IIB va mahalliy idoralar klasterlar xizmatida. Bu safar Xonqada kooperativ paxtasi tortib olindi

O‘zbekiston 17:39 / 02.12.2022 13269

“Bir monopolist klasterni deb, bizga yo‘l berishmayapti”

Xo‘janiyozov Shokir, “Xonqa Gold Fiber” q/x kooperativi a’zosi:

— Xonqa tumanida 3 nafar fermer birlashib, “Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi qonun moddalariga, prezidentimizning 2020 yil 6 martdagi 4633-sonli qaroriga asosan ixtiyoriy ravishda kooperatsiya tashkil qildik, paxta yetishtirish va qayta ishlash uchun.

Paxtani o‘z hisobimizdan yetishtirdik. Tayyorlov punkti maskani tashkil qilib, o‘sha yerga yig‘dik. Qayta ishlashni rejalashtirib, “Agro To‘rtko‘l Tekstil Cluster” bilan tegirmon usulida ishlash uchun 25 noyabrda shartoma qildik. Uni tashib olib borish uchun “Xorazmpaxtatrans” MChJ bilan shartnoma qildik.

Paxtani yuklab, olib borilayotganda, yo‘l patrul xizmati xodimlari mashinani ushlab, hujjatlarni tekshirdi. Hujjatlar hammasi joyida edi. Keyin shu paytda darrov agroinspeksiya xodimlari yetib keldi. “Mahsulotning qonuniyligini tekshiramiz”, deyishdi. Tekshirish uchun “Xorazm Tex” MChJ klasteriga o‘sha yukni olib borib qo‘yishni taklif qilishdi.

Biz: “Yo‘q, bu o‘zimizning xususiy mulkimiz, o‘zimiz yetishtirdik, u yerga olib bormaymiz, qayta ishlash uchun olib boryapmiz”, desak, shu paytda ichki ishlar xodimlari, boshlig‘i, qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i, muovini, fermerlar kengashi xodimi kelib: “Bir kunga qo‘yib turasizlar, ertaga chiqarib yuboramiz”, deb, mashinani “Xorazm Tex” klasteriga olib borib qo‘yishdi.

Mana bugun 30 noyabr (intervyu shu kuni olingan – tahr.), hali paxtani – o‘zimizning mahsulotimizni u yerdan chiqara olmay yuribmiz. O‘sha yerda ma’lumotnoma tuzib, Xonqa tuman departamentiga taqdim qilishgan. Departament o‘rganish ishlari olib bormoqda, xuddi katta jinoyatchini qo‘lga tushirgandek...

“Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi qonunda ko‘rsatilgan: Mansabdor shaxslarning aralashuvi qonun bilan taqiqlangan, javobgarligi bor. Bunga qaramasdan, bizning mahsulotimizni bosqinchilik bilan olib qo‘yishyapti.

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida kooperativ taqiqlanganlardan tashqari faoliyatning har qanday turi bilan shug‘ullanishga haqlidir deyilgan. Hech qaysi qonunda kooperativ paxta bilan shug‘ullanmasin, kartoshka, sabzi eksin, degan joyi yo‘q. Shu bilan birga, klasterlar tashkil qilingan hududlarda fermerlar o‘zaro ixtiyoriy ravishda birlashib, kooperativlar tashkil qilmasin deb aytilgani ham yo‘q.

Adliya boshqarmasi va agroinspeksiyaning: “Bitta klaster bor tumanda boshqasi paxta bilan shug‘ullanmasin” degan gapi bu – monopoliya. Nima uchun raqobat bo‘lmasligi kerak?

“Nima uchun to‘xtatding, nima uchun aralashding?” deb so‘rasangiz, “tuman hokimining topshirig‘i bilan” deyilmoqda. Demak, tuman hokimi ham tadbirkorlikka qarshi. Bir monopolist klasterni deb, bizlarga yo‘l berishmayapti.

Alisher Ahmedov, huquqshunos:

— Avval prokuratura tizimida faoliyat yuritganman. Bosh prokurorning sohaviy buyruqlari bor. O‘sha buyruqlarda ham, prezidentimiz talablarida ham tadbirkorlik faoliyatiga prokuratura organlarining aralashuvi qat’iyan taqiqlanadi. Bu to‘g‘rida har bir yig‘ilish va selektorlarda alohida ta’kidlab o‘tiladi. Hatto biror masalada uchrashish kerak bo‘lsa ham, tadbirkorning vaqtiga qarab uchrashuv belgilanar edi.

Yuqoridagi prokuratura tomonidan chiqarilgan xatni ko‘rib, huquqiy savodxonlik naqadar past ekaniga amin bo‘ldim. U yerda ko‘rsatilgan sabablarni ko‘rib, uni qanday talqin qilishganini tushunish qiyin. “Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida fermerlarga o‘z mahsulotini qayta ishlash huquqi berilgan. Bu yerda qishloq xo‘jaligiga doir huquqiy bilimning yetishmasligi natijasida bir masalaga tor doirada qarab olishgan.

Prezidentimizning 2022 yil 6 martdagi 46-sonli qarori o‘qib chiqilsa, 2-bandida paxta to‘qimachilik klasterlari tashkil qilinmagan yerlarda kooperativlar tashkil qilinadi degan jumlani noto‘g‘ri va o‘zlariga kerakli tarzda talqin qilishmoqda.

Deylik, chekka hududlardan birida klaster tuzish uchun mablag‘ sarflaydigan talabgor topilmadi. Ammo o‘sha yerdagi paxta ishlab chiqarish punktlari va paxtachilik sanoatining taqdiri nima bo‘lishini o‘ylab, fermerlarning birlashuvi asosida ixtiyoriy kooperativlar qabul qilinadi, deyilgan.

Taqiqlanmagan faoliyat yuritish qonun hujjatlari orqali ham mustahkamlab qo‘yilgan. Bu shuni anglatadiki, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat bilan tadbirkorning shug‘ullanishini davlat kafolatlab qo‘ygan. Xonqa tumani departamenti tomonidan yuborilgan bu xat – huquqiy savodsizlik namunasi. Agar ular qonunni o‘ziga og‘dirib, shu tarzda talqin qilgan ekan, prokuratura xodimi boshqa qonun hujjatlarida nimalar aks etganini ham yaxshi bilishi kerak-ku. Qolaversa, Konstitutsiyamizning 36-moddasida mulk huquqi mustahkamlab qo‘yilgan. Qanday qilib qonunosti hujjati qonundan yuqori bo‘lib ketishi mumkin?

Aslida fermerlarga rahmat aytishlari kerak – davlatning imtiyozli kreditlarisiz, boqimandalik qilmasdan, davlatdan yordam olmasdan shu darajaga yetib kelishning o‘zi jasorat. Bu kabi hodisalar erkin faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun to‘siq.

Negadir mahalliy hokimiyat organlari fermerlarga tadbirkorlik sub’yekti sifatida qarashni xohlamaydi.

Tegishli qonunlarda fermerlarning huquqlari mustahkamlab qo‘yilgan. Klasterlarga nisbatan yo‘lni to‘sib qo‘yib, paxtasini olib qo‘yish holatlarini ko‘rganimiz yo‘q. Kooperativlar faoliyatiga nega to‘siq qo‘yishadi?

Fermer hosilini klasterga topshirishi kerak deb, paxtasini olib qo‘yishyapti. Yo‘l harakati xavfsizligi guruh katta inspektorining telefon orqali murojaati asos qilinibdi. Aslida aynan shu xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanishi kerak. Nega bu xodim qoidalarga rioya qilgan, barcha tashuv hujjatlariga ega bo‘lgan yukni sababsiz to‘xtatib turib, agroinspeksiyaga xabar beradi?

Bu – bevosita tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik hisoblanadi. Axir bu O‘zbekiston iqtisodiyoti to‘g‘risidagi qarashlarga putur yetkazadi.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Tahririyatdan: Kun.uz respublika bo‘ylab erkin fermerlarning kooperativlarga uyushish huquqi toptalayotgani, bu jarayonda qonunlar buzilayotganini yoritib kelmoqda. Lekin bu borada yuqoridan hech bir munosabat bo‘layotgani yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: