Qozog‘iston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki mamlakat Energetika vazirliklari hamda kompaniyalari o‘rtasida qator kelishuvlarga erishildi.
Energetika vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, 2023 yilda Qozog‘iston O‘zbekistonga 300 ming tonna neft va neft mahsulotlarini yetkazib beradi. Qiymati 150 mln dollarlik kelishuv doirasida neft yetkazib berish hajmini yiliga 3 million tonnaga yetkazish bo‘yicha ishlar olib boriladi. Bu boradagi hujjat “O‘zbekneftgaz” raisi Mehriddin Abdullayev va “KazMunayGaz” raisi Magzum Mirzagaliyev tomonidan imzolandi.
Shuningdek, 2023 yilda Rossiyaning 300 ming tonna nefti Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tranzit qilinadi, bu borada qiymati 9 mln dollarlik kelishuvga erishilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa Qozog‘istondan 300 ming tonna neft import qilinishi benzin narxini 4000 so‘mga tushirishi haqidagi xabarlar tarqaldi. «O‘zbekneftgaz» matbuot kotibi Siyovush To‘raxo‘jayev Kun.uz'ga bergan izohida ijtimoiy tarmoqlarda bu xabar noto‘g‘ri talqin qilinayotganini aytdi.
«Biz Qozog‘istondan tayyor benzin emas, xomashyo (neft) olamiz. Albatta, xomashyoni olganimiz manfaatli. Undan benzindan tashqari boshqa mahsulotlar ham olinadi, bizga ancha arzonga tushadi. Shartnoma bo‘yicha 300 ming tonnaga yaqin neft va neft mahsulotlarini olamiz. Logistika, ishlab chiqarish xarajatlari bor, shundan keyin, 2023 yilning birinchi choragida benzinning yakuniy narxi aniq bo‘ladi», – dedi u.
To‘raxo‘jayevning aytishicha, kelayotgan haftada O‘zbekiston rasmiylari Qozog‘istonga borib shartnoma imzolashi kutilmoqda. U 2023 yilning mart oyigacha benzin narxi hozirgi narxda saqlanib turishini qo‘shimcha qildi (13 dekabrdan Toshkentdagi «O‘zbekneftgaz» shoxobchalarida AI-80 benzini narxi 6800 so‘mdan 5700 so‘mga tushirilgandi).
«Martdan keyin olib kelingan neftni qayta ishlash xarajatlari aniq bo‘ladi. Benzin birjaga chiqariladi va narxni birja belgilaydi», – dedi u.
- Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 4 dekabridan boshlab Toshkent shahrida metan shoxobchalar vaqtincha yopildi. Bunga aholi iste’mol qiladigan va isitish tizimida foydalaniladigan tabiiy gaz bosimi pasayib ketgani sabab bo‘ldi.
- Bundan avvalroq, Energetika vazirligi O‘zbekistonda barcha yengil avtomobillardan gaz yechilib, benzin narxi 4300 so‘mga tushishi haqidagi xabarlarni rad etgandi.