Ortiqxo‘jayevning ketishi qanday aks sado berdi? Jamoatchilik sobiq hokim haqida

O‘zbekiston 19:48 / 16.01.2023 200500

Bloger Nikita Makarenko endilikda sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev yo‘l qo‘ygan xatolarni sanab, poytaxt boshqa jonkuyar hokimga munosib ekanini ta’kidlagan.

«Shubhasiz, Jahongir Ortiqxo‘jayevning boshqaruvi yakunlari hali raqam va hujjatlar bilan professional o‘rganilishi kerak. Lekin hozirdanoq ayrim baholarni berish istagi tug‘iladi va u quyidagi ko‘rinishga ega:

Toshkent shahrining zamonaviy tarixidagi eng yomon hokim.

Toshkent rivojlanishda juda ortga ketib qoldi. Har qanday umid yo‘qolib, chorasizlik tubiga sho‘ng‘idi. Keling, eng chidab bo‘lmas misollarni esga olaylik:

1. «Snos»lar. Shahar ulkan qurilish maydoniga aylantirilgan, yerlar va istirohat bog‘lari sotilgan, ko‘plab odamlar uy-joylarsiz qolishdi.

2. Infratuzilmadan tortib madaniy tadbirlargacha barcha sohalarda misli ko‘rilmagan korrupsiya va o‘z kompaniyalari manfaati uchun ishlash.

3. Shaharsozlik xatolari. Noto‘g‘ri loyihalangan ko‘chalar, keraksiz yo‘l yechimlari, jamoat transportining o‘ldirilishi.

4. Matbuotga ochiqdan ochiq xusumat va nafrat, doimiy yolg‘onlar va tahdidlar. Mamlakat tarixidagi eng yomon matbuot va PR xizmati.

5. Shahar elektr, gaz, issiqlik infratuzilmasining batamom barbod bo‘lishi. Hamma narsa o‘g‘irlangan va buzilgan.

6. Tashkent City va Magic City — isrofgarchilik va didsizlikka qo‘yilgan haykallar.

Umid qilamanki, u bilan birga shahardan har qanday «Mimar»lar, «Dyurabl»lar va «Grand Road»lar ham chetlashtiriladi va tarixda qoladi. Nihoyat poytaxtimizni to‘g‘ri qura boshlashadi. Toshkent jonkuyar egaga munosib.

Va yana bir narsa — hokimiyatga birorta oligarx ortiq xo‘jayinlik qilmasin, iltimos», deb yozgan Nikita Makarenko.

BBC jurnalisti Ibrat Safo isinish uchun amaldorlarni ishdan bo‘shatishlar yetarli emasligiga urg‘u bergan.

«Uchayotgan qandil kuldonlar, oxirgi ishtonigacha yechib olinayotgan amaldorlarni ko‘rushni istar bu kangul... Ungacha to‘nni yechmayman. Telpak ham qimirlamaydi. Undayam o‘ylab ko‘ramiz.

Ortiqxo‘jayev ruxsatsiz 250 obekt qurdirib, energiya tizimiga keragidan oshiq bosim paydo qilganmish. Ortiqxo‘jayevning korrupsion sxemalari ekani da’vo etilgan ishlar bo‘yicha xalqaro tergovlarni (xususan, Kristian Laslettnikini) biz 3-4 yil avval ikir-chikir formulalari bilan chop qilganimizda, hukumat qayrilib ham qaramagandi», — deb yozadi Ibrat Safo.

Iqtisodchi Otabek Bakirov agar chinakam islohotlar o‘tkazilmasa og‘ir oqibatlar davom etaverishidan ogohlantirgan.

«Agar islohotlar qilinmasa, bizni kutayotgan og‘ir oqibatlar haqida, tizim zaxirasi tugab bitgani borasida butun 2022 yil davomida dod-voy solib kelgan Sherzod Xo‘jayevning va ishonchli boshqaruv yoki tekinga berib yuborilgan gaz quduqlari va IESlar zararli yuklamasini ham olgan «IES» AJ rahbari Abdurahmonovning iste’foga chiqarilishi, Ortiqxo‘jayev o‘rniga Rahmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganidan bir martalik o‘zgarishlar davom etaverishini, lekin hech qanaqa islohot yuz bermasligini prognoz qilish mumkin.

Maqsadli ravishda energetika tizimining ichidan yemirilishi, o‘g‘rilar, layoqatsizlar va sotqinlarning hujumlari va zarbalari davom etadi», — deb yozadi u.

Yana bir iqtisodchi Mirkomil Xolboyev agar status quo o‘zgarmasa kelasi yillarda holat og‘irroq bo‘lishidan ogohlantirgan.

«Yangi davr boshlangan ilk yillarda aholining elektr va gaz ta’minotida juda ijobiy o‘zgarishlar yuz bergan edi (ayniqsa chekka hududlarda). Xususan 2017–2018 yillar, o‘ylaymanki, aholining energiya resurslari iste’molida eng farovon yillardan bo‘lgan.

Lekin bu sohada islohotlar qilinmagani bugungi kunga kelib o‘zining to‘liq asoratlarini ko‘rsatmoqda. Agar status quo o‘zgarmasa kelasi yillarda holat og‘irroq bo‘lsa bo‘ladiki lekin yaxshilanmaydi.

Hozirgi holatning sababchisi, qattiq kelgan qish yoki qaysidir davlatning bizga gaz eksportini to‘xtatgani emas balki qaror qabul qiluvchilarning islohotlarni kechiktirib kelayotgani xolos», — deb yozadi Xolboyev.

Jurnalist va bloger Sanjar Said poytaxt hokimi o‘zgarishi natija berishiga ishonmasligini ta’kidlab o‘tgan.

«Chunki gap odamlarda emas, tizimda. Ortiqxo‘jayev qo‘lidan kelganicha harakat qildi va hamma inqirozli vaziyatlarda (yotoqxona, tekin osh) qisqa muddatli yechimlar bera oldi, deb o‘ylayman. Uzoq muddatli samarali yechimlar ildizlari esa yuqori eshelon, oliy lavozimlarga borib taqaladi.

Energetika tizimiga «o‘tirib olgan» «monstrlar» bor ekan, anomal issiq va sovuqlarda xalq jabr ko‘raveradi. Bundan badtarini kuting», — deb yozadi u.

Jurnalist Abror Zohidov ham bu borada kesatiq qilgan: «U-bu deymizu, lekin OAV zo‘r qahramondan ayrildi. Endi rosa zerikarli bo‘lsa kerak...»

Feysbuk foydalanuvchisi Abdulla A’zamov Jahongir Ortiqxo‘jayevning ishdan olishi voqeasiga shunday munosabat bildirgan.

«Jahongir Ortiqxo‘jayev yangi O‘zbekiston tadbirkoridir. O‘zbek tadbirkorlarining 99 foizi kabi, u ham o‘z tadbirkorligini rivojlantirish uchun qo‘lidan nima kelgan bo‘lsa, qilgan va eng yirik tadbirkorga aylangan. Mardlarcha bunga qoyil qolish kerak, ammo nima uchun o‘zbek tadbirkorlari o‘zlarini musulmon sanagani holda, g‘irrom yo‘llardan, masalan, monopolizm, nohaq imtiyozlardan toymaydi — achinarli holat. Nahot g‘irromlik qonimizga singib ketgan?

Ortiqxo‘jayev yirik tadbirkordan oligarxga aylandi. Bu ham hammaning qo‘lidan kelavermaydi. Qolaversa, bu sifat — oligarx bo‘lib olishga intilish dunyoda bor voqelik. Qaysi mamlakatda bunga yo‘l qo‘yilmasa, u yaxshi davlat, yo‘l qo‘ysa, ofat. Jahongir Ortiqxo‘jayevning oligarxga aylanishida uning o‘zidan ko‘proq tuzum sababchi, oligarxiyaga chek qo‘yuvchi tizim yaratish uchun kurashish kerak.

Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahrini obod qilishga o‘zidan avvalgi barcha hokimlar birga qilganidan ko‘proq ish qildi — buni e’tirof etmagan nomard.

Ortiqxo‘jayev mansabda o‘tirganida uni tanqid qilganlarga ofarin. Bugun u qoqilgan ekan, endi uni «chalish» yaxshi emas. Biz o‘z mentalitetimizdan mansabdan tushganni «tepish»day bemaza odatni siqib chiqarishimiz kerak. O‘zbekiston fuqarosi kim, qanday mansabdor bo‘lmasin, sud hukm qilmaguncha ayblamaslikka odatlanishimiz lozim. Faqat bitta hol bundan mustasno: jurnalistlar surishtiruv bilan fosh qilish huquqiga ega — bu to‘rtinchi hokimiyat degani. Bunda jurnalist nohaq bo‘lsa, motivi tekshiriladi. Tuhmat bo‘lmagan bo‘lsa, matbuot orqali kechirim so‘rashi kifoya bo‘ladi, u jinoyatchiga chiqarilmaydi», — deb yozadi A’zamov.

Ko‘proq yangiliklar: