IIV Buxoroda IIB binosida fuqaro vafot etganini rad etdi. Prokuratura holat o‘rganilayotganini ma’lum qildi

O‘zbekiston 20:22 / 02.12.2022 13306

Marhumning yaqinlariga ko‘ra, u mashina savdosi bilan shug‘ullangan. Xaridorlar bilan o‘rtasida pul bilan bog‘liq muammo kelib chiqqani bois 37 yoshli erkak IIB bo‘limiga chaqirilgan. Bu haqda bloger Olimjon Haydarov Telegram-kanalida ma’lum qildi.

29 noyabr kuni IIB xodimlari marhumning ukasiga qo‘ng‘iroq qilib, akasini olib ketishini so‘ragan, u IIBga kelganida akasini tez yordam olib ketganidan xabar topgan, deb yozadi bloger.

Shifoxonaga borishganda erkak allaqachon vafot etgani, uning tanasida qiynoq va jarohat izlari, xususan, boshi qattiq shikastlangani aytilmoqda.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov bu xabarga munosabat bildirib, buxorolik erkakning chindan ham tergov uchun IIB binosiga qatnab yurgani, lekin o‘lim ro‘y bergan vaqtda u ko‘chada bo‘lganini bildirdi.

Rasmiylarga ko‘ra, hodisa 28 noyabr kuni yuz bergan. JKning 169-moddasi (o‘g‘rilik) 2-qismi “v, g” bandlari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha guvoh tariqasida jalb etilgan fuqaro Q.H. soat taxminan 15:00larda Buxoro shahar 4-son IIBga jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish uchun kelgan, lekin tergovchi xizmat vazifasi bilan boshqa joyda bo‘lgani sababli IIB binosiga kirmasdan, qaytib ketgan.

Buxoro viloyat IIB axborot xizmatining Kun.uz'ga xabar berishicha, marhum epilepsiyadan vafot etgan, uni taksi haydovchisi shifoxonaga olib borgan.

“Fuqaro Q.H. 80 Z 015 OA d/r “Matiz” taksi avtomashinasini to‘xtatib, uni Buxoro shahridagi “Fayziobod” jome masjidiga olib borishini so‘ragan. Yo‘lda fuqaro Q.H.ning sog‘lig‘i yomonlashib, og‘zidan ko‘pik chiqib, hushini yo‘qotgan. Haydovchi hushsiz yo‘lovchini tezkorlik bilan Buxoro shahar kasalxonasiga yetkazgan.

Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan fuqaro Q.H. shu kuni soat taxminan 21:00larda kasalxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan. “Tutqanoq sindromi, o‘pka va miyaga kislorod o‘tkir yetishmovchiligi” tashxisi qo‘yilgan. Tekshiruv jarayonida murdaning badanida hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan”, deyiladi tahririyatga taqdim etilgan rasmiy ma’lumotda.

Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov Buxoroda fuqaroning vafoti bilan bog‘liq xabar Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilayotgani, uning natijasi haqida batafsil ma’lumot berilishini ma’lum qildi.

Avvalroq Qo‘qonda 15 yashar o‘smir IIB muassasasida vafot etgan, buning ortidan Toshkentda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning iste’fosini talab qilib, bir kishilik «piket» uyushtirilgandi.

2021 yilda niqobi yo‘qligi sababli profilaktika inspektori xonasiga olib kelingan ikki fuqaro ko‘p o‘tmay vafot etgan, vazirlik bu holatda ichki ishlar xodimlarining aybi yo‘qligini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: