Dauletmurat Tajimuratov Jo‘qorg‘i Kengesning oldingi va hozirgi raislarini sudga chaqirishni so‘radi

O‘zbekiston 08:05 / 02.12.2022 49332

1979 yilda tug‘ilgan, uyushgan guruh tashkil qilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining amaldagi hukumatini ag‘darib, o‘zini Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tayinlash maqsadida 1−2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirgan asosiy ayblanuvchi Dauletmurat Tajimuratov sudda ko‘rsatma berdi.

O‘z aybini oldingi sud majlisida qisman tan olgan D.Tajimuratov insonlar o‘limida hech qanday aybdorlik hissini tuymayotgani, sudlanuvchilar kursisida o‘tirganlarning aybi yo‘qligini ta’kidladi.

«Bo‘layotgan ishlarga qarab xulosa qilsam, hamma narsada biz aybdordek bo‘lib qolyapmiz. Go‘yoki davlatning hech narsada aybi yo‘qdek. Davlatning qonunlari to‘g‘ri ishlagandek... Bu siyosiy ish bugun, ertaga ko‘rib chiqilar, lekin hech qachon o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. Bularning bari tarixda qoladi, bir necha bor qayta ko‘rib chiqiladi», — dedi Dauletmurat Tajimuratov.

Ko‘rsatmasi avvalida u Qoraqalpog‘istondan kelgan sudya va prokurorlar mehmonxonalarga davlat hisobidan joylashtirilgani, advokatlar va sudlanuvchilarning yaqinlari cho‘ntagidan xarajat qilib kelganini ta’kidlab, ularga ham sharoit yaratilishi lozimligiga urg‘u berdi.

Shuningdek, fuqarolarga o‘q uzilgani holati bo‘yicha Mudofaa vazirligiga so‘rov jo‘natishni suddan iltimos qildi.

So‘rovda xalqning qo‘lida jangovar qurol, ov miltig‘i va boshqa qurollar bo‘lganda yoki odamlar qo‘lida jangovar qurol emas, sovuq qurol bo‘lganda ularga qarata jangovar qurol ishlatish mumkinligiga aniqlik kiritish so‘ralgan.

Dauletmurat Tajimuratov voqea ro‘y bergan kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan, ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay O‘rinbayevni sudda so‘roq qilishlarini so‘radi.

«Agar sud odil bo‘lsa, bu inson shu yerga kelib savollarga javob bersin. Xalq bu odamga ishonadi, gaplarini tasdiqlasin. Men unga ishonmayman», — dedi Tajimuratov.

Dauletmurat Tajimuratov shuningdek, voqea yuz bergan kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi lavozimini egallab turgan Murat Kamalovga ham savollari borligini aytdi.

Sudlanuvchi o‘zini tergov qilgan Toshxo‘jayev va Suxanovni ham sudga chaqirtirishning imkoni bo‘lmayotganini ta’kidladi.

U shuningdek, «Yel xizmatinde» gazetasi bosh muharriri Yesimxan Qanaatov, Ahmad Yoqub masjidi imomi O‘ralbay Do‘snazarovni ham sudga chaqirishni talab qildi.

Guvoh sifatida Murat Kamalovning haydovchisi Sultanbek Ziyayev, Qoraqalpog‘iston Davlat universiteti rektori Ahmat Reimov, Ulug‘bek Jalmenov, Jo‘qorg‘i Kenges qo‘mitasi rahbari Zuhra Reimovani ham sud zalida ko‘rish istagi borligini aytib o‘tdi.

Ayblov xulosasiga ko‘ra 1979 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, «Yel xyzmetinde» advokatlik byurosi advokati, ilgari «Yel xizmetinde» gazetasi bosh muharriri bo‘lib ishlagan Dauletmurat Tajimuratov Jinoyat kodeksining 28,104-moddasi (ishtirokchilikda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi «a» bandi, 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 3-qismi va 244 (1)-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «a», «b», «g» bandlarida ko‘rsatib o‘tilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Buxoro viloyat sudi binosida 2022 yil 1–2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi birinchi instansiya sudi tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Ye.Abibullayev raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: