Bolalar ombudsmani Shahrisabzda yupun kiyingan o‘quvchi qizlarni sovuqda tadbirga jalb qilgan shaxslarga chora ko‘rishni so‘radi

O‘zbekiston 12:43 / 03.12.2022 8440

Ombudsmanning bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova yosh qizlarni sovuqda tadbirga jalb qilgan shaxslarga chora ko‘rishni so‘rab Qashqadaryo viloyati hokimiga murojaat qilgan. Bu haqda Ombudsman matbuot kotibi Fotima Madrahimova Kun.uz’ga xabar berdi.

Aliya Yunusova, bolalarning maktabdan tashqari vaqtlarda tadbirga jalb etilishi, sovuq havoda yupun kiyimlarda chiqarilishi achinarli ekani va ushbu holatning sodir bo‘lishida hududdagi har bir mutasaddining aybi borligini ta’kidlagan.

Shuningdek, bola huquqlarini himoya qilishda barcha davlat organlari bir xil mas’ul hisoblanishini ma’lum qilgan.

Shundan kelib chiqib, Bolalar ombudsmani Qashqadaryo viloyati hokimiga Shahrisabz shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirdagi holatlarni tezkorlik bilan qonuniy o‘rganib, aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini o‘z nazoratiga olishini so‘ragan.

Ma’lumot uchun, 2022 yil 30 noyabr kuni kechki payt Yoshlar ishlari agentligining Shahrisabz shahar bo‘limi va sektor rahbarlari “Yoshlar daftar”ida turganlarga navbatdagi subsidiya asosida mehnat qurollarini va to‘lovlar uchun sertifikatlar topshirish uchun 1-maktab hovlisida tadbir tashkil etishgan. Garchi tadbir maktabga va ta’limga aloqasi bo‘lmasa ham unga yupun kiyingan yosh o‘quvchi qizlar jalb qilingan.

Tadbirdan so‘ng shahar hokimligining Telegram-kanaliga qo‘yilgan fotosuratlarda shahar hokimi Akrom Sulaymonov boshchiligidagi mutasaddilar tunda o‘zlari issiq kiyim kiyib olgan holda, ularning oldida turgan kamida 6 nafar qiz yupun kiyingani aks etgan. Keyinchalik suratlar kanaldan o‘chirib tashlangan.

Holat OAV orqali ommaga oshkor bo‘lgach, yupun kiyingan yosh o‘quvchi qizlarning Shahrisabz shahar hokimligi tomonidan o‘tkazilgan tadbirga jalb qilingani ijtimoiiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng, Shahrisabz shahar hokimligi qizlarni tadbirga jalb qilish taklifi to‘garak rahbari va ota-onalardan chiqqan deb aybni o‘z gardanidan soqit qilishga urindi. Hokimiyatning bu ishi ham ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo‘lmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: