Ukraina elchixonalariga hayvonlar ko‘zi solingan paketlar yuborildi 

Jahon 20:43 / 02.12.2022 13362

Ukrainaning Vengriya, Niderlandiya, Polsha, Xorvatiya, Italiya va Avstriyadagi elchixonalariga, shuningdek, Neapol, Krakov va Brnodagi konsulliklariga hayvonlarning ko‘zi solingan qonli paketlar jo‘natilgan. 

Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirligi spikeri Oleg Nikolenko ma’lum qildi. 

«Ispaniyadagi teraktdan keyin Ukrainaning Vengriya, Niderlandiya, Polsha, Xorvatiya, Italiya va Avstriyadagi elchixonalariga, shuningdek, Neapol, Krakov va Brnodagi konsulliklarga hayvonlar ko‘zi solingan qonli paketlar jo‘natildi. Biz bu jo‘natmalarning maqsadini o‘rganyapmiz. 

Elchining Vatikandagi kvartirasiga kirish joyida vandalizm akti sodir qilindi. Qozog‘istondagi elchixona minalashtirilgani haqida xabar berildi, keyinchalik bu tasdiqlanmadi. Qo‘shma Shtatlardagi elchixonaga Ukraina haqidagi tanqidiy maqolaning nusxasi keldi. Boshqa konvertlar singari, bu xat ham Yevropaning bir davlati hududidan jo‘natilgan», — dedi Nikolenko. 

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba so‘zlariga ko‘ra, bu Ukraina elchixonalari va konsulliklarini terror qilish va qo‘rqitishning yaxshi rejalashtirilgan kampaniyasi. Ukrainaning barcha elchixonalari va konsulliklari kuchaytirilgan xavfsizlik choralari rejimiga o‘tkazildi, dedi vazir. 

30 noyabr kuni Ukrainaning Ispaniyadagi elchixonasiga bomba solingan paket jo‘natilgan va uni ochishga uringan xodim portlash oqibatida jarohat olgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: