Qizlarni tadbirga jalb qilish taklifi to‘garak rahbari va ota-onalardan chiqqan - hokimlik

O‘zbekiston 21:32 / 02.12.2022 10939

Shahrisabz shahri hokimligi kechqurun o‘tkazilgan rasmiy tadbirga sovuq bo‘lishiga qaramay yupun kiyimdagi o‘quvchi qizlar raqs tushish uchun jalb etilgani holatiga izoh berdi.

Unga ko‘ra, 30 noyabr kuni Shahrisabz shahar Yoshlar ishlari agentligi va sektor rahbarlari ishtirokida “Yoshlar daftari”da turganlarga navbatdagi subsidiya asosida mehnat qurollarini va to‘lovlar uchun sertifikatlar topshirish bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tgan.

“Tadbir kun tartibida ko‘zda tutilmagan bo‘lsa-da, 2-son Bolalar musiqa va san’at maktabi qoshida tashkil etilgan “Tumorcha” raqs to‘garagi rahbari va ota-onalari tomonidan farzandlari “Besh tashabbus” doirasida shahar bosqichidan 1-o‘rinni olib, viloyat bosqichida ham 29 noyabr kuni ishtirok etib kelishganini bildirgan holda, tanlovda yaxshi baholangan raqslarini namoyish etish va ularning bu yutuqlarini ham tashkilotchilar tomonidan e’tirof etish taklifi bilan chiqishgan”, – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, shahar sektor rahbarlari tomonidan musobaqa va tanlovlarda yaxshi o‘rinlarni olgan yoshlarni tadbirlarda e’tirof etib borish an’ana tusiga aylanib qolgan. Shu sababli tadbir tashkilotchilari taklifni ma’qullab, ularga ham imkoniyat berishgan.

“Ular ota-onalari bilan gulxan atrofida birga issiq kiyimlarda o‘tirishgan (bu holat rasm va videoda ham aks etgan). Faqatgina davrada o‘ynashda va taqdirlash jarayonida rasmga olish uchun qisqa vaqtda raqs kiyimida bo‘lishgan xolos. Bu yerda tashkilotchilarni oqlashdan yiroqmiz, faqat tadbirga raqs to‘garagi qizlari ustozi va ota-onalari tashabbusiga ko‘ra yutuqlarini baham ko‘rish uchun kelishganini anglashimiz zarur”, – deyiladi Shahrisabz shahri hokimligi bayonotida.

Ta’kidlanishicha, tadbirning asosiy maqsadi “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olingan yoshlarga subsidiya va mehnat qurollarini topshirishdan iborat bo‘lgan. Tadbir 17:30 da boshlanib, “yoshlarning xohishiga ko‘ra gulxan atrofida ko‘ngilochar dasturga ulanib ketgan va kech soat 19.30 da tugagan”.

Hokimlik yosh qizlarning yupun kiyimda tadbirga majburan jalb etilgani haqidagi gap-so‘zlarni rad etdi.

“Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, mazkur holat yuzasidan shahar hokimligida yig‘ilish o‘tkazilib, yoshlar tadbirini tashkil etishda e’tiborsizlik qilgan mas’ullarga choralar ko‘rildi va kamchiliklari ko‘rsatib o‘tildi. Barchadan uzr so‘ragan holda, jamoatchilikning keskin tanqidiga olib keladigan bunday holatlarga boshqa yo‘l qo‘ymasligimizni ma’lum qilamiz va bu tadbir biz uchun achchiq saboq bo‘ldi”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Xabarda mas’ullarga qanday chora ko‘rilganiga aniqlik kiritilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: