Dunyoning eng qimmat shaharlari reytingi e’lon qilindi. Toshkent eng arzon shaharlar beshtaligida

Jahon 23:08 / 02.12.2022 23036

Economist Group’ning Economist Intelligence Unit tahliliy bo‘limi 2022 yildagi dunyoning yashash eng arzon va eng qimmat bo‘lgan shaharlari ro‘yxatini e’lon qildi

Tadqiqot mualliflari 172ta yirik shaharlardagi 200ta tovar va xizmatlarni AQSh dollarida taqqoslashdi. 2022 yilda ushbu shaharlardagi narxlar o‘rtacha 8,1 foizga qimmatlashgan. Mazkur ko‘rsatkich so‘nggi 22 yilda qayd etilgan inflatsiyaning eng yuqori darajasidir.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Nyu-York va Singapur dunyoning eng qimmat shaharlaridan biri  deb topildi. Nyu-York birinchi marta ushbu reytingda peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, Singapur oxirgi o‘n yil ichida sakkizinchi marta reytingning yuqori pog‘onasida qayd etilgan. Uchinchi o‘rinda o‘tgan yilda dunyoning eng qimmat shahri deb topilgan Isroilning Tel-Aviv shahri joylashgan.

Nyu-York bilan bir qatorda Los-Anjyeles va San-Fransisko ham eng qimmat shaharlar o‘ntaligiga kirgan. Shuningdek, AQShning yana 22ta shahri narxlarning tez o‘sishi va dollarning mustahkamlanishi fonida o‘tgan yilgiga nisbatan reytingda ko‘tarilgan. Ulardan oltitasi (Atlanta, Sharlotta, Indianapolis, San-Diyego, Portlend va Boston) reytingda eng katta sakrashni ko‘rsatgan o‘nta shahar qatoriga kirgan.

G‘arb sanksiyalari, kapital nazorati va importning cheklanishi tufayli Rossiyaning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida ham narxlar keskin qimmatlashgan va ular mos ravishda 88 va 70-pog‘onaga ko‘tarilgan va 37 va 73-o‘rinlarni egallagan.

Energetika inqirozi hamda yevro va boshqa mahalliy valutalar qiymatining pasayishi sababli Yevropaning aksariyat shaharlari reytingda pastlagan. Bu borada eng katta tushish Stokgolm, Lyuksemburg va Lion shaharlari bilan kuzatilgan. Mintaqada ko‘plab mahsulotlar narxi shiddat bilan oshmoqda. Xususan, o‘tgan bir yil davomida G‘arbiy Yevropa shaharlarida gaz va elektr energiyasi narxi milliy valutalarda 29 foizga qimmatlashgan, chunki mintaqa Rossiya energiyasidan voz kechishga harakat qilmoqda. Taqqoslash uchun, gaz va elektr energiyasi narxi tadqiqot davrida 11 foizga o‘sgan.

Global miqyosida eng sezilarli o‘sish transport sohasiga to‘g‘ri kelgan. Neft narxining oshishi fonida benzin narxi o‘rtacha 22 foizga qimmatlashgan.

Dastlabki o‘ntalikdagi eng qimmat shaharlar

  • Singapur;
  • Nyu-York;
  • Tel-Aviv;
  • Hongkong;
  • Los-Anjyeles;
  • Tsyurix;
  • Jyeneva;
  • San-Fransisko;
  • Parij;
  • Kopengagen;
  • Sidney.

Istanbul (Turkiya), Buenos-Ayres (Argentina) va Tehron (Eron) eng yuqori inflatsiya darajasidan aziyat chekayotgan shaharlar sifatida keltirilgan. Shunday bo‘lsa-da, tadqiqotchilar giperinflatsiyadan aziyat chekayotgan Venesuelaning Karakas shahrini istisno tariqasida ro‘yxatga qo‘shmagan. Bu shaharda yillik inflatsiya 132 foizni tashkil qilgan.

Damashq (Suriya), Tripoli (Liviya) va Tehron(Eron) esa eng arzon shaharlar sifatida qayd etilgan. Ushbu shaharlarda o‘tgan bir yil davomida mo‘’tadil inflatsiya kuzatilgan. Hisobotda qayd etilishicha, bu ushbu shaharlar joylashgan mamlakatlarning zaif iqtisodiyoti va valutalarini aks ettiradi.

Toshkent esa eng qimmat shaharlari reytingida o‘tgan yilga nisbatan o‘z o‘rnini biroz yaxshilagan holda 168-o‘rinni egallagan.

Dunyoning eng arzon shaharlari o‘ntaligi

  • Damashq;
  • Tripoli;
  • Tehron;
  • Tunis;
  • Toshkent;
  • Karachi;
  • Olmaota;
  • Ahmadobod;
  • Chennay;
  • Jazoir.

Hisobotda keltirilishicha, Ukrainadagi urush va davom etayotgan pandemiya cheklovlari  energiya va oziq-ovqat yetkazib berish zanjirida uzilishlar bo‘lishiga sabab bo‘lgan va narxlar oshishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.

The Economist prognozlariga ko‘ra, kelasi yil narxlar o‘sishi sekinlashishi kerak. Chunki foiz stavkalari pasayishi va global iqtisodiyotning sekinlashishi tufayli ba’zi mamlakatlarda narxlar tushishni boshlaydi. Agar Ukrainadagi urush avjiga chiqmasa, energiya, oziq-ovqat va materiallar uchun xomashyo narxlari 2023 yilda joriy yilgi darajaga nisbatan keskin tushib ketishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Umuman olganda, EIU global iste’mol narxlari inflatsiyasi keyingi yilda 6,5 foiz atrofida shakllanishini prognoz qilmoqda. 

 O‘zbekistonda yaxshi yashash uchun qancha mablag‘ kerak?

Dunyoning eng yirik onlayn ma’lumotlar bazasidan biri – Numbeo hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda 4 kishi bo‘lib yashaydigan oilalar ijara to‘lamasdan oyiga 1431,42 dollar sarflab yaxshi yashashi mumkin. Bir kishi uchun bu narx 394,10 dollarga aylanadi.

Qayd etilishicha, xarajatlarning 36,6 foizi do‘konlardan turli mahsulotlarni sotib olish, 25,3 foizi har oylik ijara, 14 foizi restoranlarda ovqatlanish, 10,1 foizi transport, 8,1 foizi esa sport va bo‘sh vaqtdagi mashg‘ulotlar uchun sarflanadi.

Ko‘proq yangiliklar: