So‘rov: Qozog‘iston yoshlari - Ukraina uchun, keksalar - Rossiya uchun

Jahon 08:57 / 02.12.2022 10030

Qozog‘istonliklarning 22 foizi Ukrainani Rossiya bilan ziddiyatda so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydi, bu urushga munosabat masalasida qozog‘istonliklar o‘rtasida birinchi so‘rov o‘tkazilgan mart oyiga (10 foiz) nisbatan ikki baravar ko‘pdir. Bu haqda Demoscope jamoatchilik fikrini ekspress-monitoring qilish byurosi tomonidan 1 dekabr, payshanba kuni chop etilgan sotsiologik so‘rov natijalarida aytilgan.

Shu bilan birga, Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi Qozog‘iston fuqarolari sonining sezilarli darajada kamaygani ham qayd etilgan: agar mart oyida ular 39 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich atigi 13 foizni tashkil etadi. Respondentlarning mutlaq ko‘pchiligi - 59 foizi Rossiyaning Ukrainadagi urushiga nisbatan neytral pozitsiyani egallashini aytdi.

Sotsiologlarning ta’kidlashicha, ko‘proq 18 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan yoshlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan. «Ushbu guruhda Ukraina tarafdorlarining ulushi Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchilarga qaraganda to‘rt baravar ko‘p - mos ravishda 23 va 6 foiz, - deya ta’kidlanadi Demoscope byuro hisobotida. - Deyarli barcha yosh guruhlarida Ukraina tarafdorlari ko‘proq. 60 yoshdan oshgan avlod vakillari bundan mustasno. Ushbu guruhda respondentlarning uchdan biridan ko‘prog‘i (34 foiz) Rossiyani, bor-yo‘g‘i 14 foizi Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi».

Ukrainada ro‘y berayotgan voqealarni baholash bo‘yicha, tadqiqot ishtirokchilarining 22 foizi Rossiya Ukrainani bosib olish va unga qo‘shilish maqsadida unga qarshi urush olib borayotganiga amin. Qozog‘istonliklarning 45 foizi bu savolga javob berishga qiynalmoqda.

Shu bilan birga, respondentlarning 33 foizi Kreml tomonidan e’lon qilingan pozitsiyaga aniq qo‘shiladi: 15 foizi Rossiya «Ukrainadagi natsistlarga qarshi» harakat qilmoqda, 18 foizi «Rossiya Ukraina hududida G‘arb davlatlari va NATO bilan urush qilmoqda» deb hisoblaydi. Demoscope byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, qozog‘istonliklarning qariyb uchdan bir qismi agressiv urush targ‘ibotidan aziyat chekmoqda, bu Qozog‘iston va xalqaro qonunlarga zid.

So‘rov natijalariga ko‘ra, Qozog‘iston aholisi ko‘pincha (37 foiz) Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush haqida YouTube kanallaridan bilishadi. Ma’lumotlarning ikkinchi eng ommabop manbasi – Qozog‘iston telekanallari: respondentlarning 20 foizi ularni Ukrainadagi vaziyat haqida xabar olish uchun tomosha qiladi. Biroz kamroq odamlar (18 foiz) rus televideniyesini afzal ko‘radi. Qozog‘istonda "Rossiya-24", NTV, RTR, "Birinchi kanal" va ba’zi viloyatlarda "Zvezda" kabi Rossiyaning barcha yetakchi targ‘ibot telekanallari hozirda hech qanday cheklovlarsiz efirga uzatilmoqda.

«Ta’kidlash joizki, televideniyeni, jumladan, Rossiya televideniyesini asosan 60 yoshdan oshganlar afzal ko‘radi. Yosh respondentlar esa internet resurslarini tanlaydi», - deya ta’kidlaydi Demoscope jamoatchilik fikri ekspress monitoring byurosi.

Tanishlar va qarindoshlarning hikoyalari qozog‘istonliklarning 15 foizi, Telegram kanallari va Facebook so‘rovnoma ishtirokchilarining mos ravishda 13 va 8 foizi uchun axborot manbai hisoblanadi.

Qozog‘iston aholisining 42 foizi o‘z mamlakati «tinchlikparvar sifatida harakat qilishi va tomonlarni muzokaraga chaqirishi kerak», deb hisoblaydi.

Demoscope byurosining 4-24 noyabr kunlari Qozog‘istonning barcha 17 viloyatida o‘tkazilgan so‘rovida 18 yoshdan oshgan 1110 nafar fuqaro ishtirok etdi. Ularning 55 foizi erkaklar, 45 foizi ayollar edi.

Demoscope – Germaniya Konrad Adenauer jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan MediaNet xalqaro jurnalistika markazi loyihasi.

Ko‘proq yangiliklar: