Kanada Eronning Rossiyaga dronlar yetkazib berishiga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi

Jahon 09:55 / 03.12.2022 4950

Kanada rasmiylari, Ottavaga ko‘ra, inson huquqlarining buzilishi va xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid soluvchi harakatlar uchun mas’ul bo‘lgan Eron rasmiylari va tashkilotlariga qarshi sanksiyalarni kengaytirmoqda. Bu haqda Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Jolining 2 dekabr, juma kuni e’lon qilingan bayonotida aytiladi

Sanksiyalar ro‘yxatiga 4 nafar jismoniy va 5 ta yuridik shaxs, jumladan Safiran Airport Services savdo va yuk tashuvchi Eron aviakompaniyasi qo‘shildi, u «Rossiya harbiy samolyotlarining Eron va Rossiya o‘rtasida parvozlarini muvofiqlashtirgan, bu orqali Eron rejimi tomonidan ishlab chiqarilgan halokatli uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA)ni yetkazib berish amalga oshirilgan». 

Sanksiyalar, shuningdek, Basij Resistance Mobilization Force va Islom inqilobi muhofizlari korpusi bilan texnologiya sektorida tadqiqot xizmatlarini ko‘rsatish, shu jumladan, Shahed seriyasidagi UUA ishlab chiqish sohasida muhofizlar korpusini rivojlantirish bo‘yicha shartnomalar tuzgan Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) kooperativ jamg‘armasining shu’ba korxonasi Baharestan Kish Company kompaniyasiga ham ta’sir ko‘rsatdi.

«Bu harakatlar Kanadaning Eron rejimining mamlakat ichkarisida va xorijdagi jirkanch xatti-harakatlariga javobining so‘nggi namunasidir. Kanada xalqaro hamkorlari bilan rejimning beqarorlashtiruvchi harakatlariga qarshi turish va jim turishni istamagan eronliklarning jasoratli ovozini kuchaytirishda davom etadi», - deyiladi Kanada Tashqi ishlar vazirligi saytida.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Kanada shu kungacha 99 nafar jismoniy shaxs va 181 ta Eron tashkilotiga, jumladan, IIMK hamda rejimning iqtisodiy, xavfsizlik va razvedka apparatiga nisbatan sanksiya qo‘ygan. 

Noyabr oyi o‘rtalarida Kanada IIMK aerokosmik kuchlari bilan bog‘liq va Shahed seriyali dronlarini, xususan, Rossiya tomonidan Ukraina bilan urushda foydalaniladigan Shahed-136’ni ishlab chiqarish faoliyatiga aloqador deb hisoblanuvchi Shahed Aviation Industries kompaniyasiga sanksiyalar kiritdi. 

Ko‘proq yangiliklar: