9 yanvar kuni internetda Toshkent shahridagi «Tez yordam» mashinalari haydovchilari qoidabuzarliklar uchun jarima qog‘ozlari kelayotgani sabab videomurojaat qilgan video tarqaldi.
Videomurojaatda haydovchilar chaqiruv bo‘yicha harakatlangan vaqtida yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar, xususan, tezlikni oshirish, «polosa»ni bosish, qizil chiroqda o‘tib ketganlik uchun jarima qog‘ozlari kelayotganidan shikoyat qilishgan.
«Jarimalar yuqori, bizda ularni to‘lash imkoniyati yo‘q, maoshimiz yetmaydi. Bu jarimalar Chilonzor tumanida bir kun ichida qayd etilgan. Bu bizning imkoniyatlarimizni cheklaydi. Polosalarni bosish, svetofor, tezlik, „Stop“ belgisi», — deya sanaydi kadr ortidagi ovoz.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ushbu videomurojaat batafsil o‘rganilayotgani, natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi. Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining bu masaladagi qo‘shma bayonoti e’lon qilindi.
«Ijtimoiy tarmoqlarda tez tibbiy yordam avtomobillariga tezlikni o‘lchovchi maxsus avtomatlashtirilgan, onlayn rejimda ishlovchi kameralar orqali qayd etilib, jarima belgilanayotganligi va ular bekor qilinmayotganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17 prim 1-moddasi beshinchi xatboshisiga ko‘ra, tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar maxsus foto va video qayd etishning avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda hamda kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning ma’muriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi. So‘ng mazkur ma’muriy ish ushbu kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi.
Mazkur hujjatning 271-moddasi birinchi xatboshisining to‘rtinchi kichik bandiga ko‘ra, shaxs harakatni oxirgi zarurat holatida qilgan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas. Boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi belgilangan», deyiladi bayonotda.
Tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalarining haydovchilari kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarayotib, harakatlanish xavfsizligini ta’minlash sharti bilan yo‘l harakati qoidalarining 7-bob (svetofor va tartibga soluvchining ishoralari), 9-16 (Harakatlanishni boshlash, Yo‘nalishlarni o‘zgartirish, Yo‘lning qatnov qismida transport vositalarining joylashuvi, Harakatlanish tezligi, Quvib o‘tish, To‘xtash va to‘xtab turish, Chorrahada harakatlanish, Tartibga solingan chorrahalar, Tartibga solinmagan chorrahalar), 19-20 (Avtomagistrallarda harakatlanish, Turar joy dahalarida harakatlanish) va 22-boblari (Yo‘nalishli transport vositalarining imtiyozlari), 1 (Yo‘l belgilari) va 2-ilovalari (Yotiq chiziqlar) talablaridan chetga chiqishlari mumkinligi qayd etilgan.
«Yo‘l harakatining boshqa qatnashchilariga nisbatan imtiyozga ega bo‘lishi uchun maxsus xizmatlarning transport vositalarida ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar va maxsus tovushli ishora yoqilgan bo‘lishi shart. Ular o‘zlariga yo‘l berilayotganligiga ishonch hosil qilganlaridan so‘nggina imtiyozdan foydalanishlari mumkin», deya qo‘shimcha qilingan bayonotda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 128 prim 5-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signal bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalari to‘siqsiz o‘tib ketishi uchun transport vositalari haydovchilari tomonidan xalaqit berish — BHMning besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi eslatib o‘tilgan.
Unda haydovchilar nega birdan videomurojaat qilib qoldi?
Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev umumiy bayonotlar emas, aniq va konkret chora kerakligini qayd etadi.
«Bizda radarlar, kameralar, mavzusi juda bir ko‘ngilga yaqin nozik mavzu. Chunki bizda tez yurishni, qoida buzishni ko‘pchilik yaxshi ko‘radi, buni oddiy hol deb qabul qilishadi. Ming afsuski. Yo‘llardagi o‘limlar soni bo‘yicha O‘zbekiston dunyodagi eng yetakchi davlatlardan biri. Ming afsuski. Lekin shunday bo‘lsa-da, haydovchilar olamida qoidabuzarlarga qarshi kurashish ma’qullanmaydi, ular bunaqalarni juda yomon ko‘rishadi va doim bundan shikoyat qilishadi.
Bugun Tez tibbiy yordam xizmatining bir guruh haydovchilari tilidan ularga jarima solishayotgani haqidagi video tarqaldi. Shu bahona kameralar, radarlar mavzusi yana kun mavzusiga aylandi.
Aslida hammasi juda oddiy: maxsus xizmat mashinalari shoshilinch chaqiruv paytida yo‘l qoidalarini buzishga haqqi bor. Tez tibbiy yordam, o‘t o‘chiruvchilar, ichki ishlar yoki favqulodda vaziyatlar organlari mashinalari va h.k. Masalan, tez haydashi, qizilda o‘tishi mumkin. Buni hamma biladi. Bu yangilikmas.
Avtomatlashgan kameralar esa hammaga jarima yozaveradi, tez yordamga ham, ichki ishlar organlariga ham.
Bu jarimalar haydovchilar nomiga emas, tashkilot nomiga yoziladi. Keyinchalik o‘sha tashkilot chaqiruv bo‘lganini isbotlab, bitta xat bersa, bo‘ldi, jarima bekor qilinadi. Shu paytgacha hech qanaqa muammo bo‘lmagan, doim shunday bo‘lib kelgan.
Bu haqda Ichki ishlar hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shma bayonot ham berdi. Bayonotda ham chaqiruvga ketayotgan tez tibbiy yordam mashinasiga jarima solinmasligi ta’kidlandi.
Lekin bu tez yordam mashinalariga har doim hamma narsa mumkin ekan, deganimas. Agar chaqiruv yo‘q paytida haydovchi qoidani buzsa, unda jarima bekor qilinmaydi. O‘sha haydovchining oyligiga qaratilishi mumkin.
Ammo bugun tarqalgan video juda hayratlanarli. Nega unaqa bo‘ldi? Nega haydovchilarga jarima to‘laysizlar deyishdi? Tizimning qayeri xato ishladi? Bu yerda albatta aybdorlarni topib, chora ko‘rish kerak. Boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun ham», deydi u telegram-kanalida.
U bu holatning ehtimoliy sababi bo‘yicha uch xil variant keltirgan:
- 1-variant: Respublika tez tibbiy yordam markazi mas’ullari kelgan jarimalarni bekor qilish o‘rniga shunchaki haydovchilarga berib, «o‘zlaring to‘lalaring» degan;
- 2-variant: barcha yetarli dalillar berilgan bo‘lsa ham, Yo‘l harakat xavfsizligi xizmati jarimalarni bekor qilmagan;
- 3-variant: kelgan jarimalar chaqiruv paytida emas, odatiy vaziyat paytida haydovchilar tomonidan qilingan qoidabuzarlik uchun kelgan.
«Qaysi variant bo‘lishidan qat’i nazar, shunchaki jim ketmaslik kerak. Albatta chora ko‘rish va kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish shart. Chunki insonlar hayotini saqlash uchun shoshilib ketayotgan haydovchilarning ko‘nglida jarima to‘lash haqida ozgina shubha bo‘lishi ham kerak emas. Haydovchilar faqat bemor oldiga tezda yetib borishni o‘ylashi kerak.
Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Yo‘l harakat xavfsizligi xizmati mas’ullari bilan bog‘langanimda, holat o‘rganilayotganini ta’kidlashdi. Umid qilamizki, yakunda muammoga oydinlik kiritiladi va chora ko‘riladi», deya postni yakunlagan u.