Latviyada «Dojd» telekanaliga nisbatan surishtiruv boshlandi

Jahon 09:52 / 03.12.2022 4703

Latviya Davlat xavfsizlik xizmati «Bu yerda va hozir» yangiliklar dasturi boshlovchisi Aleksey Korostelevning Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun safarbar etilgan rossiyaliklarning huquqlari buzilgani va ko‘plab rus harbiy xizmatchilariga «masalan, jihozlar va frontdagi oddiy qulayliklar bilan yordam bera olish» haqidagi so‘zlari yuzasidan «Dojd» telekanaliga nisbatan tekshiruv boshladi. Davlat xavfsizlik xizmati 2 dekabr, juma kuni o‘z saytida ma’lum qilishicha, telekanal «Rossiya okkupatsion kuchlari»ga yordam ko‘rsatayotganiga nisbatan gumonlar bor. 

«Davlat xavfsizlik xizmati Rossiya okkupatsion kuchlari tomonidan Ukraina va uning aholisiga qarshi sodir etilgan jinoyatlar fonida tajovuzkor Rossiyani har qanday ko‘rinishda qo‘llab-quvvatlash qabul qilinishi mumkin emasligidan ogohlantiradi», — deyiladi Latviya maxsus xizmati saytida. To‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkni Rossiya uchun yig‘ish yoki unga o‘tkazish Latviya Jinoyat kodeksining 77.2-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi, deyiladi bayonotda. 

Shu bilan birga, Davlat xavfsizlik xizmati «qarorlar qabul qilish uchun mas’ul bo‘lgan muassasalar va mansabdor shaxslarni Rossiyaning mustaqil deb ataladigan ommaviy axborot vositalari faoliyatining Latviyaga o‘tkazilishi turli xavf-xatarlar bilan bog‘liqligi haqida bir necha bor ogohlantirganini» eslatadi. 

«Ushbu mediakompaniyalar va jurnalistlar tajovuzkor mamlakatda uzoq vaqt ishlagani bois, Latviyada o‘z faoliyatini boshlagan ayrim ommaviy axborot vositalari yoki ular vakillarining Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqasi borligini inkor etib bo‘lmaydi. Latviyadagi muhojir ommaviy axborot vositalari faoliyatida Rossiya maxsus xizmatlari ham bo‘lishi mumkin», — deyiladi press-relizda. 

2 dekabr kuni ertalab Latviya Milliy media kengashi (NEPLP) raisi Ivars Abolins Twitter’dagi sahifasida «Dojd» Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida ko‘rsatgani va Rossiya armiyasini «bizning armiyamiz» deb atagani uchun 10 ming yevro jarimaga tortilganini ma’lum qildi. 

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, bu telekanalning so‘nggi oylardagi ikkinchi qoidabuzarligi bo‘lgan. Uchta qoidabuzarlik bilan NEPLP Latviyada efirga chiqish ruxsatnomasini bekor qilishi mumkin. 

2 dekabr kuni tushdan keyin «Dojd» telekanali boshlovchisi Yekaterina Kotrikadze efirda telekanal Aleksey Korostelevni ishdan bo‘shatishga qaror qilganini aytdi. «Bu biz uchun juda og‘ir qaror, ammo «Dojd» rahbariyati buni yagona to‘g‘ri va mumkin bo‘lgan qaror deb hisoblaydi», dedi u. 

Bir necha soatdan so‘ng, 2 dekabr kuni kechqurun Korostelevning o‘zi «Dojd» tomoshabinlariga murojaat qilib, o‘zining Telegram’ida sodir bo‘lgan voqeani quyidagicha izohladi: «Hamma tomonidan tashlab ketilgan va och holatdagi safarbar qilingan odamga achinamanmi (gap ular haqida ketgandi)? Ha. Putin yaxshimi? Yo‘q. Aftidan, bo‘linish shu yerdan o‘tadi. Monologda tilga olingan safarbar qilingan odamlarga yordam beryapmanmi? Faqat ular haqida gapirish orqali – efirda va shu telegram-kanalida mening yozganlarimni ko‘rgansiz, ko‘rsatmalarni eshitgansiz».

Ayni paytda, «Dojd» bosh muharriri Tixon Dzyadko o‘zining Twitter’dagi sahifasida Korostelevning iqtibosini keltirib, tayanib shunday dedi: «Bu ibora tomoshabinda «Dojd» telekanali Rossiya armiyasiga yordam berayotgani hissini uyg‘otadi. Shu munosabat bilan ta’kidlash kerakki, «Dojd» telekanali rus armiyasini - frontda ham, undan tashqarida ham jihozlashda yordam bermagan, bermayapti va bermaydi»

Dzyadkoning so‘zlariga ko‘ra, tomoshabinlardan rossiyalik harbiy xizmatchilarning huquqlari buzilganligi to‘g‘risida ma’lumot yuborish so‘ralgan elektron pochta manzili «Rossiya armiyasining Ukrainadagi jinoyatlari va Rossiyadagi jinoiy va ma’nosiz safarbarlik paytidagi qonunbuzarliklar to‘g‘risida shaxsiy dalillar to‘plash uchun yaratilgan».

Dzyadko tomoshabinlardan uzr so‘radi va Korostelevning ularni chalg‘ituvchi iborasi efir takroriy lavhasidan darhol olib tashlanganini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: