Vazir: Toshkentda uylarning 1-qavatini tijoriy maqsadda sotib oluvchilarga imtiyozli kredit bermoqchimiz

Iqtisodiyot 19:18 / 13.12.2022 32309

Uchtepa tumanida prezident ishtirokida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri Jamshid Qo‘chqorov tumanga oid rejalarni taqdim etdi.

“Uchtepaning Xirmontepa ko‘chasida, yo‘l bo‘ylarida 75 ta savdo nuqtalari ochish rejalashtirilyapti. Bundan tashqari, o‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatyaptiki, tuman bo‘yicha 360 ta binoda foydalanilmay turgan 91 ming kvadrat joylarni ijaraga bersa bo‘ladi.

Bilamizki, ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida tadbirkorlik nuqtalari ochish mumkin. Shuning uchun bunday uylar qimmat. Buni hisobga olgan holda, 1-qavatdagi uylarni sotib olib, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishni istovchilarga “Milliy bank” tomonidan alohida imtiyozli kredit liniyasini yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tumanda, shuningdek, ko‘pchilik biladigan “Vatan” kinoteatri bor. Bir vaqtlar uning 25 foizlik ulushi davlat hisobida qolib ketgan. Hozir 75 foizlik ulushiga ega tadbirkor obektdan to‘laqonli foydalana olmayapti. Agar unga to‘lig‘icha o‘tkazilsa, 8 mln dollar investitsiya kiritaman va 350 kishini ish bilan ta’minlayman, deyapti.

Umuman, rejalarimiz bo‘yicha Uchtepa tumanida kelgusi yilda sanoat mahsulotlari hajmi 6,7 trln, savdo va ishlab chiqarish 18 trln so‘mga yetkaziladi. Bu borada tuman Toshkent shahrida yetakchilardan biri bo‘ladi”, – deya Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq Markaziy bank hukumatni imtiyozli kreditlardan butkul voz kechishga chaqirgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: