Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida cho‘lning o‘rtasida 33 gektarlik maydonda qator o‘tovlar ko‘tarilgan. O‘tovlar ayniqsa kechqurun chiroqlar bilan sharq ertaklarini eslatib yuboradi.
Bu manzilning tashabbuskori – 51 yoshli ayol Iqlima Jo‘rayeva. G‘ijduvon farzandi ekanini faxr bilan aytadigan ayolning tabiatga, yashashga muhabbati boshqalarnikidan ancha farq qiladi.
Qahramonimiz – O‘zbekistonda ovchilik guvohnomasini olgan yagona ayol hamdir.
“Odamlarning hayoti yaxshilansin”
— 1971 yilda G‘ijduvonda tug‘ilganman. 1999 yilda turmush o‘rtog‘im vafot etib, bir o‘g‘lim bilan qoldim. Buni aytish, eshitish oson, lekin o‘zi og‘ir. Umrimni hayotga, odamlarning hayotini yaxshilashga, o‘zimdan yaxshi nom qoldirishga bag‘ishlashni istayman.
17 yoshimdan oyoq kiyim tayyorlash fabrikalarida, keyinroq ip yigiruv va to‘quv fabrikasida ishladim. Qariyb 30 yildan beri esa ko‘plab xususiy korxonalarga rahbarlik qilib kelyapman.
Tadbirkorlikni yoshligimdan boshlaganman desam ham bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘im dunyodan o‘tganidan keyin asta-sekin MChJlar ochib, 2008 yil maishiy xizmat ko‘rsatish do‘konini qurganmiz. 2013 yilda “Firdavs Amon O‘ktam omadi” savdo majmuasi, 2019 yilda “Gold Opel Firdavs” MChJda 40dan ortiq sayyohga mehmonxona xizmatini yo‘lga qo‘yganmiz.
Shu mehnatlarni hisobga olib tuman, viloyat, respublika darajasida turli tanlovlarda taqdirlab kelishadi. 2019 yilda respublika miqyosida "Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli" deb e’tirof etishdi. Bundan tashqari, “Turizm sohasining eng shijoatli ayoli” nominatsiyasiga ham loyiq ko‘rishdi. Yaqinda “Ishbilarmon ayol 2022” respublika bosqichida ham ishtirok etib keldim.
Cho‘ldagi oazis
— Yil boshida AQShning USAID tashkilotidan grant yutib olgandik. Bu pulga G‘ijduvonning cho‘l hududida ekoturizm yo‘nalishda ish boshladik. Cho‘lning o‘rtasidagi 33 gektar maydonda ekoturizm zonasi tashkil qilib, ot sporti, dam olish zonalari, baliqxona, tuya sutidan qimiz tayyorlash, miltiq otish sport turini yo‘lga qo‘yayapmiz. O‘zimiz ot boqib, qazilarini ham o‘zimiz tayyorlaymiz. 20ga yaqin ot va tuyalarni Navoiy viloyatidan sotib olib keltirganmiz. U yerda tuyaqush, kurka, turli xil parrandalarni boqamiz. Bu yerga kelgan turistlar o‘sha hayvonlari o‘zi ovlab, o‘zi pishirib yeydi.
Mahalliy va xorijiy mehmonlar 5 gektarda bunyod etilayotgan suv havzasida baliq ovlash, xushmanzara joylarni tomosha qilish, ot va tuyalarda sayr etish, o‘tovlarda dam olishlari mumkin.
Bunaqa tajriba oldin G‘ijduvonda qilinmagan. Yangi narsa topsam, tadbirkorlikda yangicha yo‘nalishni ko‘rsam, uni rivojlantirgim, odamlarning hayotiga olib kirgim keladi.
“Haqiqiy ovchida 6-hissiyot bo‘lishi kerak”
— Ovchilik bilan 20 yildan beri shug‘ullanib kelaman. Ov qilishni bolaligimdan boshlaganman. Maktabda tir to‘garaklari bor edi. O‘sha paytdan miltiqlarni ushlashga mehrim tushgan.
Bo‘rini oyog‘i boqadi degan gap bor. Ko‘pincha ayollar qilmagan ishlarni qilishni yaxshi ko‘raman. Ovchilik juda nozik narsa. Bunda yovvoyi hayvonlarni fe’l-atvorigacha o‘rganish kerak. Men hayotga juda qiziquvchan odamman. Birinchi marta quyonni bitta otishda nishonga tekkizganman. Otishda kamdan kam xato qilaman. Ovchilarning arzimagan xatosi orqasidan katta ko‘ngilsizliklar bo‘lishi mumkin. Shuning uchun juda diqqatli bo‘lish kerak. Ovchida 6-sezgi bo‘lsagina, uni haqiqiy ovchi desa bo‘ladi. Ovchilikda har tomonlama hushyor, sergak bo‘lish muhim. Ov qilayotgan kishi otgan o‘qi qayerga borishini oldindan bilishi kerak.
Ovning ham to‘lovlari, me’yorlari bor. Har bir otiladigan jonzot uchun pul to‘lanadi. Bu nazoratda bo‘ladi. Ortiqcha otilgan hayvon uchun jarima ham bor. Ovga har kun emas, har haftada 1 marta, 1 oyda 4 martagacha chiqaman.
Ovning foydalari
— Odamlar tirik jonivorlarni o‘ldirish haqida turli xil fikrga borishlari, bu ishni ba’zilar oqlamasligi ham mumkin. Lekin yovvoyi tabiatning, hayvon-u qushlar go‘shtining salomatlik uchun foydali tomonlari ko‘p. Ham dam olasiz, ham shifo topish mumkin. Ovlarimiz albatta qonun doirasida bo‘ladi. Biror taqiqlangan joyda, man etilgan jonivorga ozor bermayman.
Men ovlaydigan jonivorlar u yoki bu kasallikdan aziyat chekayotgan kishining sog‘ayib ketishi, oilasi bag‘riga qaytishiga yordam beradi. Masalan, cho‘l hayvonlari go‘shti odam sog‘lig‘i uchun foydali. Shuning iloji bor ekan, nega bunday imkoniyatdan foylanmaslik kerak? Hayot biz o‘ylagandan ko‘ra go‘zal. Tashvishlar sabab shu go‘zallikni ko‘rmay qolamiz.
“Cho‘lda tunab, ovga chiqish zavqi boshqacha”
— Kishi o‘zi yashayotgan joyni biror kamchiligi uchun yomon ko‘rmasligi kerak. O‘zini shu hududga oid deb bildimi, bo‘ldi, o‘sha joyni yaxshilashga harakat qilsa ko‘pchilikka foydasi tegadi. Men g‘ijduvonliklarda shu tuyg‘uni ko‘raman. Tumandoshlarim orasida tadbirkorlar juda ko‘p. Biri holvapaz, biri kulchapaz, yana biri shashlikpaz.
Odam o‘zi yashayotgan joy kishilariga o‘xshab boraverkan shekilli, biz ham oilam bilan o‘z hisobimizdan G‘ijduvon tumanidagi “Koinot” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohini obod qildik. U yerga vodiydan, Namangandan ko‘chatlar olib kelib o‘tkazdik. Bu joy obod maskanga aylandi.
G‘ijduvondagi cho‘l hududlarini juda yaxshi o‘rganganman. Cho‘lda tunab, ovga chiqish zavqini shu ishni qilib ko‘rgan kishigina his qila oladi. Cho‘l hududida ekoturistik joyni shu tuyg‘uni boshqalarga ham ulashish maqsadida tashkil qildik. Keladigan sayyohlar faqat me’moriy binolarni tomosha qilishdan tashqari, gastronomik turizm bilan, tabiat bilan juda qiziqadi. Qolaversa, G‘ijduvonda asosiy aholi tadbirkorlik bilan shug‘ullanar ekan, nega buni xorijliklarga ko‘rsatmaslik, tanitmaslik kerak.
Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.