«Barselona» «Real»ni mag‘lub etib, Ispaniya Superkubogi sohibiga aylandi

Sport 02:06 / 16.01.2023 35404

Ispaniya Superkubogi-2022/23 finali doirasida «Barselona» «Real»ni mag‘lub etib, 5 yillik tanaffusdan keyin ushbu sovringa ega chiqdi.

So‘nggi yillarda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi «Qirol Fahd xalqaro stadioni»da o‘tayotgan ushbu turnirning hal qiluvchi bahsida saudiyalik muxlislar ilk bor «El-Klasiko» guvohiga aylanishdi. 

Shiddatli o‘tishi kutilgan bahsning birinchi bo‘limidayoq Kataloniya klubi ikkita gol kiritib, tanaffusga ishonchli g‘alaba bilan chiqdi. Dastlab Gavi hisobni ochgan bo‘lsa, bo‘lim yakunida uning o‘zi Levandovskining goliga hammualliflik qildi – 2:0.

Ikkinchi bo‘limning 69-daqiqasida Gavi jamoasining uchinchi golini ham yaratdi. Uning o‘yindagi 2-assistidan keyin Pedri hisobdagi farqni yiriklashtirib, amalda final taqdirini hal etdi – 3:0.

90+3-daqiqaga kelib madridliklardan Karim Benzema farqni biroz qisqartira oldi, xolos – 1:3. 

Shu tariqa, Xavi 2010 yildan buyon finallarda mag‘lub bo‘lmayotgan Karlo Anchelottining statistikasini buzishga erishdi. «Barsa» esa 2018 yildan keyin 5 yil o‘tib Ispaniya Superkubogi sohibiga aylandi. Bu bilan Kataloniya klubi o‘z tarixida 14-marta Ispaniya Superkubogi sohibiga aylandi. «Real»da ushbu sovrin 12ta. Ushbu sovrin «Barsa»ning mavsumdagi dastlabki yutug‘iga aylandi.

Ispaniya Superkubogi. Final
Real Madrid – Barselona – 1:3

Ar-Riyod, «Qirol Fahd xalqaro stadioni»
Gollar: 0:1 – 33 Gavi, 0:2 – 45 Levandovski, 0:3 – 69 Pedri, 1:3 – 90+3 Benzema.
Real Madrid – Kurtua, Karvaxal (Nacho, 72), Ryudiger, Militao, Mendi, Modrich (Sebalos, 65), Kroos (Asensio, 72), Kamavinga (Rodrigo, 46), Valverde, Benzema, Vinisius Junior.
Barselona – ter Stegen, Arauxo (Erik Garsiya, 86), Kristensen, Kunde, Balde, Buskets, de Yong (Kessie, 87), Pedri (Serdji Roberto, 90), Gavi (Fati, 90), Levandovski, Dembele (Rafinya, 78).
Ogohlantirishlar: Mendi (32), Kristensen (49), Arauxo (68), Valverde (82).

Ko‘proq yangiliklar: