Qishki transferlar: Shomurodovga xaridor bor, APL klublari JCh yulduzlarini ko‘zlamoqda

Sport 14:06 / 24.12.2022 46934

«Torino» Shomurodov transferi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda

Italiyalik insayder Nikolo Shiraning ma’lumotiga ko‘ra, «Torino» «Roma» hujumchisi Eldor Shomurodovga qiziqishni saqlab qolmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Joze Mourinoning rejalaridan o‘rin olmagan va Turin klubi bu vaziyatdan foydalanib qolmoqchi.

Rimliklar jamoasining Shomurodov bilan shartnomasi 2026 yilga qadar tuzilgan. Transfermarkt futbolchining transfer qiymatini yetti million yevroga baholagan.

Ushbu 27 yoshli forvard 2020-2021 yillar mavsumida Italiyaning boshqa bir jamoasi «Jyenoa» safida to‘p surib, 31 o‘yinda 8 gol urishga erishgan. U 2021 yil yozida «Roma» safiga kelib qo‘shilgandi, ammo o‘tgan vaqt mobaynida asosiy tarkibdan o‘rin egallay olmadi va jami 34 o‘yinda 3 gol urish bilan kifoyalandi.

Asensio — «Barselona»ga o‘tadimi?

Marko Asensio. Foto: Global Look Press

AS nashri ma’lumotiga ko‘ra, «Real» yarimhimoyachisi Marko Asensio «Barselona» safida paydo bo‘lishi mumkin. Katalonlar klubi uning shartnomasi uzaytirilishi bo‘yicha vaziyatni kuzatib bormoqda: uning Madrid klubi bilan amaldagi kelishuvi 2023 yil iyuniga qadar tuzilgan, ammo kelishuvni uzaytirish bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

Transfermarkt Asensioning transfer qiymatini 25 million yevroga baholagan. Ayni vaqtda 26 yoshda bo‘lgan havbek muqaddam «Malorka» va «Espanol» (ijara) klublarida to‘p surgan. 2015 yildan «Real» a’zosi hisoblanadi. Joriy mavsumda La Liganing 9 o‘yinida ishtirok etib, 1 gol urdi va 2 golga uzatma berdi.

Felish «Atletiko»dan ketishi mumkin

Joau Felish. Foto: Global Look Press

«Atletiko» hujumchisi Joau Felish faoliyatini Angliyada davom ettirishi mumkin. Daily Mirror xabariga ko‘ra, 23 yoshli futbolchiga APLnin bir qancha top-klublari da’vogarlik qilmoqda. Xabar qilinishicha, madridliklar portugaliyalik futbolchini mavsum oxiriga qadar ijaraga berishga ham tayyor, ammo bu holatda 8 million funt sterling miqdorida tovon puli talab etiladi.

Felishning «Atletiko» bilan shartnomasi 2026 yil yoziga qadar tuzilgan. Transfermarkt uning transfer bahosini 50 million yevroga baholaydi.  U joriy mavsumda Diyego Simeone jamoasida zaxira futbolchisiga aylanib qoldi. Shu bilan birga, Ispaniya chempionatining 12 o‘yinida ishtirok etib (asosan zaxiradan maydonga tushgan, boshlang‘ich tarkibda tushgan o‘yinlarida to‘liq o‘ynamagan), 3 gol urgan va 3 golga uzatma bergan.

«Liverpul» Amrabatni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi

La Gazzetta dello Sport ma’lumotiga ko‘ra, «Liverpul» «Fiorentina» yarimhimoyachisi Sofiyan Amrabat bilan shartnoma imzolamoqchi.

Qatardagi jahon chempionatida o‘zini ko‘rsatgan marokashlik 26 yoshli futbolchining transferi yanvar oyida rasmiylashtirilishi mumkin. Shu bilan birga, «Fiorentina» bu futbolchisi sotuvidan kamida 40 million yevro ishlab olishni ko‘zlamoqda.

Transfermarkt uning transferini 25 million yevroga baholaydi. Havbekning amaldagi shartnomasi 2024 yil yoziga qadar tuzilgan.

«Manchester Yunayted» Fernandes bilan shartnoma tuzishga yaqin

Jurnalist Bruno Andradening xabar qilishicha, APLning birdaniga bir necha klubi «Benfika» yarimhimoyachisi, Qatardagi mundial yulduzlaridan biriga aylangan jahon chempioni Enso Fernandesni o‘z safida ko‘rishni istamoqda. Bunday klublar qatorida «Manchester Yunayted» va «Liverpul» klublari nomlari tilga olinmoqda. «MYu» ushbu 21 yoshli argentinalik futbolchi uchun poygada yetakchi — klub raqobatdan qutulish uchun uning shartnomasida ko‘rsatilgan 120 million yevro miqdoridagi tovon pulini to‘lashga tayyor.

Transfermarkt Fernandesning transfer qiymatini 55 million yevroga baholagan. Ushbu yosh havbek portugallar klubiga 2022 yil yozida kelib qo‘shilgandi. U joriy mavsumda Portugaliya chempionatining 13 o‘yinida maydonga tushib, 1 gol urdi va 3 golga uzatma berdi. Qatardagi jahon chempionatida esa 7 o‘yinda ham ishtirok etdi, guruh bosqichida Meksikaga qarshi o‘yinda muhim gol urdi.

Rabio «Arsenal» qiziqishlari doirasida

Daily Mail ma’lumotiga ko‘ra, «Arsenal» «Yuventus» yarimhimoyachisi Adriyen Rabio bilan shartnoma imzolamoqchi. Manba ma’lumotiga ko‘ra, London klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta jamoa yarimhimoya chizig‘ini kuchaytirish uchun ushbu futbolchi bilan qishki transfer darichasidayoq shartnoma imzolamoqchi. Fransiya terma jamoasi safida jahon chempionatida munosib ishtirok etgan ushbu futbolchining italyan klubi bilan hozirgi shartnomasi 2023 yil yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt havbekning transferini 18 million yevroga baholagan. 27 yoshli futbolchi 2019 yildan buyon turinliklar safida o‘ynab kelmoqda.

«Real» Lokatellini kuzatmoqda

AS ma’lumotiga ko‘ra, «Yuventus» yarimhimoyachisi Manuel Lokatelli «Real»ga o‘tishi mumkin. Transfermarkt 24 yoshli italiyalik futbolchi transferini 30 million yevroga baholagan.

Manba xabariga ko‘ra, italiyalik futbolchi ispanlar klubi uchun zaxira varianti hisoblanadi, madridliklar birinchi navbatda Dortmundning «Borussiya» klubi havbeki Jud Bellingemni qo‘lga kiritishga harakat qilib ko‘radi. Agar angliyalik futbolchini transfer qilishning imkoni bo‘lmasa, skautlar asosiy e’tiborni «Benfika» havbeki Enso Fernandesga qaratishadi.

Murilo — «Atletiko»ga o‘tadimi?

Bolavip ma’lumotiga ko‘ra, Murilo «Atletiko» klubi qiziqishlari doirasiga tushgan. Manbaning xabar qilishicha, 25 yoshli braziliyalik transferiga madridliklar bosh murabbiyi Diyego Simeone shaxsan qiziqish bildirmoqda. Shu bilan birga, «Palmeyras» hozirda muzokaralardan bosh tortmoqda. Transfermarkt uning transferini 6,5 million yevroga baholagan.

«Torpedo» Sergeyevga qiziqmoqda

Metaratings ma’lumotiga ko‘ra, «Torpedo» Qozog‘istonning «Tobol» klubida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik hujumchi Igor Sergeyevning xizmatlariga qiziqish bildirmoqda. Moskva klubi ushbu forvard bilan yozdayoq shartnoma imzolamoqchi bo‘lgandi, ammo «Tobol» o‘shanda futbolchisini qo‘yib yuborishni istamagan. Sergeyevning o‘zi faoliyatini RPL chempionatida davom ettirishga qarshi emas, bu yerda unga yana bir qancha klublardan qiziqish bor. Futbolchining shartnomasi 2023 yil yoziga qadar tuzilgan. Transfermarkt 29 yoshli futbolchining transferini 1,4 million yevroga baholagan.

Ko‘proq yangiliklar: