Jamoatchilikka “yopilayotgan” e-qaror: shaffoflik “yeng ichiga tiqib” qo‘yilmoqda

O‘zbekiston 09:41 / 03.12.2022 8563

E-qaror elektron platformasida hokimlarning qaror va farmoyishlari, kengash qarorlari yopiq shaklda aks eta boshladi. Yashirilgan hujjatlarga “ushbu hujjat shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik yoki amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi foydalanishi cheklangan axborot mavjudligi tufayli yashiringan”ligi haqidagi izoh qo‘shilgan. Endi E-qaror platformasida yopiq hujjatlarning hujjat tartib raqami, qabul qilingan vaqti va qaysi hokimlikka tegishliligiga oid ma’lumotlar aks etyapti.

 E-qaror elektron platformasidan skrinshot 

Shu bilan birga, platformada hujjat oshkoraligi funksiyasi qo‘shilgan va “barcha”, “ochiq” va “yashirin” hujjatlarni filtrlash imkoniyati yaratilgan.  

E-qaror elektron platformasidan skrinshot 

Ilgari yashirib qo‘yilgan hujjatlar platformada aks etmasdi va bu jamoatchilikda savollarni tug‘dirgandi.  

Xususan, 2022 yilning 3 noyabrida Toshkent shahar hokimligi  E-qaror platformasida 2022 yilning yarim yilligidagi shahar budjeti daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi mahalliy kengash qarorlarini e’lon qildi. Biroq oradan ikki kun o‘tib, hujjatlar yo‘qolib qoldi. E’tirozlardan keyin qaror yana platformada ko‘rindi. 

Adliya vazirligining tushuntirish berishicha, qonunchilikka muvofiq hokimliklar tomonidan ayrim hollarda foydalanilishi cheklangan axborotlarni (mudofaa, xavfsizlik, shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik hamda boshqalar) o‘z ichiga olgan qaror va farmoyishlar qabul qilinadi. Shundan kelib chiqib, kengash rahbarlari – hokimlar qarorni e’lon qilishi yoki qilmasligi mumkin. Ushbu bayonotdan keyin aniq bo‘ldiki, E-qaror portalidagi hujjatlar o‘chirib yuborilmaydi, balki yashirib qo‘yiladi. 

Adliya vazirligining noyabr oyidagi bayonotida adliya organlari tomonidan hokimliklarning 2700ga yaqin hujjatlari asossiz ravishda e’lon qilinmagani aniqlanib, keyinchalik ushbu qarorlar bilan tanishish ta’minlangani keltirildi.

Shundan keyin Gazeta.uz Toshkent shahar hokimligi bir oyda 170 ta qaror qabul qilgani va ularning qariyb 100 tasi jamoatchilikdan yashirilganiga e’tibor qaratdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov E-qaror’dagi yopiq hujjatlarning nega butun mazmuni yopiq bo‘lishi borasidagi savollarni o‘rtaga tashlagandi

Birinchidan, hokim mudofaa va xavfsizlikka oid qanaqa qaror qabul qilishi mumkin? Bu uning funksiyasi emas. Agar shunday qarorlar qabul qilinganida ham, qarorning mudofaa va xavfsizlikka oid qismi yoki moddalariga maxfiy so‘zini yozish mumkin-ku (Prezident va hukumat qarorlarida shunday qilinadi). Ya’ni butun boshli qarorni yashirish shart emas. 

Ikkinchidan, shaxsga oid qarorlar bo‘lsa, aynan o‘sha shaxsga oid qismi yopilgan holda qarorni e’lon qilishga kim yoki nima xalaqit qiladi? Amalda yuzlab shaxslar ma’lumotlariga oid qarorlar bazaga kiritilgan. Ya’ni buyam bir bahona xolos. 

Uchinchidan, yana qator qarorlar borki, na mudofaaga, na xavfsizlikka va na shaxsga oid, g‘irt iqtisodiy mundarijaga ega. Ularning yashirilishi nima uchun?” – deydi u. 

Iqtisodchi fikrining isboti sifatida xalq deputatlari Andijon viloyati kengashining VI-43-162-1-0-K/22-raqamli qarorida fuqarolarning nafaqat ismi-sharifi, yashaydigan manzillarigacha ochiq oshkor ko‘rsatilganini keltiradi.

Telegramʼdagi Influencer kanali ko‘pincha pulli masalalar bo‘yicha qarorlar E-qaror tizimiga joylanmagan yoki joylangan-u, yashirib qo‘yilganiga e’tibor qaratadi

Bu holat, ayniqsa, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qarorlarida ko‘p kuzatiladi. Masalan, hokimning may-avgust oylarida poytaxtda oltita festivalga 18 mlrd ajratganiga doir qarori ilova qilinmoqda. Buni E-qaror tizimidan izlashning foydasi yo‘q, chunki platformada bu qarorni topib bo‘lmaydi. Qaror esa to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlar portali orqali festivalni o‘tkazgan firmalardan biriga pul o‘tkazish uchun ilova qilingan hujjatlar ichidan yuklab olingan”, – deb yozdi u.

E-qaror platformasining jamoatchilikka bu shaklda “yopilayotgani” hamda “yeng ichiga tiqib qo‘yilayotgan” hujjatlarning aksariyati mablag‘ bilan bog‘liq ekanligi bir qator savollarni yuzaga chiqaradi. Qolaversa, bu harakat korrupsiyani kamaytirishdagi eng muhim omillardan biri – shaffoflikni “xiralashtirib” yubormoqda.

Eng ochiq vazirlik ekanligi ta’kidlanadigan Adliya vazirligining “qonunchilikka muvofiq foydalanishi cheklangan”, degan asosi esa hokimlarni himoya qilishga bo‘lgan urinish bo‘lishi mumkin. 

Shu o‘rinda Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bosh qotirib ko‘rishi kerak bo‘lgan bir masala bor: hokimlarning qarorlari e-qaror tizimiga joylashtirilmasligi sabablari huquqiy asosga ega bo‘lishi, aynan qanday turdagi hujjat “yashiringan” maqomiga ega bo‘lishi tartibi belgilab qo‘yilishi kerak emasmi?

Madina Ochilova

Ko‘proq yangiliklar: