«Chirog‘i yongan uy borki, dardi bor» - o‘gay otadan ozor ko‘rgan qiz kechinmalari

Jamiyat 17:15 / 10.01.2023 41664

«Hayotiy hikoyalar»ning bugungi qahramoni otasi tirik bo‘laturib o‘gay otaning qo‘lida qolmaganida balki taqdiri butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Bo‘y qizning qalbiga yetkazilgan og‘ir jarohat yillar o‘tsa-da, bitib ketmagan. Xotiralar hamon bu yarani yangilayveradi.

«Oilada bir qiz ikki o‘g‘il edik. Bitta qiz bo‘lganim uchun otam meni yer-u ko‘kka ishonmasdi. Erkalab, «ona qizim», derdi. Aytganim aytgan, deganim degan edi. O‘n yoshimgacha bolalikning lazzatini his qilib yashadim.

Otam yaxshi topardi, onam esa uy bekasi edi. O‘n yoshimda otam avtohalokatga uchradi. Miyasidan olgan og‘ir jarohati natijasida jinnixonaga yotqizishdi. Avvalgidek ishlab pul topolmay qoldi.

Endi ro‘zg‘or tashvishlari onamning gardaniga tushgandi. Bir joyga salat tayyorlovchi bo‘lib ishga kirdi. Uyimizdagi fayz, avvalgidek osoyishtalik yo‘qoldi. Onam jinni bilan ortiq yasholmasligini, boshqa birovga ko‘ngil qo‘yganini, ajrashishga qaror qilganini aytdi.

O‘shanda xolamning gapi hech esimdan chiqmaydi. «O‘g‘illaring-ku mayli, qizingni o‘yla, uning kelajagi nima bo‘ladi? Hayotini barbod qilishing mumkin», degandi xolam.

Lekin onam fikridan qaytmadi. Otam bilan ajrashdi. Biz barcha farzandlar onamiz bilan qoldik. O‘gay otamnikida bir yil yaxshi yashadik. Bir yildan so‘ng ishlari chappa keta boshladi, shekilli, ichib kelib janjal qiladigan bo‘ldi.

Ichib kelganda onamni urar, bizni tashqariga quvib solardi. Uyimiz to‘rtinchi qavatda edi. Biz — uyidan quvilgan bolalar ko‘p qavatli uyning pastida tunab qolardik. Onam to‘rtinchi qavatdan yopinishimiz uchun ko‘rpa tashlardi.

O‘shanda onamga ham oson bo‘lmagandir. Bolalari tashqarida qolib o‘zi chiqolmasdi. Noilojlikdan ko‘rpa tashlardi. O‘gay otamdan shu darajada qo‘rqarmidi, yoki o‘zi pishirgan osh bo‘lgani uchun birovga dardini aytolmasmidi...

Bular haqida onam bilan hech qachon gaplashmaganmiz. O‘zi qachonlardir onam bilan dildan suhbatlashganimizni, sirlashganimizni eslolmayman.

O‘gay otam ertalab ikki burda buxanka non bilan bir qoshiq shakar berardi. Shugina yemakni ham bir musht urib berardi. Bizni tekinxo‘rlar derdi.

Bir kuni o‘gay otam har doimgidek ichib kelib, onamni urayotganida katta ukam «onamni urma», deb itarib yubordi. Gandiraklab borib boshi devorga tekkani uchun militsiya chaqirib, ukamni o‘n kunga qamatib yubordi. Onam hech narsa qilolmadi.

Otamning onasi — buvim maktabimizga tez-tez borib bizni ko‘rib turardi. Qo‘ynimizni to‘ldirib sovg‘a salom, shirinliklar olib kelardi. Olishga olardik, lekin o‘gay otam bilsa uradi, deb yeganimizcha yeb qolganini tashlab ketardik. O‘gay otamdan shu darajada qo‘rqardik.

Ukamni qamatganini eshitib buvimnikilar kelib ikkinchi ukamni olib ketishdi. Buni ham qamatib yuboradi, bolalarning taqdiri nima bo‘ladi, deb qayg‘urishdi. Ukalarimni o‘ylashdi-yu, meni o‘ylashmagan ekan.

Aslida hammasidan qiyini qiz bolaning taqdiri bo‘larkan. Ukalarimning biri qamoqda, birini buvimlar opketishgan, onam ishda. Uyda yolg‘iz edim. O‘gay otam ichib kelib, nomusimga tegmoqchi bo‘ldi. Qiz bola uchun bundan og‘ir isnod bo‘lmasa kerak.

Uydan qochib ketdim. O‘gay otamning qo‘lida xo‘rlangandan ko‘chada xor bo‘lib o‘lganim yaxshi, deb o‘ylardim faqat. Ketyapman, ko‘zimdan yoshim shashqator oqadi. Hech to‘xtatolmayman. Qani o‘zimni tiyolsam.

Shunda bir yigit gapga soldi. Yig‘layotganimning sababini so‘radi. 16-17 yoshlar edim. Soddaligim bor edi. To‘lib turgan emasmanmi, hamma gapni aytib beribman, men ahmoq.

Senga boshpana beraman, qizlar turadigan bir joyni bilaman, u yerda xavfsiz bo‘lasan, deb meni ishontirdi. Ko‘zimga xaloskordek ko‘ringan bu odam aslida qo‘shmachi ekan. Buni ancha kech bildim...

Uyga qaytib bormadim. Meni ham izlab kelishmadi. O‘z kunimni o‘zim ko‘ra boshladim. Bozordan narsa olib sotdim. Odamlarning uylarini yig‘ishtirdim. Nima ish bo‘lsa qildim, lekin boshi berk ko‘chani tanlamadim. Oson pul topishga uchmadim. Yomon yo‘lga yurmadim.

Bu orada o‘zimga o‘xshagan bir yigit bilan tanishdim. Asli kelib chiqishi surxondaryolik edi. Oila qurganimizdan so‘ng toshkentlik bo‘lganim uchun propiskamga o‘tdi. Birga ishlash uchun Rossiyaga ketdik. U yerda ishlab O‘zbekistondan uy oldik.

Qaytib kelganimizdan so‘ng meni ishlatmadi. Kun bo‘yi uyda o‘tirardim. Bir oyga bir kilo kartoshka, bir kilo sabzi, piyoz va bir litr yog‘ni yetkazishim kerak edi. Pulga juda qattiq edi. Shu darajada ediki, 50 so‘mga somsa olib yeganimda meni o‘lasi qilib kaltaklagandi.

Doim bir qo‘limda supurgi, bir qo‘limda chang latta turardi. Kelishi bilan hamma joyni tekshirib chiqar, yo‘q joydan janjal chiqarib urardi. Seni men odam qildim, yurganding ko‘cha-ko‘yda degan gap og‘zidan tushmasdi.

Yetti yil hayot qurdik. Lekin bir tirnoqqa zor edik. Men o‘sha hayotda yashab yuraverardim, agar farzandim bo‘lganida edi. U paytlar propiskaga qattiq turilardi. Erim propiskali bo‘ldi, ishli, uy-joyli bo‘ldi. Endi unga keragim yo‘q edi.

Sen bilan ortiq yashashni istamayman, surxondaryolik qizga uylanmoqchiman, dedi. U bilan ajrashdik. Ancha vaqtdan o‘tgach uyga borsam xotini chiqib keldi. Homilador ekan. Uy mening nomimda edi. Uni o‘zim ishlab, mehnat qilib olgandim. Uyni bo‘shatib qo‘yinglar, sotaman, dedim.

Sotdim. Boshqa uy oldim. Lekin omadim chopmadi. Muttahamlarga uchrab qolgan ekanman. Men olgan uyni yana bir nechta odamga sotishgan ekan. Ularga qo‘shilib qamalib ketishimga oz qoldi. Shunday qilib uysiz, pulsiz qoldim.

Ishlab, o‘z kunimni ko‘rib yurgan kunlarimning birida, bir inson bilan tanishdim. Oilasi bo‘lishiga qaramay, meni nikohiga olmoqchi ekanini aytdi. Men ham ayolman, farzandli bo‘lishni istardim, rozi bo‘ldim. Peshonamga bitilgan shu qizimni topdim — ona bo‘ldim.

Farzandli bo‘lish faqatgina baxt degani emas ekan. Endi tashvishlarim ikki hissa ko‘paygandi. Yosh bola bilan hech kim kvartiraga qo‘yishni istamas, uyimni rasvo qilib yuboradi degan vaj bilan rad etardi. Amallab joylashsam ham birozdan so‘ng uy egasi chiqarib yuboraradi.

Erim bo‘lgani bilan men u uchun ikkinchisi edim. Ikkinchisi bo‘lib yashash sarob bilan hayot kechirishga o‘xshar ekan. Istaganda, kerak bo‘lganda suyanolmaysan. Kerak bo‘lganingda paydo bo‘ladi, kerak bo‘lganida o‘rnini paypaslab qolasan.

Operatsiya qilishlariga to‘g‘ri kelib, shifoxonada ancha yotdim. Lekin erim bir marta ham kelmadi. Odamlar uni tanib qolishidan qo‘rqdi. Mening ahvolimdan ko‘ra odamlarning gap-so‘zi unga muhimligini o‘shanda tushinib yetdim.

Ortiq bunday yashab bo‘lmasdi. Farzandim uchun, o‘zim uchun harakat qilmasam bo‘lmasdi. Haftaning qaysidir kuni shahar hokimi fuqarolarni qabul qilar ekan. Qabuliga borib uy kerakligini aytdim. Hujjatlarimni berdim. Biroz vaqt o‘tib o‘zlari telefon qilib mana shu siz ko‘rib turgan uyning boshlang‘ich to‘lovini qilib berishdi.

U vaqtda «korobka» holida edi. Bir vaqtda uchta joyda ishlab, pul yig‘ib, hamma narsasini o‘zim qildirdim. Harakat qilsangiz beraverar ekan. Berdi, Xudoga shukur. Uyim bor, farzandim bor, nomiga bo‘lsa ham erim bor. Lekin hayotim yo‘q, tushunyapsizmi?

O‘zimning, faqat o‘zimga tegishli bo‘lgan hayot yo‘q. Er-xotinlarga o‘xshab gaplashib o‘tiradigan insonim yo‘q. Qarang, menga qirq yosh berasizmi? Qirqqa kirmay qarib ketdim. Ichim to‘kilib ado bo‘lgan. Bu hayotda o‘n yoshimgacha yashadim. Undan keyingi hayotimni o‘chirib tashlashning iloji bo‘lsa o‘chirib tashlardim.

Avval onamdan ko‘p xafa bo‘lardim. Endi tushunishga harakat qilaman. U ham ayollik baxtini his qilib yashashni istagandir. Lekin o‘sha baxtni topolmadi-ku. Kaltak yemagan, janjalsiz o‘tgan bir kuni yo‘q edi. Bizning hayotimiz ham buzilgani qoldi.

Otamni ko‘p eslayman. Oxirgi marta oldilariga borganimda tug‘ilgan kunlari edi. Meni bolalarim keldi, qaranglar meni shunday bolalarim bor deb shifoxonadagilarga shunday xursand bo‘lib gapirgandilarki. «Yana bir oz qol, sog‘inganman», deganlarida yana kelaman deb ketganimga afsuslanaman. Saldan keyin olamdan o‘tdilar.

Hayotimni qizimga bag‘ishladim. O‘zim o‘qiyolmadim. Uni o‘qishini, yaxshi davralarda yurishini istayman. Men ko‘rgan kunlarni ko‘rmasin».

Ayol hayotini dam yig‘lab, dam bo‘g‘ziga achchiq bir narsa qadalib, dam o‘kinch bilan so‘zlab berar ekan, bir gapi xotiramga muhrlanib qoldi:

«Chirog‘i yoniq uy borki, dardi bor. O‘ziga yarasha tashvishi bor. Men hech kimga oson tutmayman», deydi.

Hech kimning chirog‘i o‘chmasin. Tashvishlari, hasratlarida suyanchiq bo‘ladigan, yelka tutadigan va faqat o‘ziga tegishli bo‘lgan insoni bo‘lsin.

Charos Mannonova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: