Toshkent shahar hokimligi 2022 yilning dastlabki 9 oyi yakunlari bo‘yicha budjet sarhisobini e’lon qildi. Bu haqdagi Toshkent shahar hokimining qarori E-qaror’ga joylashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida Toshkent shahar budjeti daromadlari 21 trln 345 mlrd so‘mni tashkil etib, belgilangan 19 trln 30 mlrd so‘m prognoz 12 foizga yoki 2 trln 315 mlrd so‘mga oshirib bajarilgan.
Daromadlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,7 trln so‘mga ko‘p bajarilib, mahalliy budjetlar ixtiyorida jami 2 trln 225 mlrd so‘m mablag‘lar qoldirilgan.
Poytaxt budjeti bo‘yicha muhim raqamlar:
- 2022 yilning 9 oyi davomida Toshkent shahar mahalliy budjeti daromadlari 5 trln 22 mlrd so‘mni tashkil etib, belgilangan 4 trln 316 mlrd so‘m prognoz 16 foizga yoki 706 mlrd so‘mga oshirib bajarilgan;
- mahalliy budjetlar ixtiyorida jami 2,2 trln so‘m (o‘tkazib beriladigan daromad bilan birga) mablag‘lar qoldirilgan. Jumladan, Mirobod tumanida 28,6 mlrd so‘m, Olmazor tumanida 24 mlrd so‘m, Yunusobod tumanida 22,9 mlrd so‘m, Mirzo Ulug‘bek tumanida 19,2 mlrd so‘m, Chilonzor tumanida 18,8 mlrd so‘m, Yashnobod tumanida 23,6 mlrd so‘m va Sergeli tumanida 10,9 mlrd so‘m;
- hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun poytaxt mahalliy budjetidan 2 trln 515,7 mlrd so‘m yoki umumiy xarajatlarning 31,5 foizi sarflangan. Ushbu mablag‘larning asosiy qismini ta’lim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlari (376,5 mlrd so‘m) va sog‘liqni saqlash tizimiga yo‘naltirilgan xarajatlar (1 trln 269,8 mlrd so‘m) tashkil etgan;
- «Tashabbusli budjet» jarayonining 2022 yil 1- va 2-bosqich yakunlariga ko‘ra, jami 314 ta loyiha «g‘olib» deb topilib, ularga 171,2 mlrd so‘m ajratilgan;
- soliq tushumlari bo‘yicha eng ko‘p soliq mol-mulk solig‘i hissasiga to‘g‘ri keldi - 810 mlrd so‘m. Bu yo‘nalishda keyingi o‘rinni aylanmadan olinadigan soliq to‘lovi bo‘yicha tushumlar egallagan – 620 mlrd so‘m;
Sarhisobda yana bir qiziq raqam shuki, rejaga nisbatan eng yuqori o‘sish jismoniy shaxslar daromad solig‘idan tushumlar hissasiga to‘g‘ri keladi – prognozga nisbatan 56 foiz ko‘proq yoki 440 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Shu bilan birga, rejaga nisbatan kamroq tushumlar yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan daromad solig‘i (prognozdan 2 foizga kam) va mahalliy soliqlar va yig‘imlar (26 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Tumanlar miqyosida eng ko‘p foyda Olmazor tumani hissasiga to‘g‘ri keldi - 125 mlrd so‘m, keyingi o‘rinlarda Yunusobod (120 mlrd so‘m) va Chilonzor (114 mlrd so‘m).
«Bu pullarni hisobsiz va nazoratsiz ishlatish mumkin bo‘lgan manipulyatsion mexanizm»
Iqtisodchi Otabek Bakirovning so‘zlariga ko‘ra, hokimlar soliqlar bo‘yicha qancha kamroq prognoz olsa, shuncha ko‘p budjet puli ularning ixtiyorida qoladi.
«Yangi davrda barcha soliqlar bo‘yicha prognozning oshirib bajarilgan qismi viloyatlar mahalliy budjetiga qaytariladigan bo‘ldi. Mazkur qoida amalda prognozni imkon qadar kamroq tasdiqlatib olishga rag‘batlarni yaratdi. Ya’ni hokim budjetda soliqlar bo‘yicha qancha kamroq prognoz olsa, shuncha ko‘p qo‘liga budjet puli tushadigan va bu pullarni hisobsiz va nazoratsiz ishlatish mumkin bo‘lgan manipulyatsion mexanizm ishlab keldi.
Mana qarang. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha prognoz 156 foizga bajarilgan. Bu eng oson prognozlanadigan soliq. Tabiiyki, kam prognoz hisobiga 158,2 mlrd so‘m hokim ixtiyorida qolgan. Respublika soliqlari bo‘yicha aytmay qo‘ya qolay.
Toshkent shahrining mahalliy budjetlar bo‘yicha daromadlari 5 trln so‘mdan oshgan, bu prognozga nisbatan 706 mlrd so‘mga ko‘p degani. Mahalliy soliqlar bo‘yicha eng ko‘p oshiqcha bajarilish yuridik shaxslardan mol-mulk solig‘i bo‘lgan ( 178,7 mlrd so‘m). Tarkibi ochilmagan boshqa tushumlar 239,6 mlrd so‘mga oshirib bajarilgan», – deya ta’kidlamoqda iqtisodchi.
Otabek Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, 9 oylik davrda ham Toshkent budjetini ijro qilishda ijtimoiy sohada tejash siyosati davom etgan. Jami 172 mlrd so‘m tejab qolingan bo‘lsa, shuning, 76,3 mlrd so‘mi ta’lim, 75,3 mlrd so‘mi tibbiyot yo‘nalishidan iqtisod qilingan.
Metropoliten uchun kompensatsiya (271,4 mlrd so‘m), shahar transporti zarari (266,1 mlrd so‘m), issiqlik ta’minotiga subsidiyalar (358,5 mlrd so‘m), fuqarolarga yetkazilgan zararlarni qoplash (32,5 mlrd so‘m) xarajatlari prognozga nisbatan 100 foizga ishlatilgan.
Iqtisodiyot yo‘nalishda eng katta xarajatni obodonlashtirish xarajatlari tashkil etgan (1 trln 135,7 mlrd so‘m). Toshkent shahar budjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan qurilishga 347 mlrd so‘m, yo‘llar qurilishiga 238,6 mlrd so‘m, markaziy ko‘chalarni asfaltlashga 42,1 mlrd so‘m sarflangan. Tarkibi yopiq holda qoldirilgan boshqa xarajatlar 880,9 mlrd so‘mga yetgan.
Avvalroq, poytaxtda energetika inqirozi yuzaga kelishi ortidan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishdan olingani xabar qilingandi. Uning o‘rniga Baxtiyor Rahmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.