Respublikada gimnastikani rivojlantirish chora-tadbirlari belgilandi

Sport 08:30 / 04.01.2023 17568

Prezidentning «Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Gimnastika sport turlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi:

  • aholi o‘rtasida gimnastika sport turlarining ommaviyligini oshirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • maktabgacha yoshdagi bolalarning gimnastika bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish;
  • umumiy o‘rta ta’lim maktablarining jismoniy tarbiya darslarida gimnastika sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlarni bosqichma-bosqich ko‘paytirish;
  • professional trenerlar va malakali hakamlarni tayyorlash, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar hamda videomateriallar ishlab chiqish.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab quyidagi dasturlar joriy qilinadi:

  • maktabgacha ta’lim tashkilotlarida «Gimnastikaga ilk qadam»;
  • umumiy o‘rta ta’lim maktablarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan «Bolalar uchun gimnastika».

Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida Nukus, Samarqand va Farg‘onada yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan hududiy Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etiladi. Ular gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktablari negizida tashkil qilinadi. Ularning faoliyati qobiliyatli va iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olishga yo‘naltiriladi. Gimnastika markazlari o‘quvchilarining umumiy kontingenti jami 132 nafarni tashkil etib, ular 1–11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi.

Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va uning filiallarida gimnastika bo‘yicha amaldagi o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini ikki baravarga oshirish choralarini ko‘rish vazifasi topshirildi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2023–2025 yillarda gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»;
  • 2023–2025 yillarda gimnastika sport turlarini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari.
Ko‘proq yangiliklar: