Ispaniyada qator idoralarga bomba jo‘natildi. Ukraina elchixonasida portlash yuz bergan

Jahon 14:29 / 02.12.2022 22341

Ispaniya hukumati xavfsizlik xizmati xodimlari bosh vazir Pedro Sanches nomiga yuborilgan va ichida portlovchi modda bo‘lgan konvertni aniqladi va zararsizlantirdi.

Konvert 24 noyabr kuni pochta orqali jo‘natilgan, biroq rasmiylar bu haqda Ispaniyadagi turli manzillariga portlovchi moddalar solingan yana 4 ta paket yuborilganidan so‘ng xabar berishdi.

Voqealar ketma-ketligi quyidagicha:

  • 24 noyabr – bosh vazir Pedro Sanchesga yo‘llangan maktubda portlovchi moddalar topilgan (bu haqda faqat 1 dekabrda aytilgan).
  • 30 noyabr – Madriddagi Ukraina elchixonasida portlash, Ispaniya shimoli-sharqidagi Instalaza qurolsozlik kompaniyasida portlovchi moddalar bo‘lgan xat aniqlanishi.
  • 1 dekabr – birdaniga uchta bomba: Madrid yaqinidagi Torrexon-de-Ardos aviabazasida, Ispaniya Mudofaa vazirligi va AQSh elchixonasida.

30 noyabr kuni tushdan keyin bomba solingan paket Ukrainaning Madriddagi elchixonasida aniqlandi. Portlash sodir bo‘ldi, oqibatda xavfsizlik xodimi qo‘lidan yengil jarohat oldi. Ukrainaning Ispaniyadagi elchisi Sergey Pogorelsevning so‘zlariga ko‘ra, elchixona komendanti paketni hovliga olib chiqqan va shubhali chiqillash ovozini eshitib, uni darhol otib yuborgan.

Pogorelsev portlovchi moslama solingan paketni yuborish ortida Rossiya turishi mumkinligini tan oldi. «Biz tajovuzkor mamlakatning terrorchilik usullarini bilamiz va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday favqulodda vaziyatga tayyormiz», dedi u 24 Horas telekanaliga bergan intervyusida.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba zudlik bilan Ukrainaning barcha elchixonalari xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Vazir, shuningdek, ushbu portlash uyushtirilishi ortida kim bo‘lishidan qat’i nazar, ular ukrainalik diplomatlarni qo‘rqita olmasligini yoki Rossiya agressiyasiga qarshi turish uchun kundalik ishlarini to‘xtata olmasligini ta’kidladi.

30 noyabr kuni Ispaniyada yana bir paket topildi. U Saragosadagi harbiy texnika, jumladan, tankka qarshi qo‘l granatalari va tungi ko‘rish moslamalarini ishlab chiqaruvchi Instalaza kompaniyasiga jo‘natilgan. Kompaniya dunyoning 35 dan ortiq mamlakatlariga qurol yetkazib beradi va Ukraina armiyasi Rossiya bosqinidan himoyalanish uchun Instalaza ishlab chiqargan tankka qarshi granata otuvchisidan foydalanadi. Saragosadagi hukumat matbuot kotibi Roza Serranoning so‘zlariga ko‘ra, paket Ukrainadan yuborilgan.

1 dekabr erta tongda xuddi shunday portlovchi modda solingan konvert Madrid provinsiyasi, Torrexon-de-Ardos shahridagi aviabazaga yetib borgan. Jo‘natma Ukrainaga ma’lumot yetkazib beradigan sun’iy yo‘ldosh markaziga pochta orqali yuborilgan. Ispaniya ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, rentgen tahlili yordamida paket ichida ma’lum mexanizm topilgan. Trevoga asosida aviabazani qo‘riqlash uchun fuqarolik gvardiyasi (Ichki ishlar vazirligining harbiy tuzilmasi) va politsiya jangchilari jo‘natilgan. Ispaniya mudofaa vazirligi bu ma’lumotni tasdiqlab, aviabazaga hech qanday zarar yetkazilmaganini ta’kidladi.

Foto: Getty Images

1 dekabr kuni ertalab Ispaniya mudofaa vazirligi portlovchi modda solingan yana bir xat oldi. U Ispaniyadagi manzildan yuborilgan. Vazirlikning xavfsizlik xizmati paketni aniqlab, bombani zararsizlantiruvchi otryadni chaqirgan. Boshqa tafsilotlar noma’lum.

Keyinroq, Ispaniya matbuoti shu kuni Madriddagi AQSh elchixonasiga shubhali paket yuborilgani haqida xabar berdi. Jo‘natma topilgach, diplomatik missiya terrorizmga qarshi protokolni ishga tushirdi.

Politsiya fikriga ko‘ra, Ukraina elchixonasi, Instalaza kompaniyasi va aviabazasidagi hodisa bir-biriga bog‘liq va taqlidchilar haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Shuningdek, politsiya kun davomida bomba solingan yangi paketlar Ispaniyaning boshqa manzillariga yetkazilishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Rossiyaning Ispaniyadagi elchixonasi 1 dekabr kuni tushdan keyin Ukraina elchixonasi va Ispaniyadagi ba’zi rasmiy muassasalarga portlovchi moddalar solingan paketlar yuborilgani haqidagi ma’lumotlar yuzasidan bayonot berdi. «Biz har qanday tahdid va terrorchilik harakatlarini, ayniqsa diplomatik vakolatxonalarga qarshi qaratilgan harakatlarni qoralaymiz», deyiladi Rossiya elchixonasi xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: