Abdusoli aka Farg‘ona tumanining adirlik yon bag‘ridagi Qo‘rg‘ontepa qishlog‘i Bekat mahallasida yashaydi. Qishloq aholisi chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi.
62 yoshli Abdusoli akaning uyida mehmon bo‘lib oilaning yashash sharoiti bilan tanishdik. Oila boshlig‘i farzandlari va o‘zi ishlagan zavod haqida so‘zlab berdi.
«Maktabni tamomlagach «uchilisheda» o‘qidim. So‘ng «armiyaga» ketdim. Germaniyada xizmat qildim. Armiyadan qaytib 1980 yilda Qapchug‘ay qishlog‘idagi temir-beton zavodiga ishga kirdim. 2020 yilda nafaqaga chiqdim. Allohga shukr, hamma narsamiz yetarli. Hayot yaxshilikda o‘tyapti.
4 o‘g‘il va 1 qizim bor. Yaratganga shukr. Hammasini uyli-joyli qildik. Endilikda o‘zlari tirikchiliklarini qilishyapti. Uyda ham «svarshchiklik» qilib turaman. Qoramollarimiz bor. Tirikchilik o‘tyapti».
Qishloqqa ichimlik suvi yetib kelmagan, tabiiy gaz yo‘qligidan aholi ko‘mir va o‘tin yoqib qish chiqarar ekan. Abdusoli aka bir paytlar uyida suruv-suruv qo‘ylar boqqan. Dashtlar o‘zlashtirilgandan keyin chorva boqish imkoniyati cheklanib odamlar avvalgidek mol-qo‘y boqmay qo‘ygan.
«Tepaga» chiqib ichimlik suvini olib kelamiz. O‘tin ko‘mir qilib qishni chiqaryapmiz. Yerimiz bor, yozda ekin-tikin bilan ovora bo‘lamiz. Suv omboridan bo‘shagan yerda makkajo‘xori ekamiz. Makkaxo‘xori hosilini kechroq yig‘ishtirib olganimiz uchun so‘taning oldi qismi pishib orqa tomoni esa yaxshi pishmay qoladi. «To‘ni»ni qayirib mixga osib qo‘ysak yaxshi quriydi...
Qo‘y boqishga avvallari sharoit yaxshi bo‘lgan-da. Dasht yerlar ham sekin-asta o‘zlashtirilib ko‘pchilik avvalgidek chorva qilmay qo‘ydi. Chorvalarimizni boqish uchun qirg‘izlarga berib yuborar edik. Chegarada tartib o‘zgargani uchun chorva boqishda imkoniyatimiz cheklandi.
Qishloq ahli asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Fermer yerlarida ishlaydi ko‘pchilik. Davlat ishida ishlaydiganlar kam. Aholi juda mehnatkash. Yoshlarimiz ishbilarmon».
Abdusoli aka qishloq aholisi yetishtirayotgan kartoshkaga qurt tushib ketayotgani haqida ham so‘zladi.
«Ilgari bunday holat kuzatilmagan. Yaqin 5-6 yildan beri shunday bo‘lyapti. Shuning uchun ham kartoshka saqlashning imkoni bo‘lmayapti. Ombordagi kartoshkani qurtlar teshvoryapti. Saqlashning imkoni bo‘lmaganidan pishib yetilishi bilanoq sotib yuborishga majbur bo‘lyapmiz».
U o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga mehr bergan. Shaharda yashaydigan o‘g‘lining uyiga borsa ham ikki kun deganda qishloqqa «qochib» kelar ekan.
«O‘g‘illarimga pechkasidan tortib bog‘-rog‘igacha qilib berdim. Ular ham intilishib qolgan kamchiliklarini o‘zlari qilishyapti. Nafaqaga chiqqanimga 2 yil bo‘lgan bo‘lsa ham bekor qolganim yo‘q. Xususiy traktorim bor, haydab turaman.
4 o‘g‘il — bari harakatchan. 2 o‘g‘lim men bilan birga zavodda ishlar edi. Ulardan biri Koreyaga ketayotgan paytda pandemiya bo‘lib bora olmay qoldi. Bekor yurmay deb keyin Rossiyaga ketdi. Bir o‘g‘lim suv omborida ishlar edi. «Sokrasheniya» tushgach endi mahallada kunbay ustachilik qilyapti. Tirikchiligi o‘tyapti. Kenja o‘g‘lim oliy ma’lumotli. Shaharda yashaydi.
Qishlog‘im men uchun judayam qadrli. O‘g‘limnikiga borib qolsam uzog‘i ikki kun «chidab» o‘tiraman. Bizga o‘xshab qishloq sharoitida yashagan insonga shaharga ko‘nikish qiyin ekan».
«1 millionga yaqin pensiya olaman. Zavodga 1980 yilda ishga kirganman. Orada tobim bo‘lmay buyragim og‘rib qolib, 14 yil gruppada yurdim. Sog‘ligimni tiklaganimdan keyin yana ishga qaytdim».
Abdusoli aka yoshlik damlari, bosib o‘tgan hayot yo‘li haqida gapira turib, makka so‘tasi to‘nini qayirib, omborxona yog‘ochlarga ilishda davom etardi...
Oila boshlig‘i bilan suhbatlashib bo‘lgach adirlikka tutash qishloqning so‘qmoq yo‘llari bo‘ylab oraladik. Kimdir qo‘ylarini adirlikka haydagan.
«Mahallada 15 ta xo‘jalik yashaydi. 50 bosh qo‘yimiz bor. Uni adirlikda boqamiz. Dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanamiz. Qo‘y boqish yoz faslida qiyin, kuz va qishda esa oson bo‘ladi.
Joylarga ekin ekilgani uchun yozda qo‘ylarimizni suv ombori atrofida boqishga majbur bo‘lamiz. Hozir esa ekindan bo‘shagan yerlarda va adirlarda qo‘y boqyapmiz», – deydi shu qishloqda yashovchi Abubakr Xudoyberganov.
Quyosh botib atrofni qorong‘ilik chulg‘ay boshladi. Abubakr akaning suruv qo‘ylari chang-cho‘zonni o‘zi bilan birga olib qirdan tushdi. Dalaga ketgan qishloq sigirlari izlariga qaytdi.
Abdusoli akaning ham dalaga anor ko‘mgani ketgan ikki o‘g‘li qaytib keldi. Adirlikka tutash qishloqda mo‘ridan burqsib chiqayotgan tutundan boshqa hamma narsa tin oldi...
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.