«Futbol qiroli saraton bilan kurashda tobora taslim bo‘lmoqda». Pelening ahvoli og‘irlashdi, Braziliyada tayyorgarlik boshlangan

Sport 13:24 / 28.12.2022 40657

Braziliyadan qayg‘uli va xavotirli xabarlar tarqalishda davom etmoqda: futbol qiroli Pelening ahvoli tobora yomonlashmoqda. U yaqinlari hamda do‘stlari bilan vidolashgan. 

JCh-2022 arafasida braziliyalik sobiq futbolchi San-Paulu shifoxonasiga shoshilinch yotqizilgandi. Uning tanasida ko‘plab shish va yurak yetishmovchiligi aniqlangan. 20 dekabr kuni futbolchining qizi otasining ahvoli og‘irligini ma’lum qildi. 

Pele ichaklari, jigari va o‘pkasida o‘smalar paydo bo‘lgani tufayli bir necha oy davomida kimyoterapiya muolajasini olib kelayotgan edi. Biroq bu naf bermadi. 

Sobiq futbolchi 2021 yil sentabr oyida yo‘g‘on ichakdagi o‘simtani olib tashlash bo‘yicha operatsiya qilingandi, 2022 yilda esa uchta xavfli o‘sma va siydik yo‘llari infeksiyasini davolash uchun ikki marta shifoxonaga yotqizilgan edi. Ammo barchasi besamar bo‘lmoqda. 

«Yana bir kecha birga». Pelening qizi shifoxonadan rasm joyladi 

Pelening qizlaridan biri Keli Kristina Nasimento o‘lim bilan olishayotgan otasining shifoxonadagi suratini e’lon qildi.

«Biz hali ham shu yerdamiz, umidimizni so‘ndirmay hayot uchun kurashyapmiz. Yana bir kecha birga», - deya izoh qoldirgan Keli Kristina. 

«Pele yaqinlari va do‘stlari bilan vidolashmoqda» 

27 dekabr kuni Pele oilasiga yaqin manba sanalmish biznesmen Frenk Xolid futbol qirolining ahvoli tobora yomonlashayotgani, u oilasi, do‘stlari bilan vidolashganini ma’lum qildi. 

«Pele yaqinlari va do‘stlari bilan vidolashmoqda. Futbol qiroli saraton bilan kurashda afsuski sekin-asta taslim bo‘lmoqda. Uning oilasi afsonaning ahvoli tobora og‘irlashayotganini aytdi», - deya yozadi Xolid ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida. 

Braziliya OAVlari mamlakatda Pelening dafn marosimiga tayyorgarlik ko‘rilgani haqida xabar bergan bo‘lsa, «tvitter»da afsonaning vidolashuviga tayyorgarlik ko‘rilayotgani videolari tarqalgan. 

«Santos» Pele sharafiga klub ramziga toj qo‘shadi 

Pelening futbolchilik faoliyatidagi asosiy klubi bo‘lmish «Santos» 27 dekabr kuni afsonaviy futbolchi sharafiga yangi mavsumdan klub emblemasini yangilashini ma’lum qildi. 

«2023 yildan klub liboslaridagi ramzimizga Pelening sharafiga toj tasviri tushiriladi. «Santos» toj va ikki yulduz qo‘shilgan liboslarda to‘p suradi», - deydi klub prezidenti Selso Jatene. 

Foto: Reuters

Pele 1956 yildan 1974 yilga qadar «Santos» sharafini himoya qilgan. Ushbu klub safida 6 karra Braziliya chempioni bo‘lgan.  

«Butun dunyo sen uchun ibodat qilmoqda». Romario, Chilavert va XOQ prezidenti Peleni qo‘llab-quvvatladi 

Braziliyalik sobiq futbolchi Romario Pelega murojaat qildi: «Dunyo sen uchun ibodat qilmoqda». 

Paragvaylik mashhur sobiq darvozabon Xose Luis Chilavert ham Peleni qo‘llab-quvvatlagan: «Yaratgan qirol Pelega yashash uchun kuch-quvvat berishda davom etsin». 

Afsonaviy futbolchining o‘g‘li Edino otasi davolanayotgan shifoxonadan uning qo‘lini ushlab foto joyladi: «Ota, bor kuchim sen bilan». 

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax ham Pelega murojaat yo‘llagan. «Pele, bor o‘y-xayolim sen bilan. Chin qalbdan senga sog‘liq va eng ezgu tilaklarni bildirib qolaman», - deya Baxning so‘zlarini keltirgan tashkilot matbuot xizmati.  

Foto: Reuters

Ma’lumot uchun, Edson Arantes du Nasimentu – Pele uch marta (1958, 1962, 1970) jahon chempioni bo‘lgan dunyodagi yagona futbolchi, XX asrning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida tan olingan. 

Ko‘proq yangiliklar: