FT: Rossiya neft sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun «soyadagi flot»ni tashkil qilyapti

Jahon 15:51 / 03.12.2022 10012

Kema brokerlariga ko‘ra, Rossiya neftni Yevropaga emas, balki Osiyoga olib o‘tish uchun yashirin ravishda 100 dan ortiq tanker sotib olgan. 

Rossiya g‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tib, Hindiston, Xitoy va Turkiyaga neft tashish uchun 2022 yilda sotib olingan 100 dan ortiq eski tankerlardan iborat «soyadagi flot»ni shakllantirmoqda. Bu haqda Financial Times gazetasi 3 dekabr, shanba kuni kema brokerlari va tahlilchilarga tayanib xabar berdi

Braemar yuk tashish brokeri ma’lumotlariga ko‘ra, neft tashishda asosan xorijiy kemalarga tayanadigan Moskva o‘zining tankerlar flotini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita xaridlar orqali 100 dan ortiq kemaga ko‘paytirdi. Rossiya bilan bog‘langan operatorlar har biri 2 million barreldan ortiq neftni tashishga qodir bo‘lgan 29 tagacha VLCC supertankerlarini sotib olgan. Shuningdek, har biri 1 million barrelga yaqin yuk tashishga qodir 31 ta Suezmax tankeri va har biri 700 000 barrelga yaqin yuk tashish imkoniyatiga ega 49 ta Aframax tankeri xarid qilingani aytiladi. 

Rystad energetika konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Eron va Venesuelaga xizmat ko‘rsatadigan kemalarni sotib olish va qayta taqsimlash orqali 103 ta tankerga ega bo‘ldi. 

«Rossiya o‘zining barcha neftini tashishi uchun kerak bo‘ladigan kemalar soni hayratlanarli. So‘nggi oylarda biz ular noma’lum xaridorlarga juda ko‘p sotilganini ko‘rdik va sotilganidan bir necha hafta o‘tgach, bu tankerlarning ko‘pchiligi Rossiyada xom neftning birinchi partiyasini qabul qilish uchun paydo bo‘ldi», dedi Garvard Devis markazining Rossiya nefti bo‘yicha eksperti Kreyg Kennedi. 

Asosan, Rossiyaning tankerlarni sotib olishini ro‘yxatga olish kitoblarida paydo bo‘lgan noma’lum yoki yangi xaridorlarning sezilarli darajada ko‘payishi bilan aniqlash mumkin. Ushbu kemalar odatda 12-15 yil oldin ishlab chiqarilgan bo‘lib, kelgusi bir necha yil ichida foydalanishdan chiqarilishi kutilmoqda, deydi Braemar kema brokerining tanker tadqiqotlari boshlig‘i Anup Singx. «Bular bizga uzoq vaqtdan beri brokerlar sifatida tanish bo‘lmagan xaridorlardir. Ishonchimiz komilki, bu kemalarning aksariyati Rossiya uchun mo‘ljallangan», - deya ta’kidlaydi u. 

Bilvosita, oktyabr oyida Kremlning tankerlar flotini kengaytirish rejalarini VTB rahbari Andrey Kostin tasdiqladi, deb eslatadi FT. O‘shanda u mamlakat «tanker flotini kengaytirish» uchun «kamida 1 trillion rupiy» (16,2 milliard yevro) sarflashi kerakligini aytdi. 

FT tomonidan so‘ralgan tahlilchilarning fikricha, Rossiya 2023 yilda eksport darajasini saqlab qolish uchun tankerlar tanqisligiga duch keladi, bu esa narxlarni oshiradi. Rystad tahlilchisi Viktor Kurilovning hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiyaga joriy eksport oqimini saqlab turish uchun 240 dan ortiq tanker kerak.   

Ko‘proq yangiliklar: