksport qilmoqchi bo‘lgan davlatlar, Germaniyani yozma rad javobi berishga majburlamaslik uchun birinchi navbatda norasmiy ravishda bunday so‘rovlarning bo‘lajak javobini bilib oladi.

ABC News nashrining Ukrainaning yuqori martabali mulozimiga tayanib xabar berishicha, Ramshteyn aviabazasidagi muzokaralar chog‘ida 12 davlat Berlin ruxsat berishi bilanoq Kiyevga jami yuzga yaqin Leopard 2 tanklarini yetkazib berishga tayyorligini bildirgan.

25 yanvar kuni Ispaniyaning El Pais gazetasi Ispaniya ham Ukrainaga bir nechta Leopard tanklarini yetkazib berishini xabar qildi, biroq ularning sonini keltirmadi. Lissabondan olingan xabarlarga ko‘ra, Portugaliya Kiyevga to‘rtta tank jo‘natishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Leopard tanklari Germaniyada ishlab chiqariladi va boshqa davlatlarga ular uchinchi davlatga yetkazib berilishi uchun Berlin ruxsati olinishi sharti bilan eksport qilinadi.

Yaqin vaqtgacha Germaniya bir qator sabablarga ko‘ra, xususan Ikkinchi jahon urushi merosi sabab, mojaro hududlariga prinsipial ravishda qurol yetkazib bermagan. Vaziyat faqatgina Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan o‘zgardi, shunda ham darhol emas.

Faqat Leopard’lar emas

AQSh ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlarga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga Amerikaning M1 Abrams tanklarini yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Avvalroq Vashington Kiyevga bunday texnikani berishdan qat’iy bosh tortgan edi.

M1 Abrams – dunyodagi eng yaxshi zamonaviy asosiy jangovar tanklardan biri hisoblanadi
Foto: DEFENSE.GOV

AQSh Abrams’larni Ukrainaga jo‘natishga tayyorlanayotgani haqida Amerikadagi bir qator yirik nashrlar Bayden ma’muriyatidagi noma’lum manbalariga tayanib xabar bergan. Ushbu manbalarning so‘zlariga ko‘ra, gap 30 ta tank haqida ketmoqda.

Avvalroq AQSh rasmiylari Oq uy Abrams’larni Ukrainaga jo‘natmoqchi emasligi, ammo bunga sabab G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirib yuborishdan qo‘rquv emasligini aytgandi. Buning sababi sifatida ular, AQShning asosiy jangovar tanklarini ishlatish juda qiyinligi va katta miqdorda o‘ziga xos yonilg‘i talab qilishini ko‘rsatgan.

«Abrams — aslida juda murakkab mashina. Ular qimmat va ularni boshqarishni o‘rganish qiyin. Ularga gaz turbinali dvigatel o‘rnatilgan, tanklar bir milga uch gallon reaktiv yonilg‘i sarflaydi (taxminan 1 km uchun 8,5 litr). Bu ishlatish uchun eng oson tizim emas», degan edi Pentagon vakili Kolin Kal Kiyevga yaqindagi tashrifi davomida.

Shu bilan birga, harbiy ekspertlarning ta’kidlashicha, turbina qisman ishonchliligi tufayli tank uchun dvigatel sifatida tanlangan, yonilg‘i borasida esa, uning ko‘pxarjligi oddiylik bilan qoplanadi — ya’ni Abrams’ni reaktiv yonilg‘i, benzin, dizel va hatto kema yonilg‘isi bilan ham to‘ldirish mumkin.

Kremlning reaksiyasi

Rossiya Federatsiyasi prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov G‘arb tanklarining «biror narsani o‘zgartirish qobiliyati nuqtayi nazaridan» ahamiyatini oshirib yubormaslikka chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qadamlar faqat «Ukraina va ukrain xalqi uchun muammolarni ko‘paytiradi».

«Biz bu tanklar ham boshqalar kabi yonib ketishini ko‘p bora aytganmiz», degan Kreml matbuot kotibi.

Buyuk Britaniya Ukrainaga 14 dona Challenger-2 tanklarini va’da qilgan. Foto: Getty Images

«Ishonchim komilki, ko‘plab mutaxassislar bu g‘oya bema’niligini tushunadi. Shunchaki texnologik jihatdan olsak ham, bu juda muvaffaqiyatsiz reja va eng muhimi, bu Ukraina qurolli kuchlariga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan potensialni juda ortiqcha baholash. Bu yana bir yetarlicha xomxayol tushuncha», deya AQShning Abrams tanklarini yetkazib berish ehtimoliga izoh bergan Peskov.

Rossiyaning Germaniyadagi elchisi Sergey Nechayev Berlinning qarorini «o‘ta xavfli» deb atadi, chunki bu «mojaroni yangi darajaga ko‘taradi».

«Yana bir bor amin bo‘ldikki, Germaniya, eng yaqin ittifoqchilari kabi, Ukraina inqirozini diplomatik yo‘l bilan hal qilishdan manfaatdor emas, va aksincha urushning doimiy ravishda kuchayishi va Kiyev rejimini cheksiz yangi halokatli qurollar bilan ta’minlashdan manfaatdor. Qizil chiziqlar o‘tmishda qoldi», degan Rossiya elchisi.

Dunyo davlatlari reaksiyasi

Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Germaniyaning Ukrainaga Leopard 2 tanklarini yuborish qarorini olqishlab, kansler Olaf Sholsga minnatdorchilik bildirdi va bu qarorni «Rossiyani to‘xtatish yo‘lidagi katta qadam» deb atadi.

«Birgalikda biz kuchliroqmiz», deb yozdi u o‘z tvitterida.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Germaniyaning Kiyevga jangovar tanklar yuborish qarorini olqishladi va bu Ukrainaning mudofaaviy qobiliyatini kuchaytirishini ta’kidladi.

«Biz birgalikda Ukraina bu urushda g‘alaba qozonishi va mustahkam tinchlik o‘rnatishi uchun sa’y-harakatlarni kuchaytirmoqdamiz», deb yozdi Britaniya bosh vaziri tvitterda.

«Fransiya Germaniyaning qarorini olqishlaydi, bu biz AMX10 RC tanklarini yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatgan yordamimizni kengaytiradi va kuchaytiradi», — deyiladi Yelisey saroyi bayonotida. Bu bilan Parij Ukrainaga jo‘natmoqchi bo‘lgan yengil g‘ildirakli jangovar mashinalarni nazarda tutgan.

Ko‘proq yangiliklar: