DXX Farg‘ona va Sirdaryoda giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tadbirlar o‘tkazdi

Jamiyat 11:42 / 25.01.2023 12382

Beshariq tumanida yashovchi fuqaro o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “Damas” avtomashinasida Toshkent shahri tomon harakatlanib ketayotgan vaqtida to‘xtatildi. Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 1 kg 329 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan Beshariq tumani hududiga o‘tkazilgan ushbu ajal og‘usi Toshkent shahrida sotilishi kerak bo‘lgan.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda Dang‘ara tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Toshkent shahri tomon harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirildi. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Qo‘qon shahrida yashovchi ayol yonida 1120 dona “Gerika”, 400 dona “Selofen” va 198 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ayolning o‘g‘li boshqarib ketayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina ham to‘xtatilib tekshirilganda, uning yukxonasida 250 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Bu yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat ichki ishlar va bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.

“Farg‘ona – Sirdaryo” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina Guliston shahriga kirish qismida to‘xtatilib tekshirildi. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Guliston shahrida yashovchi fuqaroning yonida 274 dona “Regapen” va 33 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi. U mazkur dori vositalarini Qo‘qon shahrida yashovchi ayoldan sotib olganligi ma’lum bo‘lib, Qo‘qon shahrida ushbu ayol 50 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasini hamda 364 dona “Regapen” va 40 dona  “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Barcha kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari Qirg‘izistondan noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Ko‘proq yangiliklar: