G7 va Avstraliya Rossiya nefti narxi yuqori chegarasi joriy etilishini qo‘llab-quvvatladi

Jahon 07:17 / 03.12.2022 4270

Dunyoning yetti yetakchi sanoat mamlakatlari (G7) va Avstraliya dengiz orqali eksport qilinadigan Rossiya nefti uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan kelishilgan narx chegarasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vazirligi saytida 3 dekabr, shanbaga o‘tar kechasi e’lon qilingan «Katta yettilik» davlatlari va Avstraliyaning qo‘shma bayonotida aytiladi.

Tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan davlatlar birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Rossiyani neftni bozor narxlaridan sezilarli darajada past narxlarda sotishga majburlamoqchi, ya’ni: bir barrel uchun 60 dollar. Ushbu cheklov 5 dekabrdan ish boshlashi rejalashtirilgan.

2022 yil iyun oyida Bavariyaning Elmau qasrida bo‘lib o‘tgan sammit chog‘ida G7 davlatlari – AQSh, Kanada, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya va Yaponiya «Rossiyaning Ukrainadagi bosqinchilik urushidan foyda ko‘rishiga yo‘l qo‘ymaslik» choralarini ko‘rishga kelishib oldilar.

O‘rnatilgan cheklovlar yordamida G7 a’zolari va Avstraliya ham jahon energetika bozorini barqarorlashtirish va Ukrainadagi urush oqibatlarining eng qashshoq mamlakatlarga salbiy ta’sirini yumshatishni istaydi, deyiladi tomonlar 2 dekabr kuni e’lon qilgan bayonotda.

«Bizning yurisdiksiyamiz butun dunyo bo‘ylab Rossiyadan kelgan neft va neft mahsulotlarini dengiz orqali tashish imkonini beruvchi yetkazib beruvchilar xizmatlarini taqiqlaydi, lekin belgilangan maksimal qiymatdan yoki undan pastroq miqdorda sotib olinadigan Rossiya nefti va neft mahsulotlari narxi bundan mustasno», deyiladi hujjatda.

Shu bilan birga, tomonlar Rossiya nefti va qayta ishlangan mahsulotlarini o‘z ichki bozorlaridan bosqichma-bosqich chiqarib yuborish maqsadiga sodiq qolishlarini ta’kidlamoqda. Rossiyada ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarining maksimal narxi, ularning rejalariga ko‘ra, 2023 yil 5 fevraldan kuchga kirishi kerak. Ammo uning darajasi hali aniqlanmagan.

Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen 2 dekabr oqshomida Twitter'da ta’kidlaganidek, Rossiya nefti narxiga cheklov joriy etilishi «global energiya narxlarini barqarorlashtirishga yordam beradi» va «dunyo bo‘ylab rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga foyda beradi». 

AQSh moliya vaziri Janet Yyellen ham Rossiya neftiga maksimal narx joriy etilishini olqishladi. «Rossiya iqtisodiyoti allaqachon qisqarayotgani va budjetning kamroq rentabelli bo‘lib borayotgani sababli, Rossiya neftiga narxlarning yuqori chegarasini o‘rnatish Putinning eng muhim daromad manbaini darhol kamaytiradi», dedi u.

13 oktyabr kuni Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak Rossiya Federatsiyasi neft narxlarini cheklash mexanizmidan foydalanish orqali uni sun’iy ravishda cheklashga urinayotgan mamlakatlarga neft yetkazib bermasligini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: