«Lacetti, Cobalt, Damas va Labo avtomobillariga shartnomalar qabul qilish vaqtincha to‘xtatiladi» - UzAuto Motors

Iqtisodiyot 12:28 / 17.12.2022 42257

Kun.uz UzAuto Motors kompaniyasining O‘zbekistondagi dilerlari bilan bog‘lanib, Lacetti, Cobalt, Damas va Labo avtomobillari uchun shartnomalar berish to‘xtatilgani haqida xabar bergandi. Kompaniya ushbu holatga rasmiy izoh berdi

Qayd etilishicha, hamyonbop avtomashinalar bo‘yicha shartnomalarni qabul qilish to‘xtatilishiga O‘zbekistonda avtomobillarga bo‘lgan talabning anomal o‘sishi va global muammolar kuchaygani sabab bo‘lgan.

«O‘zbekistonda avtomobillarga bo‘lgan talabning anomal o‘sishi va global muammolar kuchayganini hisobga olib, kompaniya bunday sharoitda boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar tomonidan qo‘llangan yo‘ldan borishni to‘g‘ri deb hisoblaydi va Chevrolet Lacetti, Cobalt, Damas va Labo avtomobillariga shartnomalar qabul qilishni vaqtincha to‘xtatadi. Bu o‘z navbatida barcha sa’y-harakatni avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha avtomobil ishlab chiqarishga yo‘naltiradi», - deyiladi kompaniyaning rasmiy xabarida.

Deputat Rasul Kusherbayev UzAuto Motors’ning ushbu qarorini xaridorlarni qo‘llab-quvvatlash emas, balki narxlarni oshirish uchun qilinayotgan o‘yin deb hisoblamoqda.

«Shaxsan men kompaniyaning vajlariga ishonmayman. Bu monopolistning xaridorgir avtomobillarga sun’iy defitsit yaratib, narxni oshirish borasidagi navbatdagi o‘yini bo‘lishi mumkin», - deya yozadi Kusherbayev.

Avvalgi yillarda kontraktatsiya to‘xtab, narxlar oshgan holda qayta ochilgani xaridorlarning narx oshishi borasidagi xavotirlariga sabab bo‘lmoqda.

O‘tgan oylarda Spark va Nexia avtomobillari ishlab chiqarishdan olingan, natijada ayni paytda mijozlar faqat yangi Onix modeli uchun shartnoma qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, kompaniya 2023 yilda Sobalt va Damas ishlab chiqarishni oshirib, Gentra ishlab chiqarishni to‘xtatishini ma’lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: