2023 yildan soliq qonunchiligida nimalar o‘zgardi?

Iqtisodiyot 16:52 / 05.01.2023 73353

Qo‘shimcha qiymat solig‘i 

2023 yil 1 yanvardan boshlab QQS bo‘yicha soliq to‘lovchilarning toifasi, soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi, soliq hisobotini taqdim etish muddatlari o‘zgarmaydi.

Soliq stavkasi esa 15% dan 12 % gacha pasaytirildi.

Qoplanadigan (qaytariladigan) QQS summasining asosliligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish muddatlari 60 kundan 30 kungacha qisqartirildi.

2023 yilning 1 aprelidan quyidagilar bo‘yicha berilgan imtiyozlar bekor qilinadi: 

- Budjet mablag‘lari hisobidan har yillik mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlari doirasida ko‘rsatiladigan geologiya xizmatlari bo‘yicha aylanma; 

- Pochta markalari, markali otkritkalar, konvertlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma; 

- Budjet mablag‘lari hisobidan bajariladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma; 

2023 yil 1 iyuldan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining qo‘riqlash bo‘linmalari xizmatlari bo‘yicha taqdim etilgan imtiyozlar ham bekor qilinadi.

QQS bo‘yicha boshqa o‘zgarishlar

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan QQS to‘lovchilar deb e’tirof etilishi mumkin. 

QQS guvohnomasining amal qilish muddati to‘xtatilganligi munosabati bilan hisobga qabul qilinmagan, haqiqatda olingan tovar (xizmat)lar bo‘yicha to‘langan (to‘lanishi lozim bo‘lgan) soliq summasiga, guvohnomaning amal qilish muddati tiklangan taqdirda, soliq to‘lovchida va uning xaridorlarida guvohnomaning amal qilishi to‘xtatib turilgan davr uchun tuzatishlar kiritilishi (hisobga qabul qilinishi)ni nazarda tutuvchi tartib joriy qilindi. 

Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasida hisobda turadigan soliq to‘lovchilarga tovarlarni import qilish chog‘ida QQS to‘lovi hisobiga budjyetdan qoplanishi lozim bo‘lgan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish huquqi berildi. 

QQSni o‘zaro hisobga olish soliq va bojxona organlari tomonidan avtomatik rejimda amalga oshiriladi. Buning uchun tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi bo‘lgan soliq to‘lovchi bojxona-yuk deklaratsiyasi (BYD)ni rasmiylashtirayotganda import qilish chog‘ida QQS qoplanishi lozim bo‘lgan summa hisobidan to‘langani to‘g‘risida belgi qo‘yilishi lozim.

Foyda solig‘i 

2023 yil 1 yanvardan soliq to‘lovchilarning toifasi, soliq stavkalari, soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi saqlab qolindi.

2022 yil 1 noyabrdan tovar (xizmat)larni eksportga realizatsiya qilishdan olingan foydaga, eksportdan olingan daromadning jami daromaddagi ulushidan qat’iy nazar, 0% miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha soliq solinishi lozim. Bunda 2023 yil 1 yanvardan doimiy muassasalar orqali O‘zbekistonda faoliyatni amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlariga xizmatlar ko‘rsatishdan olingan foyda bo‘yicha 0% miqdoridagi soliq stavkasi qo‘llanilmaydi. 

Quyidagi hollarda foyda solig‘i stavkasini 50% ga pasaytirish huquqi beriladi:

- 2022 yil 1 sentabrdan keyin birinchi marta foyda solig‘ini to‘lashga o‘tgan AOS to‘lovchilarga – soliq to‘lovchi soliq to‘lashga o‘tgan yildan keyingi bitta soliq davri davomida, basharti pasaytirilgan soliq stavkasi qo‘llanadigan soliq davrida soliq to‘lovchining jami daromadi 10 mlrd so‘mdan oshmagan bo‘lsa. 

Bunda mazkur soliq to‘lovchilar soliq bazasini soddalashtirilgan tartibda jami daromadning 25 foizi miqdorida belgilashga haqli;

- 2022 yil 1 sentabrdan keyin joriy soliq davri davomida jami daromadi 1- marta 10 mlrd so‘mdan oshgan soliq to‘lovchilarga – basharti pasaytirilgan soliq stavkasi qo‘llanadigan soliq davrlarida jami daromad 100 mlrd so‘mdan oshmagan bo‘lsa, joriy soliq davri va keyingi soliq davri davomida. 

Pasaytirilgan soliq stavkasi yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni va aksiz solig‘ini to‘lovchilarga nisbatan, shuningdek soliq to‘lovchi tugatilgan va (yoki) pasaytirilgan soliq stavkasini qo‘llash uchun soliq to‘lovchining tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadlarini ikki va undan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida taqsimlash (bo‘lish) dalillari aniqlangan taqdirda qo‘llanmaydi. 

Tog‘ jinslarini olib tashlash ishlari istiqbolni ko‘zlab amalga oshirilishini inobatga olgan holda, ular alohida amortizatsiya aktivlari guruhiga o‘tkazildi. Ushbu xarajatlar mazkur amortizatsiyalanadigan aktiv bo‘yicha amortizatsiya normasini, biroq 1 yilda jamg‘arilgan xarajatlar summasining 33 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda qo‘llash orqali soliq to‘lovchining jami daromadidan amortizatsiya ajratmalari ko‘rinishida chegirilishi nazarda tutilgan. 

Faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi norezident tasarrufida soliq to‘langanidan keyin qoladigan sof foyda dividendlarga tenglashtirilgan va unga 10% miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha soliq solinishi lozim bo‘lgan.

Faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi norezident dividendlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan pasaytirilgan soliq stavkasini qo‘llashga haqli ekanini nazarda tutuvchi aniqlashtirish kiritildi.

Dividendlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha soliq solish masalalariga doir O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida bir nechta pasaytirilgan soliq stavkasi nazarda tutilgan bo‘lsa, ularning eng past bo‘lgani qo‘llaniladi. 

Norezidentning montaj qilish va (yoki) ishga tushirish-sozlash xizmatlari va boshqa shunga o‘xshash xizmatlarni ko‘rsatishini nazarda tutuvchi asbob-uskunalarni sotib olish (sotish) uchun tashqi savdo kontrakti doirasida, ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati alohida ko‘rsatilmasa, u holda norezidentning soliq solinadigan daromadi bunday xizmatlarning bozor qiymatidan kelib chiqib aniqlanadi (ilgari – asbob-uskunalar qiymatidan 20%).

Ma’lumotnomani soliq organiga taqdim etish muddati o‘zgartirildi. Xususan, 2023 yil 1 yanvardan soliq to‘lovchi ushbu ma’lumotnomani joriy chorakda olinishi kutilayotgan foyda summasidan kelib chiqib keyingi chorakdagi birinchi oyning 15-sanasigacha (ilgari 10-sanasigacha) taqdim etishga haqli

Jismoniy shaxslardan olinadigan foyda solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar 

Har ikki soliq turlari bo‘yicha soliq to‘lovchilarning toifasi, soliqlarning stavkalari, soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash (shu jumladan, ShJBPHGA 0,1% o‘tkazish) tartibi saqlab qolindi.

Jismoniy shaxslar o‘z daromadlarini ipoteka kreditlarini so‘ndirishga yo‘naltirganda, bir vaqtning o‘zida turar joy qiymati (bugungi kunda 300 mln so‘m) bo‘yicha talabni bekor qilgan holda, JShODS bo‘yicha soliq solinmaydigan daromad summasi 15 mln so‘mdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 80 baravarigacha (yoki 920 000x80=73,6 mln so‘m) oshirildi. 

2023 yil 1 apreldan jismoniy shaxslarning hayotini uzoq muddatga sug‘urtalash haqini to‘lashga yo‘naltiriladigan jismoniy shaxslarning daromadlari qismida JShODS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilindi.

Qat’iy belgilangan miqdorlarda soliqni to‘lovchi jismoniy shaxslar (YaTT) uchun JShODS stavkasi 10% ga indeksatsiya qilindi. 

JShODS va ijtimoiy soliq bo‘yicha yillik soliq hisobotini taqdim etish muddatlariga o‘zgartirish kiritildi. 2022 yil yakunlariga ko‘ra yillik soliq hisobotini 2023 yilning 15 fevralidan kechiktirmay taqdim etish zarur. 

JShODSni hisoblab chiqarish maqsadida jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari 10 foizga indeksatsiya qilindi.

Aksiz solig‘i bo‘yicha qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlar 

2023 yil 1 fevraldan neft mahsulotlari hamda ishlab chiqariladigan alkogol va tamaki mahsulotlari bo‘yicha aksiz solig‘i stavkalari 10 %ga indeksatsiya qilindi. 

2023 yil 1 yanvardan boshlab alkogol mahsulotlarini (kuchsiz alkogolli ichimliklar bundan mustasno) ishlab chiqarishda aksiz solig‘i aksiz to‘lanadigan mahsulot tarkibidagi etil spirtining ulushidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi. Bunda ishlab chiqariladigan alkogol mahsulotining o‘lchov birligi “litr” deb belgilandi (ilgari “dal” edi).

2022 yilda aroq, konyak va boshqa alkogol mahsulotlariga aksiz solig‘i stavkasi 1 dal uchun 138 000 so‘m (yoki 1 litr uchun 13 800 so‘m) miqdorida belgilangan edi. 

2023 yilda ushbu mahsulotlarga aksiz solig‘i stavkasi aksiz to‘lanadigan tovar tarkibidagi suv qo‘shilmagan etil spirtining 1 litri uchun 34 500 so‘m miqdorida belgilanmoqda. 

Masalan, aroq tarkibidagi etil spirti ulushi 40% ni tashkil etadi, 1 litr uchun aksiz solig‘i summasi 13 800 so‘mni (34 500 so‘m x 40%), 2023 yil 1 fevraldan esa indeksatsiyani hisobga olgan holda – 15 200 so‘mni (38 000 so‘m x 40%) tashkil etadi.

2023 yil 1 yanvardan quyidagilarga aksiz solig‘i stavkasi 5 baravarga oshiriladi va 1 litr uchun 7 450 so‘mni tashkil etadi:

- oziq-ovqat xomashyosidan rektifikatsiyalangan etil spirti;

- efiraldegidli fraksiyadan texnik rektifikatsiyalangan etil spirti;

- asosiy fraksiyadan etil spirti. 

2023 yil 1 yanvardan alkogol va tamaki mahsulotlarini import qilishda aksiz solig‘i stavkalari 5% ga pasaytirildi.

Ko‘proq yangiliklar: