Istiqbolli boshqaruv kadrlarini saralab olish bo‘yicha «100 nafar ilg‘or yetakchi» dasturi tashkil etiladi

O‘zbekiston 12:15 / 03.12.2022 3786

Prezidentning “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini saralab olish va tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Adliya vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi hamda “Vatandoshlar” jamg‘armasining istiqbolli boshqaruv kadrlarini saralab olish va tayyorlash bo‘yicha “100 nafar ilg‘or yetakchi” dasturini tashkil etish yuzasidan taklifiga rozilik beriladi.

Belgilanishicha, dastur davlat organlari va tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga salohiyatli kadrlar zaxirasini shakllantirishda nomzodlarni ko‘p bosqichli tanlov asosida saralab olish hamda boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2023 yildan boshlab:

  • dastur doirasida har ikki yilda bir marta 100 nafar salohiyatli boshqaruv kadrlari tanlov asosida saralab olinadi, ular bazaviy hisoblash miqdori 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi, maxsus o‘quv dasturi asosida o‘qitiladi, mahalliy va xorijiy stajirovkaga yuboriladi;
  • dasturda oliy ma’lumotga va tegishli sohada kamida besh yil ish tajribasiga ega, 25 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan (40 yosh ham qo‘shilgan holda) O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishi mumkin;
  • dasturni muvaffaqiyatli yakunlagan g‘oliblar milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi hamda rahbarlik lavozimlariga tavsiya etib boriladi;
  • respublika komissiyasi dasturni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga doir barcha chora-tadbirlarni amalga oshirishga umumiy rahbarlik qiladi;
  • agentlik respublika komissiyasi tashkiliy masalalar bo‘yicha, akademiya uning metodik masalalar bo‘yicha ishchi organi hisoblanadi.

Quyidagilar dasturni tashkil etish va o‘tkazish moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

  • dasturni tashkil etish va o‘tkazish, dastur doirasida tanlov g‘oliblariga maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish qismida – agentlik qoshidagi Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslar homiylik mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari grantlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
  • dastur doirasida tanlov g‘oliblariga bir martalik pul mukofotini to‘lash qismida – Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
  • dastur doirasida tanlov g‘oliblari rivojlangan xorijiy mamlakatlar sohaga oid tashkilotlarida stajirovka o‘tash qismida – “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari grantlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Ko‘proq yangiliklar: