Messiga to‘n kiydirilishi ortidan, Qatarda uning savdosi jadallashdi

Sport 00:39 / 22.12.2022 33709
Foto: AFP

Jahon chempionati finalini tomosha qilgan Ahmad As-Salim Qatar amiri Argentina milliy jamoasi sardori Lionel Messi yelkasiga qora va oltin rangli to‘nni tashlaganida, aksariyat futbol muxlislaridan ko‘ra ko‘proq hissiyotlarga to‘ldi.

Messining jahon kubogini ko‘targanida kiygan to‘ni 2200 dollarlik bisht bo‘lib, Qatarda erkaklar uni to‘y, bitiruv kechasi va boshqa tantanali tadbirlarga kiyishadi. U Ahmadning oilaviy kompaniyasi tomonidan tikilgan.

Foto: AFP

As-Salim Argentinaning Fransiya ustidan qozongan g‘alabasini Dohadagi Souq Waqif bozorida, oilaviy do‘koni yonidagi kafeda tomosha qildi. Avvalroq u jahon chempionati rasmiylariga ikkita – biri kichik o‘lchamdagi, ikkinchisi kattaroq o‘lchamdagi to‘nni tikib bergan edi. Keyinroq bilishicha, kichigi Messiga, kattasi Fransiya milliy jamoasi sardori Ugo Liorisga kiydirildi.

«Biz ularni kimga mo‘ljallanganini bilmasdik va men hayratda qoldim», deydi Ahmad Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Messiga to‘n kiydirgan vaziyatni eslab. U to‘ndagi o‘z kompaniyasi yorlig‘ini tanib qoldi va hozir jahon chempionatidagi o‘zining g‘alabasini nishonlamoqda.

Qatar qirollik oilasiga uzoq vaqtdan beri bisht yetkazib beruvchi Al-Salem odatda kuniga sakkiz-o‘n dona to‘n sotar edi. Dushanba kuni, finaldan keyin sotuvlar 150 taga ko‘tarildi, shu jumladan Messi tomonidan mashhur qilingan eng yaxshi bishtning uchtasi sotildi.

Ahmad so‘zlariga ko‘ra, xaridorlarning deyarli barchasi argentinaliklar edi. U bilan suhbat chog‘ida do‘konga yana ko‘plab muxlislar kirib keldi. 

Foto: AFP

«Buni ko‘rganimizda hammamiz xursand bo‘ldik, bu bir qirolning boshqa qirolga sovg‘asi edi», dedi argentinalik muxlislardan biri Maurisio Garsiya. U ham qimmatbaho bishtni kiyib ko‘rdi, biroq narxi juda yuqori ekani sababli sotib olmadi.

Ayrim sharhlovchilar, asosan, yevropaliklar kubok taqdimoti paytida Messining futbolkasi bisht bilan yopilganini tanqid qilishdi. Ammo bu lahza arab ijtimoiy tarmoqlarida mamnuniyat bilan kutib olindi.

«Shayx kimga bisht kiydirsa, bu o‘sha odamni hurmat qilishi va qadrlashi belgisidir», dedi Ahmad.

Uning aytishicha, jahon chempionati rasmiylari do‘koniga kelganida, «eng yengil va shaffof matoli bisht» so‘rashgan. 

«Men hayratda qoldim, chunki hozir qish bo‘lsa. Keyinchalik ular Argentina libosi yopilib qolmasligi uchun shunday qilishganini tushundim», deydi u.

 

Foto: AFP

Al-Salem Qatardagi bisht tikuvchilarning eng kattasi bo‘lib, unda 60 nafarga yaqin tikuvchi ishlaydi. Har bir bishtni tikish uchun bir hafta vaqt ketadi va yetti bosqichdan o‘tadi. To‘n uchun oltinrang ip Germaniyadan, matosi esa Yaponiyadan keltiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: