Makron: Fransiya va AQSh Rossiya agressiyasi fonida hamkorlikni kuchaytirishi kerak

Jahon 07:43 / 02.12.2022 4200

AQSh prezidenti Jo Bayden va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron savdo sohasidagi ziddiyatga qaramay, o‘z mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar darajasini yuqori baholadi. Bayden 1 dekabr, payshanba kuni AQShga ko‘p kunlik davlat tashrifi bilan kelgan Makronni Oq uyda qabul qildi. U «Fransiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi ajoyib do‘stlikning kuchi, qat’iyligini» yuqori baholadi.

«Fransiya bizning eng qadimgi ittifoqchimiz, ozodlik yo‘lidagi xizmatda eng ishonchli hamkorimiz», dedi Jo Bayden. Makron, shuningdek, Fransiya va AQSh o‘rtasidagi yaqin munosabatlarni olqishlab, yanada mustahkamlashga chaqirdi. «Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzi, mamlakatlarimiz va jamiyatlarimizga ta’sir ko‘rsatayotgan ko‘plab inqirozlar fonida biz hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz kerak», dedi Fransiya prezidenti.

Bayden va Makron o‘rtasidagi muzokaralarning asosiy mavzulari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush, Xitoy bilan munosabatlar, global isishga qarshi kurashda Amerika mahsulotlari uchun subsidiyalar bo‘yicha mojaro bo‘ladi. Bir kun oldin Emmanuel Makron AQSh Kongressidagi nutqida ushbu subsidiyalarni fransuz korxonalariga nisbatan «super tajovuzkor» deb atadi va G‘arb davlatlari o‘rtasida bo‘linishga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Mojaro AQShda avgust oyida qabul qilingan, Inflatsiyani kamaytirish to‘g‘risidagi qonun (IRA) deb nomlanuvchi ko‘p milliard dollarlik iqlim va farovonlik paketiga bog‘liq. Unda iqlimni muhofaza qilish va energiya xavfsizligi uchun 370 milliard dollar ajratilishi nazarda tutilgan. Boshqa narsalar qatorida, qonun elektr transport vositalari, akkumulyatorlar va qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan bog‘liq loyihalar uchun subsidiyalarni nazarda tutadi. Bu choralar Yevropa Ittifoqida keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi Yevropa kompaniyalari uchun salbiy oqibatlardan xavotirda.

Ukrainadagi urush haqida Emmanuel Makron bir kun avval e’lon qilingan AVS telekompaniyasiga bergan intervyusida yaqin kunlarda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazish niyatida ekanini aytdi. U Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar hali ham mumkin, degan fikrni bildirdi. «Mening fikrim va pragmatik harakat yo‘nalishim shuki, mamlakat siyosiy rahbari bilan gaplashish zarur», — dedi Fransiya prezidenti.

Ko‘proq yangiliklar: