Finlandiya bosh vaziri: Yevropa AQShsiz yetarli darajada kuchli emas

Jahon 11:56 / 02.12.2022 7350

«Men siz bilan juda halol, rostgo‘y bo‘laman. Yevropa hozir yetarlicha kuchga ega emas. Qo‘shma Shtatlar bo‘lmasa, biz muammoga duch kelamiz», dedi Marin Avstraliyaga tashrifi chog‘ida Sidneydagi Loui instituti tahlil markazida so‘zlagan nutqida. 

Bosh vazirning AFP tomonidan keltirilgan so‘zlariga ko‘ra, Yevropaning o‘z mudofaa salohiyatini oshirish bilan birga, urushda g‘alaba qozonishi uchun Ukrainaga «kerak bo‘lgan hamma narsani» taqdim etish zarur. 

«Biz Yevropa mudofaa salohiyatini, Yevropa mudofaa sanoatini ham qurayotganimizga ishonch hosil qilishimiz va turli vaziyatlarni hal qila olishimizga o‘zimizda ishonch paydo bo‘lishiga erishishimiz kerak», dedi Marin.

Bundan oldin AQSh Davlat departamenti Finlandiyaga 323 million dollar (319 million yevro) miqdorida raketalar va turli xil qurollar sotishni ma’qullagandi. 

Endi bo‘lajak kelishuv Kongress tomonidan tasdiqlanishi kerak. Yetkazib berishlar orasida 40 dona AIM-9X Sidewinder Block II qisqa masofali boshqariladigan raketalar, ular uchun to‘rtta taktik boshqaruv bloki, 48 ta AGM-154 JSOW taktik raketalari, shuningdek, turli o‘quv va qo‘llab-quvvatlash uskunalari, ehtiyot qismlari bor.

Pentagonning ta’kidlashicha, ehtimoliy sotuv «AQShning tashqi siyosati va milliy xavfsizligini qo‘llab-quvvatlaydi», Finlandiyani "havo-havo" va "havo-yer" sinfidagi qurollar bilan kuchaytiradi, shuningdek, AQShning Skandinaviya mamlakatlari bilan munosabatlariga ijobiy ta’sir qiladi. 

Qurol sotuvi haqidagi e’lon Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida paydo bo‘ldi, bu Finlandiya va Shvetsiyani neytral mavqedan voz kechib, NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berishga undadi, deb yozadi AFP.

Ko‘proq yangiliklar: