Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash an’anasi va ipakchilik YuNeSKO ro‘yxatiga kiritildi

O‘zbekiston 14:59 / 02.12.2022 6274

Marokash poytaxti Rabot shahrida bo‘lib o‘tayotgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitaning 17-sessiyasi O‘zbekiston uchun muhim madaniy voqea bo‘ldi. O‘zbekiston tomoni ishtirokida ikkita ko‘pmillatli element Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.

O‘zbekiston tomonidan Ozarboyjon, Afg‘oniston, Eron, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan birgalikda «Ipakchilik va to‘quv uchun an’anaviy ipak ishlab chiqarish» nomli birinchi fayl taqdim etildi. Ikkinchi nominatsiya «Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash an’analari» deb nomlangan bo‘lib, O‘zbekiston tomoni Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan hamkorlikda tayyorlagan.

Qo‘mitaning baholash komissiyasi nomzodlik hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etayotgan davlatlarning birgalikdagi faoliyatini yuqori baholadi va ularning Vakillik ro‘yxatiga kiritish uchun barcha mezonlarga muvofiqligini qayd etdi.

«Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizning boy nomoddiy madaniy merosini muhofaza qilish va uni ko‘paytirish yo‘lida tizimli ishlar olib borilmoqda. Yana ikki an’anamizning YuNeSKO ro‘yxatidan joy olishi buning yaqqol dalilidir. Bu yo‘nalishda O‘zbekistonning YuNeSKOdagi doimiy vakili Umid Shodiyevning sa’y-harakatlari alohida tahsinga sazovordir», – deydi bosh vazir o‘rinbosari – O‘zbekistonning YuNeSKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov.

Tadbir davomida nominatsiyalar taqdimotida madaniyatlarni boyitish, mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro hurmat va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdagi unsurlarning tarixiy o‘rni va ahamiyatini atroflicha ochib beruvchi videofilmlar namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari ipak yetishtirishning an’anaviy texnologiyalari, keyingi yillarda O‘zbekistonda ipakchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarga alohida e’tibor qaratishdi. Aholi orasida mashhur va sevimli folklor qahramoni sanalgan Xo‘ja Nasriddinning Buxoro shahrida qad rostlagan noyob haykali katta qiziqish uyg‘otdi.

«Ta’kidlash kerakki, Reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan O‘zbekiston elementlarining umumiy soni 11 taga yetdi. Ilgari bu ro‘yxatga «Baxshi», «Lazgi», «Palov», «Askiya», «Miniatyura», «Navro‘z», «Shoshmaqom» va boshqalar kiritilgan edi. Atlas va adras tayyorlashning an’anaviy texnologiyalarini saqlash bo‘yicha Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi Nomoddiy madaniy meros obektlarini asrab-avaylash bo‘yicha yetakchilar reyestridan joy olgan», deyiladi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Ma’lumot uchun, endi yangi elementlar xalqaro miqyosda butun insoniyat merosining ajralmas qismi sifatida tavsiflanadi va bu nomoddiy madaniy merosning ushbu turlarini e’tirof etish va keng targ‘ib qilishni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, YuNeSKO ushbu elementlarni turli loyihalarni amalga oshirish orqali targ‘ib qiladi.

Sessiya 3 dekabrgacha davom etadi.

Ko‘proq yangiliklar: