Samarqandda Rossiya-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston 19:14 / 02.12.2022 9399

Joriy yilning 1-2 dekabr kunlari Samarqandda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin raisligida Rossiya-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Unda ikki davlat vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari va uyushmalar rahbarlari, shuningdek, 500 dan ortiq yetakchi kompaniya va korporatsiyalar vakillari ishtirok etdi.

Forumda ikki mamlakat iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlarida, jumladan, avtomobilsozlik, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Shuningdek, forum doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etilib, ularda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlarning transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligi bildirildi. Joriy yilda yuk tashish hajmi 21 foizga oshgani, bunda tranzit yuk tashishlar salmog‘i 25 foizga ko‘paygani qayd etildi. Shu bilan birga hududlar orqali tranzit yuk tashishda ishonchli transport-logistika zanjirlarini shakllantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Majlis yakuniga ko‘ra, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘ndan ortiq hujjat imzolandi.

 

Ko‘proq yangiliklar: