Germaniya Ukrainaga yana yettita Gepard qurilmasini yetkazib beradi

Jahon 15:51 / 02.12.2022 8483

Germaniya Ukrainaga yana yettita Gepard o‘ziyurar zenit qurilmasi va 100 ming dona shaxsiy tibbiy yordam to‘plamini yetkazib beradi. Bu Germaniya hukumati tomonidan 1 dekabr, payshanba kuni e’lon qilingan yetkazib beriladigan buyumlar ro‘yxatida belgilab qo‘yilgan.

Yangi yetkazib berish ro‘yxati «tayyorlash/bajarish» bo‘limida ko‘rsatilgan. Hukumat xavfsizlik nuqtayi nazaridan yordam haqiqiy uzatilgunga qadar tashish usullari va sanalari haqidagi tafsilotlarni e’lon qilishdan tiyilishini ta’kidladi. 

Der Spiegel ma’lumotlariga ko‘ra, utilizatsiya qilinishi rejalashtirilgan yettita Gepard o‘ziyurar zenit qurilmasi hozir Myunxenning Krauss-Maffei Wegmann (KMW) qurol kompaniyasi tomonidan ta’mirlanmoqda va ular bahorda Ukrainaga yetkazilishi kerak. Ayni paytda Ukraina Qurolli kuchlari tarkibida 30 ta shunday o‘ziyurar zenit qurilmasi mavjud, deya qayd etadi Reuters.

Bir kun avval Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Germaniya bayrog‘i va gepard tasviri tushirilgan tvitni joylashtirdi hamda shu tariqa yangi qurilmalar yetkazib berilishiga shama qilgan edi. 

Hukumat veb-saytidagi xuddi shu ro‘yxatdan ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan hafta Germaniya Ukrainaga uchta Beaver zirhli ko‘prigi, sakkizta yerusti uchuvchisiz uchog‘i, 12 ta chegara qo‘riqlash mashinasi, 4000 ta uyqu sumkasi, 30 ta tez tibbiy yordam mashinasi va MI-24 vertolyotlari uchun ehtiyot qismlarni topshirdi. 

Hammasi bo‘lib, yil boshidan beri federal hukumat Ukrainaga 1,9 milliard yevro miqdordagi harbiy tovarlar eksportini ma’qulladi. Bu miqdor mudofaa qurollarining ayrim yetkazib berishlarini o‘z ichiga olmaydi – yetkazib berishni tezlashtirish maqsadida ularga litsenziya berish jarayoni soddalashtirildi, deya ta’kidladi mamlakat vazirlar mahkamasi. 

Ko‘proq yangiliklar: