Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 dekabr kuni parlamentga murojaatnoma bilan chiqdi. Unda davlat tomonidan 2023 yilga reja qilingan asosiy yangiliklar e’lon qilindi. Quyida biz iqtisodiy yo‘nalishda kutilayotgan eng muhim o‘zgarishlarni sanab o‘tamiz.
Bu yil yoz va kuz-qish oylarida kuzatilgan elektr energiyasi va gaz ta’minotidagi muammolar mamlakat energetika inqirozi yoqasiga kelganini ko‘rsatdi. Prezident urg‘u bergan masalalar ichida energetika muammosi asosiylaridan biri bo‘ldi.
“Ko‘p yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani ham, ayni haqiqat.
Oqibatda, tizimda aniq hisob-kitob yo‘qligi, katta yo‘qotishlar oddiy holga aylanib qolgan edi.
Shu bilan birga, so‘nggi olti yilda aholimiz 13 foizga, sanoat korxonalari esa 2 barobarga ortib, 45 mingdan 100 mingtaga ko‘paydi. Natijada, elektr energiyasiga talab kamida 35 foizga oshdi va yildan yilga ko‘payib bormoqda.
Iqtisodiyot barqaror rivojlanishi uchun energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investitsiya kerak. Bunga faqatgina xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali erishish mumkin”, – dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev 2022 yilda quvvati 1,5 ming megavattli 7 ta elektr stansiyasi ishga tushirilgani, 2023 yilda yana 4,5 ming megavattli 11 ta yirik loyiha yakuniga yetkazilishini aytdi. Gaz zaxiralarini ko‘paytirish uchun geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha 10 yillik dastur qabul qilinadi.
Davlat rahbari energetika bozori erkinlashtirilishi kerakligini ham ta’kidladi. Qolaversa, ko‘proq gaz va elektr ishlatadigan badavlat qatlam bozor narxida to‘lashi kerak, chunki bu resurslar budjetdan ajratiladigan subsidiya hisobidan aholiga arzon sotiladi. Boylarning xarajatini budjetdan subsidiya qilish esa adolatsizlik.
“Ochiq aytish kerak, ko‘p iqtisodchilar energetika sohasida erkin bozorga o‘tishni taklif qilmoqda.
Bu – to‘g‘ri yo‘l. Men ham buni xohlayman.
Lekin, xalqimizning jon boshiga daromadi, ijtimoiy himoyasini o‘ylab, bu sohadagi islohotlarni shoshmasdan, bosqichma-bosqich qilishimiz kerak. Hozir bozor narxiga o‘tsak, odamlar to‘lay olmay qiynaladi.
Biz albatta erkin bozor tizimiga o‘tamiz, faqat bunda sharoiti og‘irlarga 2-3 yilga aniq subsidiya beramiz.
Daromadi yaxshi, 3 ta saunasi, 20 ta televizori borlar xohlagancha olaversin, faqat bozor narxida olsin. Hozir daromadi yaxshi ham, daromadi yomon ham bir xil narxda olyapti, bu adolatsizlik.
Energetika sohasida erkin bozorga o‘tishimiz shart. Agar erkin bozorga o‘tmasak, bizga investor kelmaydi”, – deya ta’kidladi davlat rahbari.
Murojaatnomada gaz qazib chiqarishga ilgari berilgan litsenziyalarning hammasi qayta ko‘rib chiqilishi aytildi. Eslatib o‘tamiz, ayniqsa Rossiyaning neft-gaz kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomalar milliy manfaatlarga zidligi aytiladi.
Kelayotgan yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha asosiy muzokaralar oxiriga yetkazilishi va’da qilinyapti. Xususiylashtirish bo‘yicha esa, 2023 yilda davlatga qarashli mingga yaqin korxona savdoga chiqariladi.
“Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha asosiy muzokaralarni yakunlab, ichki qonunchilikni moslashtirish, yangi standartlarni joriy etish ishlarini jadallashtiramiz.
Bugun ko‘nglimdagi bitta niyatimni sizlarga ochiq aytmoqchiman. Mening katta niyatim – yurtdoshlarimiz orasida yuz minglab mulkdorlar, aksiyadorlar paydo bo‘lsin. Odamlarimiz o‘z omonatlarini investitsiya qilib, yuqori daromadlarga ega bo‘lsin.
Shuning uchun, topshiriq berdim. Keyingi yilda eng yirik 10 ta kompaniyalar va tijorat banklarimiz aksiyalari o‘z aholimiz uchun ochiq va shaffof savdoga chiqariladi. Bu chinakam xalq “Ay-Pi-O”si bo‘lishiga ishonaman”, – dedi u nutqida.
Prezident hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, barcha tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy etilishini ham aytib o‘tdi. Unga ko‘ra, tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib 5 ta toifaga ajratiladi. Subsidiyalar va kompensatsiyalar miqdori, kreditlar va soliq stavkalari hududning toifasiga bog‘liq bo‘ladi.
2023 yilda suv, elektr, yo‘l, maktab kabi loyihalarga salkam 3 barobar ko‘p, ya’ni 8 trillion so‘m ajratilishi yana bir bor tasdiqlandi. Bularning hammasi aholi takliflari asosida, ya’ni “Tashabbusli budjet” orqali bo‘ladi. Mol-mulk va yer soliqlarining bir qismi mahallalarda qoladi.
Muhim iqtisodiy yangiliklardan yana biri: agar siz hokimning qaroridan norozi bo‘lsangiz va: “Tumanimizdagi sud hokimdan mustaqil emas, shu sababli ariza bersam ham xolis qaror chiqarmaydi” deb hisoblasangiz, unda boshqa hududdagi sudga murojaat qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Prezident murojaatnomasidagi iqtisodiy xabarlarga oid sharhimizni Shavkat Mirziyoyevning nutqidagi asosiy parchalardan biri bilan yakunlaymiz:
“Vazirlar ham, hokimlar ham bir narsani yaxshi tushunib olishi kerak. O‘zbekistonda mulk va investitsiyaning himoyachisi qaysidir hokim yoki vazir emas, faqat Konstitutsiya, qonun va sud bo‘ladi”.