YeI davlatlari Rossiya nefti narxining yuqori chegarasi 60 dollar bo‘lishini kelishib olishdi 

Jahon 23:46 / 02.12.2022 8335

Yevroittifoq Kengashi Rossiya nefti narxining yuqori chegarasi 1 barrel uchun 60 dollar bo‘lishi haqidagi qarorni rasman tasdiqladi. Shuningdek bu narx kelajakda qayta ko‘rib chiqilishi ham mumkin. 

Bunga Polsha ham rozilik bildirdi. Avvalroq, u Rossiya nefti narxini 30 dollar qilib belgilashni talab qilib, qarorga rozi bo‘lmayotgan yagona davlat edi. 

«Elchilar dengiz orqali tashiladigan Rossiya neftining narxini cheklash bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Yozma tartib ham amalga oshiriladi, qaror YeI rasmiy jurnalida e’lon qilinganidan so‘ng kuchga kiradi», deb xabar berdi YeI Kengashida raislik qilayotgan Chexiya vakillari. 

Avvalroq, AQSh moliya vazirligi ham dengiz orqali tashiladigan Rossiya neftining yuqori narxi 60 dollar bo‘lishini ma’lum qilgan edi. 

«Biz 60 dollardan boshlaymiz va vaqt o‘tishi bilan Rossiya daromadlarini cheklash uchun narxning yuqori chegarasini o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz», degan edi Moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyyemo onlayn konferensiyada. 

Avvalroq, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu tashabbusni izohlar ekan, Rossiya o‘z manfaatlariga zid ravishda xorijga hech narsani sotmasligini aytgan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: